III.BOB. Daryolarning morfometrik ko‘rsatkichlarini aniqlash Yer sirtiga yoqqan yog‘inlar-qor, yomg‘irdan hosil bo‘lgan suvlar birdaniga daryo o‘zaniga quyilmaydi. Ular dastlab yonbag‘irlarda yuza oqimlar, jilg‘alar ko‘rinishida harakatlanadi. Jilg‘alar birga qo‘shilib, vaqtinchali yoki doimiy oqib turuvchi soylar, kichik daryolarni hosil qiladi. O‘z navbatida soylar, kichik daryolarning qo‘shilishidan doimiy suv oqadigan daryolar hosil bo‘ladi. Daryolarga yer osti hamda erigan muzliklar suvlarining qo‘shilishi ularning suvliligini yanada orttiradi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib, daryolarga quyidagicha ta’rif berish mumkin: daryo deb, havzaga yoqqan yog‘inlardan hosil bo‘lgan yer usti va yer osti suvlari hisobiga to‘yinib, tabiiy o‘zanda oquvchi suv massalariga aytiladi. Daryolar okeanlar, dengizlar yoki ko‘llarga kelib quyiladi. Ayrim hollarda ularga yetib bormasligi ham mumkin. O‘z suvini okeanlarga, dengizlarga va ko‘llarga quyadigan daryolar bosh daryo hisoblanadi. Bosh daryoga quyiladigan daryolar esa uningirmoqlari bo‘ladi.
Bosh daryo va uning irmoqlari birgalikda daryo sistemasini tashkil etadi.
Daryolar ko‘pchilik hollarda ko‘llardan, buloqlardan, botqoqliklardan, muzliklardan, doimiy qorliklardan boshlanadi. Ma’lum bir hududdagi daryolar, ularning irmoqlari, buloqlar, ko‘llar, botqoqliklar, muzliklar, doimiy qorliklar shu hududning gidrografik to‘rini hosil qiladi. Demak, daryo sistemasi gidrografik to‘rning bir qismidir.
Yer sirtiga yoqqan yog‘inlardan hosil bo‘lgan suvni ikki qaramaqarshi yo‘nalishdagi yonbag‘irlar bo‘yicha taqsimlaydigan eng baland nuqtalar o‘rni suvayirg‘ich chizig‘ini hosil qiladi. Yer kurrasining quruqlik qismiga yoqqan yog‘inlardan hosil bo‘lgan yuza suvlarni jahon suvayirg‘ich chizig‘i quyidagi ikki yo‘nalishda taqsimlaydi:
1. TinchHind okeanlari yo‘nalishida; 2. AtlantikaShimoliy Muz okeanlari yo‘nalishida. Jahon suvayirg‘ich chizig‘idan tashqari nisbatan kichik o‘lchamlardagi quyidagi suvayirg‘ichlar mavjud: