Mavzuning o’rganilganlik darajasi. Ahmad al-Farg’oniy ijodi I.Yu.Krachkovskiy, Qori Niyoziy, H.Hasanov, A.Ahmedov, M.Xayrullayev, A.Nosirov, X.Hikmatullayev, A.Qayumov, B.Abduhalimov va boshqalarning ilmiy ishlarida tilga olinadi.
Kurs ishining maqsad va vazifalari: Kurs ishining maqsadi Ahmad al-Farg’oniy hayoti va ilmiy faoliyatini o’rganishdan iborat. Maqsaddan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilandi:
Ahmad al-Farg’oniy tabiiy va ilmiy qarashlarining falsafiy tahlili ko’rsatib berildi.
Olim dunyoqarashiga ta’sir ko’rsatgan g’oyaviy ta’sirlar o’rganildi. Qur’ondagi ko’pgina oyatlar olim dunyoqarashiga ta’sir ko’rsatgan. Jumladan, yunon olimlaridan Arastu, Klavdey Ptolomey, Batlimus asarlarini o’rgandi. Olim mazkur olimlarning asarlarini ilmiy o’rganib, tahlil etib, tanqid ham qilgan. Ahmad al-Farg’oniy qadumgi yunon olimlari amalga oshira olmagan kashfiyotlarni amalga oshirdi.
Ahmad al-Farg’oniy tabiatshunoslik falsafasiga katta hissa qo’shganligi, uning rivojlanishiga o’z bilimlari bilan hissa qoshib boyitgani ochib berildi. Yerning tuzilishi, eralar haqidagi ta’limotlari tabiatshunoslik falsafasiga qo’shgan hissasida ko’rinib turibdi.
Kurs ishining obyekti va predmeti. VIII –IX asrlarda Markaziy Osiyoda ijtimoiy-madaniy muhit, Ahmad al-Farg’oniyning hayoti va ijodi kurs ishining ob’ekti hisoblanadi. Ishning predmetini Ahmad al-Farg’oniy ilmiy merosi, tabiiy va ilmiy qarashlari tashkil etadi.
Kurs ishining tuzilishi va hajmi: Kurs ishi kirish, ikki bob, 4 ta paragraf, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan tashkil topgan bo’lib, umumiy hajmi 52 sahifadan iborat.
I bob. VIII va IX asrlarda Movaronnahrda ijtimoiy-madaniy hayot
1.1. VIII va IX asrlarda Movaronnahrdagi ilmiy muhit.
O’rta Osiyo arablar tomonidan istilo qilinganidan bir asr keyin yangi madaniyat shakllana boshladi, uning gullab-yashnash davri IX-XII asrlarga to’g’ri keladi. Uning barcha sohalarida dastlab arab islom madaniyatining kuchli ta’siri, shuningdek, arab va mahalliy an’analarning o’zaro ta’siri ham sezilar edi. Mafkura sifatida faqat islom, ilm va ilohiyot tili hukmron edi3.
Movarounnahr va, jumladan, Farg’ona Arab xalifaligi tarkibiga kirganidan so’ng bu yerlarda xalqning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida biror muddat turg’unlik yuz beradi. Bu yerda kushonlar davridayoq boshlangan feodallashish jarayoni arab fathi davrida biroz to’xtab qoladi. Bu davrda xalifalikning markaziy qismlari – Iroq, Suriya va Misrda feodal munosabatlar jadal rivojlanadi. VII asr boshida arab jamiyati hali ijtimoiy tuzumning qabila-urug’chilik bosqichida turgan bo’lsa, markazlashgan yagona xalifalik shakllanishi bilan xalifalikning ilg’or viloyatlarining xo’jalik, iqtisodiy va madaniy yutuqlarini o’zlashtirish natijasida u feodal munosabatlarga to’laqonli ravishda kirishadi. Shunga ko’ra VIII asr o’rtalarida xalifalikning markaziy viloyatlarida feodalizm Movarounnahrdagiga nisbatan ancha yuqori pog’onaga ko’tarilgan edi. Lekin xalifalikning yagona iqtisodiy doirasiga kirish, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining rivojlanishi, xalifalikning boshqa viloyatlari bilan faol savdo munosabatlari olib borish natijasida VII asr oxirlaridan shaharlar rivojlanib va ishlab chiqarish kuchlari taraqqiy topib, Markaziy Osiyo hududida ham, xalifalikning boshqa yerlaridagi kabi taraqqiy etgan feodalizm bosqichi boshlanadi. Markaziy Osiyoning boshqa yerlaridagi kabi, Farg’onada ham fan va madaniyat yangi tarixiy sharoitda taraqqiy etadi. IX asrda butun xalifalikda fan va madaniyatning qudratli rivojlanishi yuz beradi. Markaziy Osiyo xalqlari ham bu jarayonda xalifalikning boshqa xalqlari kabi faol ishtirok etadilar. Bu payt xalifalik tarkibiga kirgan xalqlar “islom madaniyati”, deb ataladigan, lekin aslida turli xalqlar madaniyatlarining o’zaro singishi natijasida yuzaga kelgan yagona madaniy harakatning qatnashchilari bo’lib qoldilar. Ilm-fan sohasida ham jonli hamkorlik o’rnatiladi. Xalifalikda fan va madaniyat sohasida qudratli to’lqin ko’p jihatdan, o’sha davrda boy ilmiy iboralar bilan sug’orilgan arab tili yagona siyosiy va ilmiy tilga aylandi. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy o’zining “Saydana”sida quyidagicha sermazmun so’zlarni aytgan: “Arablar tiliga butun dunyo mamlakatlarining ilmlari ag’darilgan: ular bezalib , qalblarga yoqadigan bo’ldi, ulardan tilning ko’rki ortib, tomirlarga yoyildi” havola. Turli xalqlar vakillari o’z ilmiy asarlarini arab tilida yozganlar. Markaziy Osiyolik barcha olimlar qatorida al-Farg’oniy ham asarlarini shu tilda yozgan.
