Hasharotlar. Hasharotlar umurtqasiz jonivorlar ichida don va don mahsulotlariga eng ko’p zarar keltiradi. Hozirgi kunda dunyo bo’yicha hasharotlarning millionlab turlari mavjud bo’lib, ular zoologiya kursida batafsil o’rganilib, bitta sinf – Insecta ga birlashtiriladi. Don zaxirasiga ziyon yetkazadigan zararkunandalar ichida eng salmoqlisi bu hasharotlardir. Hozirgi kunda hasharotlarning milliondan ortiq turi aniqlangan bo’lib, ularning barchasi Ensecta sinfiga mansubdir.
Hasharotlar turli-tuman tuzilishga, shakl va kattalikka ega. Umuman olganda, tuzilishi jihatdan hasharotlarni uch qismga ajratish mumkin: bosh qismi, ko’krak va qorin qismi. Hasharotlar o’zlarining barcha xossa xususiyatlari yuzasidan sinflar, sinfchalar, oilalar va boshqa bo’limlarga ajratiladi. Don zaxirasining barcha zararkunanda hasharotlari qattiq qanotlilar, qo’ng’izlar va parda qanotlilar yoki kapalaklar guruhiga mansubdir.
Ma’lumki barcha hasharotlar jinsli hisoblanadi. Ularning erkak va urg’ochilari bir-biridan katta-kichikligi, shakli, rangi va boshqa belgilari bilan yaqqol ajralib turadi. Hasharotlarning barchasi tuxum qo’yish orqali ko’payadi. Urg’ochi hasharotlar otalangandan so’ng turiga bog’liq holda bitta, ikkita yoki to’p-to’p qilib tuxum qo’yadi. Odatda hasharotlar tuxumini ozuqa ichiga yoki unga yaqin bo’lgan joyga qo’yadi, negaki undan chiqqan lichinka mana shu ozuqa bilan ovqatlanadi. Bundan tashqari, ko’pgina tur urg’ochi hasharotlar tuxumlarini tashqi xavflardan (harorat, namlik, yirtqich hasharotlar va b.q) himoya qilish maqsadida maxsus suyuqlik bilan himoyalaydi yoki don ichiga berkitib qo’yadi. Tuxumlar hasharotlarning turiga bog’liq holda turli rang, shakl va kattalikda bo’ladi. Shuningdek turli vaqt oralig’ida undan lichinkasi chiqadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalarning rivojlanishi ikki xil bo’ladi: to’liq bo’lmagan va to’liq. To’liq bo’lmagan rivojlanishda hasharotlar uch bosqichni bosib o’tadi: tuxum, lichinka va yetuk hasharot.
Bunda tuxumdan chiqqan lichinka ko’rinishi jihatdan ota-onasiga o’xshab ketadi, faqat unda qanotlar bo’lmaydi va shakli kichik bo’ladi.
Rivojlanishi davomida unda asta-sekin qanot hosil bo’ladi. Lichinkaligining oxirgi davridagi po’st tashlashi bilan yetuk hasharotga aylanadi. Bunday ko’payuvchi hasharotlarga tripslar, dala qandalalari, pichanxo’rlarni misol qilib olish mumkin.
Hasharotlarning to’liq rivojlanishida to’rtta bosqich mavjud: tuxum, lichinka, g’umbak va yetuk hasharot. Tuxumdan chiqqan lichinka ota-onasiga umuman o’xshamaydi, ya’ni chuvalchangsimon ko’rinishda bo’ladi. Ular o’sish va rivojlanish davrida kuchli ozuqlanadilar.
Lichinkaligining oxirgi davrida o’ziga qulay joy qidirishadi, chunki g’umbaklikka o’tishi bilan ular harakatdan to’xtaydilar. Ko’pgina hasharotlar g’umbaklikka o’tish davrida o’zlariga boshpana yasab oladilar, ba’zilari belanchak,ba’zilari esa pillaga o’ralib oladilar.
G’umbaklikka o’tishda ularning tanasi kichrayadi, ko’krak qismi esa qalinlashuvi kuzatiladi, so’ngra g’umbak ichida uning asosiy organlari shakllana boshlaydi.
Yetuk hasharotga aylangach, ular tashqi qobiqni yorib chiqadi va tarqaladi. Dastavval g’umbakdan chiqqan hasharotning qanotlari yorqin rangda va yumshoq bo’ladi. Biroz muddat o’tgach kattalashadi va rangi to’qroq tusga kiradi.
Qo’ng’izlar qulay sharoitda tez ko’payish xususiyatiga ega. Urg’ochi qo’ngizlar mahsuldor bo’lgandan keyin don zaxirasiga, qoplarga, yog’ochlarga va boshqa joylarga tuxum qo’yadilar. Ba’zi turlari don ichini kovlab, shu yerga tuxum qo’yadi. Tuxumdan lichinkalar chiqadi. Chiqqan lichinkalar juda ham ozuqaxo’rlik xususiyatiga ega bo’lib, o’zining rivojlanishi davrida kuchli ozuqlanadi. Ko’pgina qo’ngizlarning lichinkalari chuvalchangsimon bo’ladi va ko’kragida uch juft oyoqlari bo’ladi. Qo’ng’izlar donga katta zarar yetkazadi. Ular donni o’suvchi qismini ham zararlab, donning unuvchanlik darajasini pasaytiradi. Shuningdek donni o’zining eksperimentlari g’umbaklari, lichinkalari va boshqa chiqindilari bilan ifloslantirib yuboradi. Don zaxirasi qo’ng’izlarining bir necha yuz ming turlari mavjud. Ular don elevatorlarida va don omborlarida keng tarqalgan bo’lib, don zaxirasiga kuchli ziyon yetkazadi. Shularning ba’zi bir turlari bilan quyida tanishib chiqamiz:
Uzunburunlar (Sitophilus granarius L).
Bu oilaga kiruvchi qo’ng’izlarning boshi cho’zinchoq trubasimon bo’ladi. Mana shu uzunchoq qismi tumshuq deb ataladi. Ularda mana shu uzun tumshuq bo’lganligi sababli uzun tumshuqlar yoki filchalar deb ataladi. Don zaxirasida bu turga kiruvchi hasharotlardan ombor, sholi, makkajo’xori uzun tumshuqlari ko’p uchraydi.