I.BOB. DARYOLAR HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT Yer sirtiga yoqqan yog‘inlarqor, yomg‘irdan hosil bo‘lgan suvlar birdaniga daryo o‘zaniga quyilmaydi. Ular dastlab yonbag‘irlarda yuza oqimlar, jilg‘alar ko‘rinishida harakatlanadi. Jilg‘alar birga qo‘shilib, vaqtinchali yoki doimiy oqib turuvchi soylar, kichik daryolarni hosil qiladi. O‘z navbatida soylar, kichik daryolarning qo‘shilishidan doimiy suv oqadigan daryolar hosil bo‘ladi. Daryolarga yer osti suvlarining qo‘shilishi ularning suvliligini yanada orttiradi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib, daryolarga quyidagicha ta’rif berish mumkin: daryo deb, havzaga yoqqan yog‘inlardan hosil bo‘lgan yer usti va yer osti suvlari hisobiga to‘yinib, tabiiy o‘zanda oquvchi suv massalariga aytiladi
1.1. Daryo sistemasi, gidrografik to‘r Daryolar suvi okeanlar, dengizlar yoki ko‘llarga kelib quyiladi. Ayrim hollarda esa turli sabablarga ko‘ra daryo suvi kamayib ketishi natijasida, ularga yetib bormasligi mumkin. O‘z suvini okeanlarga, dengizlarga va ko‘llarga quyadigan daryolar bosh daryo deyiladi. Bosh daryolar qanday suv havzasiga quyilishiga bog‘liq holda ikki guruhga bo‘linadi:
1. Okean daryolaribunday daryolar okean yoki okean bilan tutash bo‘lgan dengizlarga quyiladi. Masalan, Amazonka, Amur, Don, Dunay, Lena, Nil va hokazo.
2. Kontinent daryolariberk havzalardagi dengiz yoki ko‘llarga quyiladi yoki ulargacha yetib bormasligi mumkin. Masalan, Amudaryo, Sirdaryo, Volga, Ural va boshqalar.
Bosh daryoga quyiladigan daryolar uning irmoqlari deyiladi.
Irmoqlar bosh daryoga quyilishi holatiga qarab tartiblarga bo‘linadi. Bosh daryoga bevosita quyiladigan daryolar birinchi tartibli irmoqlar, birinchi tartibli irmoqlarga quyiladiganlari esa ikkinchi tartibli irmoqlar deyiladi va hokazo (8rasm).
Amerikalik gidrologolim Xorton daryo irmoqlarini tasniflashni boshqacha tizimini taklif qilgan. U taklif etgan tasnif bo‘yicha birinchi tartibli irmoq sifatida boshlang‘ich jilg‘a qabul qilinadi. Ana shu boshlang‘ich jilg‘a borib quyiladigan soy ikkinchi tartibli irmoq deb yuritiladi. Demak, mazkur tasnifda bosh daryo eng oxirgi raqamli tartibga ega bo‘ladi.
Bosh daryo va uning irmoqlari birgalikda qo‘shilib, daryo sistemasini tashkil etadi.
Daryolar ko‘pchilik hollarda ko‘llardan, buloqlardan, botqoqliklardan, muzliklardan, doimiy qorliklardan boshlanadi. Ma’lum bir hududdagi daryolar, ularning irmoqlari, buloqlar, ko‘llar, botqoqliklar, muzliklar, doimiy qorliklar shu hududning gidrografik to‘rini hosil qiladi. Demak, daryo sistemasi gidrografik to‘rning bir qismidir.