Fikrimizcha, IX-XI asrlar musulmon fani va madaniyati tarixida katta yutuqlar va muhim ilmiy kashfiyotlar davri bo’lganligidan, bu davrni ba’zi tadqiqotchilar Sharq fani va madaniyatining “oltin davri” deb e’tirof etadilar o’sha davrda arab xalifaligi tarkibiga kirgan Movarounnahr va Xuroson mintaqasi va yuz bergan madaniy-ma’rifiy yuksalishni ta’minlovchi va harakatlantiruvchi asosiy kuchlardan biri edi. Bu xulosa, birinchi navbatda, bu ilmiy yuksalishda ishtirok etgan mutafakkirlarning asosiy qismi ushbu zamin farzandlari bo’lgani bilan izohlanadi.
Ko’p yillik uzviy ilmiy va madaniy hamkorlik xalifalikning turli mintaqalari xalqlariga turlicha ta’sir o’tkazdi. Agar xalifalikning Iroq, Suriya, Misr va Mag’rib mamlakatlari kabi markaziy va g’arbiy yerlarida madaniy va milliy assimilatsiya yuz berib, natijada bu mamlakatlarning aholisi arablashgan bo’lsa, Markaziy Osiyo, Eron va Kavkaz xalqlari bu assimilatsiyaga berilmadilar. Aksincha, ular boshqa xalqlar bilan arab tilida muloqot va hamkorlik qilib, dunyo madaniyati xazinasiga bebaho hissa qo’shdilar va shu bilan birga, milliy o’zliklarini saqlab qolib, o’z madaniyatlarini ham boyitdilar, bu esa keyinchalik ularga o’z ilmiy maktablarini rivojlantirishga va ilmiy izlanishning yangi istiqboli va yonalishlarini ixtiro qilishga imkon berdi.
Darhaqiqat, Xalifalikda islom dinining hukmronligi Arabiston yarim orolida ham, undan tashqarida ham ko’chmanchilarning o’troqlashuviga va mamlakatda shaharlashuv kuchayishiga obyektiv ravishda imkon yaratdi. Nemis sharqshunosi G.E.fon Gryunebaum ta’kidlaganidek, islom ko’chmanchilar orasida zuhur qilgan bo’lsa ham, o’troqlikni rag’batlantirdi, chunki, odatda, musulmon jamoasi o’z xizmatchilariga ega bo’lgan masjidlarga birikardi, jamoa esa o’z huquqiy masalalariga ega bo’lishi, bular esa o’z qonuniyatlariga amalga oshiruvchilarga ega bo’lishi kerak edi va hokazo. Arablar Suriya, Eron, Misr, Sug’d, Xorazm, Farg’ona va qadimgi madaniyatga ega bo’lgan boshqa mamlakatlarga kirib borish bilan ularda mavjud bo’lgan shahar turmush tarziga xos xususiyat va masalalarni, madaniyat elementlarini o’zlashtirdilar.
Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari xalqlari tarixida IX asr maxsus o’rin tutadi. U turli fanlarning, ayniqsa, tibbiyot, matematika va astronomiyaning jo’shqin rivojlangan asri bo’ldi. To’qqizta hind raqami va sifr(nol) belgisiga asoslangan o’nlik hisoblash tizimi ixtiro qilinib, keng omma orasida singdirilishi xalqlar madaniyatida haqiqiy inqilobiy burulish yasadi. Shu ilmiy yangiliklarni kiritishda Muhammad al-Xorazmiyning xizmati juda katta bo’ldi. Astronomiya fanidan trigonometriya ajralib chiqadi va asosiy trigonometrik funksiyalar aniqlanadi.
