MIRKARIM OSIM
(1907—1984)
O ’zbek sho’ro adabiyotining to’ng’ich avlodiga mansub Mirkarim Osim 1907 yilda Toshkentda, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1918 yildan «Shamsul urfon» nomli boshlang’ich maktabda o’qidi. 1921 yildan Alisher Navoiy nomidagi respublika bilim yurtida tahsil ko’rdi. Do’stlari Oybek va H. Yoqubovlar bilan bu texnikumda adabiyot-san’at turlarini o’rgandi.
1926 yilda esa Moskva Davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o’dib, uni 1930 yilda tugalladi. Samarqandda o’qituvchilar tayyorlash kursida, 1932 yilda O’zbekiston Maorif Xalq komissarligi, Pedagogika ilmiy-tadqiqot ilmgohida ishladi.
Boshda she’rlar yozdi. Tarix fanidan qo’llanma, tavsiya, darsliklar yaratdi. 1940 yilda Ulug’ Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida «Astrobod», «Alisher Navoiy a Darvishali», «Badarg’a», «Navoiyning xislatlari», «Ulug’bek va Navoiy» singari hikoya va tarixiy qissalar yoza boshladi. Adib bir umr tarixiy qissalar yozish bilan mashg’ul bo’lib, yangi-yangi avlodlarni o’tmish va uning ilg’or shaxslariga nisbatan muhabbat ruhida tarbiyaladi. Vatanparvarlik, insonparvarlik g’oyalarini ulug’ladi.
Tarixchi adibning asarlarini davriy jihatdan uch guruhga ajratish mumkin:
1. Tariximizning qadimgi davrlari haqida hikoyalar (Makedonskiy, arab xalifasi, Eron shohlari bosqini).
2. O’rta asrlar tarixidan hikoya qiluvchi asarlar (Mo’g’ullar istilosi va fan, madaniyat arboblari haqida tarjimai hol, qissa va hikoyalari).
3. XVIII asrdan to Oktyabr to’ntarishiga qadar bo’lgan davr tarixiy hayoti haqidagi asarlar.
Ayni paytda Mirkarim Osim asarlarini uch katta mavzu yo’nalishi bo’yicha tahlil qilish, baholash mumkin:
1. Tarixiy qahramonlik mavzuidagi asarlar.
2. Tarixiy-maishiy mavzu.
3. Tarixiy tarjimai hol asarlari.
Qahramonlik mavzuiga ijodkorning «O’tror», «To’maris», «Temur Malik», «Aleksandr va Spitamen» kabi asarlarini kiritish mumkin.
Maishiy mavzudagilarga «Mohlar oyim va Xonposhsha», «Karvon qo’ng’irog’i», «Elchilar» kabi asarlar kiradi.
Tarjimai hol tarixiy asarlarining namunalari qilib tarixchi adibning «Zulmat ichra nur» (Navoiy), «Jayhun ustida bulutlar» (Beruniy), «Ibn Sino qissasi», «Aljabrning tug’ilishi» (Al-Xorazmiy), «Singan setor» (Mashrab) kabi qissalarini ko’rsatish mumkin.
Mirkarim Osim 50-yillar Stalin qatag’onining begunoh ma’naviy qurbonlaridan biridir. Uning vatanparvarlik, millatparvarlik, o’tmish tarixga muhabbat ruhidagi asarlari o’z muallifiga qaro kunlar olib keldi. Adib ko’p yillar sho’ro rejimining azoblarini chekdi.
60 yillarda vatanga qaytgan san’atkor tarixiy asarlar yozishda, tarjimai hol ishi bilan shug’ullanishda davom etadi. Adabiy nashriyotlarda kichik adabiy xodim vazifalarida ishladi.
Mirkarim Osim tarixchi adiblar orasida asl manbani buzmay, qayta badiiy jonlantirishi bilan ajralib turadi. Uning asarlari 70-80-90-yillar tarixiy adiblari uchun asosiy manba vazifasini o’tadi.
Mirkarim Osim keyingi avlod yozuvchilari uchun ko’prik vazifasini o’tagan ijodkorlardandir. Bugungi kunning mashhur va tanilib kelayotgan tarixchi adiblari Mirkarim Osimni o’zlarining ustozlari deb biladilar.
Tarixchi adib 70 yilligi munosabati bilan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi unvoni berilgan. U 1984 yilda vafot etdi.
Dostları ilə paylaş: |