2.1.4. Onomastik konversiya usuli bilan yasalgan oykonimlar Tilning ahamiyati va vazifasi xususida gap borar ekan , doimo so’zlar , so’z ma’nolari , so’zlarning o’zaro birikuvi , tilning yangi so’zlar bilan boyib borishi haqida so’z yuritamiz. Ammo til o’zaro aloqa quroli bo’lishdek ijtimoiy vazifani bajarar ekan, o’ziga xos qonuniyatlarga amal qiladi. Shuni alohida aytish kerakki, til keraksiz narsalarni ushlab turmaydi va ulardan voz kechadi. Shuningdek, til o’z imkoniyatlarini ishga solishda ham ma’lum qoidalarga bo’ysunadi . Mana shulardan biri til iqtisodi, nutqiy iqtisod qonunidir.
Til iqtisodi qonunining yuzaga chiqish usullari turlichadir. Ammo eng muhimi bu bitta lisoniy birlik (shakl) , vositaning birdan ortiq vazifada ishlatilishidir. Aslida bu xususiyat tilning betakror mo’jizasi bo’lib , bunga ko’ra obyektiv olamda mavjud bo’lgan har biri alohida narsa , tushuncha uchun alohida alohida so’zlar, nomlar yaratavermaydi. Balki bir tip , bir guruhga mansub narsalarni umumlashtirib nomlaydi . masalan , cho’l va ko’l so’zlari o’sha tushuncha doirasiga kiruvchi har qanday cho’l va ko’lning umumiy nomidir.
Qadimiy davrlardayoq kishilar ba’zi yakka narsa va obyektlarni bir biridan farqlashga majbur bo’lishgan. Buni kundalik hayotning o’zi talab qilgan. Buning natijasida yakka tarzda olinga tushunchalar nomi hisoblangan atoqli otlar paydo bo’lgan. Atoqli otlarni yaratish uchun esa tildagi mavjud leksika takroran foydalanilgan: Qora tog’ , Tovontepa, Qirhovut kabi. Bu holat esa til tizimini atoqli otlik vazifasini bajaruvchi necha minglab yangi so’zlarni yaratish qiyinchiligidan xalos etgan. Bu tilning iqtisodiy ko’rinishlaridan biridir.
Tilda navbatdagi , ikkinchi qonuniyat ham yuzaga kelgan . ba’zi obyektlarni nomlash uchun tilda mavjud bo’lgan atoqli otlar takroran qo’llangan. Uchquduq ( shahar) , Uchquduq ( quduq) , Uchquduq (mahalla) ko’rinishida. Bu ham tilning iqtisodiy ko’rinishlaridan biri hisoblanadi.
Bir obyekt atoqli otini ikkinchi yoki yana bir obyektni nomlash uchun ko’chirish onomastik tizimda keng tarqalgan usuldir. Atoqli otlarning vazifaviy jihatdan mana shunday ko’chishini A.V.Superanskaya o’zining ishlarida onomastik konversiya16 deb nomlagan.
So’zlarning nominatsion , ya’ni funksional ko’chishi tildagi keng tarqalgan hodisa bo’lib , bunda bir so’z turkumiga mansub leksemaning boshqa so’z turkumi vazifasiga ko’chishi nazarda tutiladi. Lekin ushbu jarayon shunchaki almashinish emas , balki yangi so’z yasash usullaridan biri deb qaraladi:
Konversiya ( lotincha conversio aylanish , o’zgarish ) so’zning fonetik va morfologik jihatdan o’zgarmay , bir so’z turkumidan boshqa bir so’z turkumiga o’tishi. Shu yo’l orqali yangi bir so’z hosil bo’lishi 17.
Konversiya biror lug’aviy asosni so’z hosil qilishning boshqa paradigmasiga o’tkazib , yangi so’z yasashdir 18.
Konversiya so’z yasalishiga doir adabiyotlarda bugungi kunga qadar so’z yasashning leksik semantik usuli yoki leksik grammatik usuli deb yuritiladi. Oddiy so’zlar , ya’ni turdosh leksikaning konversiya usulida yasalishini atoqli otlarning shu usulda yasalishidan faqrlash maqsadida atoqli otlar tizimidagi konversiya onomastik konversiya deb yuritiladi.
Onomastik konversiya atoqli ot yasashda o’zbek tilida avvaldan tayyor so’z shakllari atoqli ot vazifasiga ko’chadi. Masalan , anna , baroq etnonimlari , Xayrbek , Shomurod antrotoponimlar shu holatda Anna , Baroq (qq) , Xayrbek , Shomurod (qq) shaklida joy nomi toponimga o’tadi. Atoqli ot vazifasiga o’tayotgan leksema turdosh leksika yoki atoqli ot bo’lishi ham mumkin. Atoqli otning qanday lug’aviy negizdan yasalayotgani , albatta , farq qiladi. Turdosh so’zning atoqli otga ko’chishi birinchi bosqich konversiya bo’lsa , atoqli otning boshqa atoqli ot vazifasiga o’tishi ikkinchi bosqich konversiya ( Sovuqbuloq qq., buloq ; Boymat qq., koriz ; Bel qq., tog’ ) yoki uchinchi bosqich konversiya ( Boshputov soy, yaylov, dara; Jaylovsoy qq, g’or, soy ) hisoblanadi . Onomastik tizimda hatto to’rtinchi bosqich va undan ortiq bosqichli konversiyalar ham mavjud.
Xorazm etnotoponimlari tadqiqotchisi A. Otojonova toponimlar yasalishining konversiya usulini ikkiga bo’ladi :
Ichki konversiya;
Tashqi konversiya.
Ichki konversiya onomastika tizimining o’z ichida yangi nom yasash jarayoni bo’lib, unda atoqli otlarning turli xil ko’rinishlari toponimlik vazifaga o’tadi.
Nurota toponimiyasida ushbu jarayonning quyidagi ko’rinishlari mavjud :
Etnonim toponimga o’tadi : Baroq, Jilontamg’ali , Oltibek , Turkmanariq, Urganji va b.
Antrotoponimlar toponimga o’tadi : Boymat , Burliboy , Shomurodqishloq , Sultonkoriz , Zulqarnayn , Xasanota va b.
Toponimlar toponimga o’tadi , ya’ni topotoponimlar yuzaga keladi : Urganji (k), O’zbekiston (k) va b.
Toponimlar etnonimga o’tadi va undan toponim hosil bo’ladi : urganji , oqtuyali , jilontamg’ali , ko’lobi (mh) va b.
Turdosh leksikadan toponimlarning yasalishi , ya’ni apellyativ leksikaning joy nomi funksiyasiga o’tishi tashqi konversiya hisoblanadi.