Shuningdek, xuddi shu asrning o’zida ijtimoiy fanlar, ayniqsa, kalom (teologiya), tarixnavislik, tilshunoslik va shunga o’xshash fanlar sohasida ulkan odimlar tashlanadi. Bu sohada al-Farg’oniyning vatandoshi, islom dunyosining faxri bo’lmish Imom al-Buxoriy (810-870) nomini eslash zarur.
Xalifalikda tarjimonlik faoliyati ham keng ko’lamda rivojlanadi. VIII asrning 70-80-yillaridan boshlab qariyb 100 yil davomida Yevklid, Arximed, Aristotel, Apolloniy, Gippokrat, Galen, Ptolomey va boshqa yunon olimlarining asosiy asarlari hamda qator hindcha, forscha ilmiy asarlar tarjima qilindi.
Al-Farg’oniy davri bo’lmish VIII asr oxiri va IX asrni hamda uning atrof muhitini tavsiflash bilan birga o’sha davrning quyidagi xususiyatiga ahamiyat berish lozim. Bu davrda feodalizm katta odimlar bilan borganligi uchun obyektiv sharoit ishlab chiqarish kuchlarini takomillashtirishni va shu bilan bog’liq ravishda ishlab chiqarishni katta shaharlarda to’plashni taqoza qilar edi. Markaziy Osiyoda IX-X asrlarda shaharlarning soni ham, kattaligi ham ortib bordi. Ishlab chiqarish taraqqiyoti va shaharlashish kuchayishi bilan xalifalikning yirik shaharlarida doimiy bozorlar paydo bo’ldi. Buning oqibati sifatida ko’p tarmoqli hunarmandchilik ishlab chiqarishi paydo bo’lib, u nafaqat ichki talabni, balki tashqi talabni ham qondiradi; pul tizimi, quruqlik va dengiz orqali savdo rivojlanadi. Ana shu omillarning hammasi shaharlarning ulkanlashuviga olib keldi.4
Jumladan, ishlab chiqarish kuchlarining va shahar hunarmandchilik ishlab chiqarishining o’sishini fundamental va tatbiqiy fanlar sohasidagi tadqiqotlarni yo’lga qo’ymasdan va tashkil qilmasdan ta’minlab bo’lmas edi. Ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilishga obyektiv talab paydo bo’ldi. Xalifalar al-Mansur(754-775 yillar) va Horun ar-Rashid(786-809yillar) davrida ahvol tubdan o’zgardi. Aslida ana shu xalifalar davrida xalifalikda ma’rifat davri boshlanadi. Ilmiy ishlarning tashkil qiluvchisi va rahbari xalifa al-Ma’mun (813-833 yillar) edi, u xalifalik olimlarini “Baytul hikma” – “Donishmandlar uyi”ga birlashtirdi. Xalifa al-Ma’mun saroyida ko’plab Xuroson va Movarounnahrlik olimlar qanday qilib to’planib qolgani haqida faqat taxmin qilishadi. Lekin al-Farg’oniyning Muhammad al-Xorazmiy, Habash al-Hosib, Xolid al-Marvarrudiy kabi hamkasblari Marvdayoq al-Ma’mun homiyligida Xuroson , Movarounnahr va qo’shni yerlardan olimlarni to’plab, o’z tashkilotchiliklarini namoyish qilganliklari shubhasizdir.
“Yuksakish davri” madaniyatining o’ziga xos tomonlari mavjud bo’lib, ular quyidagilardan iborat edi:
Dunyoviy ma’rifatga intilish, bu yo’lda o’tmish va qo’shni mamlakatlarning madaniyati yutuqlaridan keng foydalanish, ayniqsa tabiiy-falsafiy, ijtimoiy ilmlarni rivojlantirish.
Tabiatga qiziqish, tabiatshunoslik ilmlarining rivoji, ratsionalizm, aql kuchiga ishonish, asosiy e’tiborni haqiqatni topishga qaratilgan fanlarga berish, haqiqatni inson tasavvuri, ilmining asosi, deb hisoblash.
Insonni ulug’lash, uning aqliy, tabiiy, badiiy, ma’naviy fazilatlarini asoslash, insonparvarlik, yuqori axloqiy qonun va qoidalarni namoyon etish, komil insonni tarbiyalashni maqsad qilib qo’yish.
Universallik – qomusiylik, barcha narsa bilan qiziqish bu davr madaniyatining muhim tomonlaridan biri edi.
Bu davr madaniyati umuminsoniy fazilatlar rivoji uchun xizmat qildi.
Dostları ilə paylaş: |