2.2 Ahmad al-Farg’oniyning tabiatshunoslik falsafasiga qo’shgan hissasi Ahmad al-Farg’oniy tabiatshunoslik falsafasiga ulkan hissa qo’shgan olimlardan. U tabiatshunoslik bilan bog’liq ko’p asarlar yaratgan.
Ahmad al-Farg’oniyning asosiy astronomik asari “Samoviy harakatlar va umumiy ilmu nujum” (“Kitobat al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum”). Asarning “Osmon kurra shaklida ekanligi va uning o’zidagi barcha yoritgichlar bilan birgalikda aylanishi kurraning aylanishiga o’xshashligi haqida”, deb ataluvchi ikkinchi bobida al-Farg’oniy bevosita astronomik masalalar bayoniga o’tadi.
Qadim-qadim zamonlardan boshlab odamlar Yerning shakli va kattaligini aniqlashga intilib kelganlar. Osmon jismlari haqida ham turlicha afsonaviy ertaklar yuzaga kelgan. Ba’zi xalqlarda osmondagi yulduzlar farishtalarning chiroqlari deb izohlansa, boshqa xalqlarda go’yo ular osmon gumbaziga qoqib qo’yilgan brilliantlar bo’lib, kechalari nur sochib turadi, deb tasavvur qilingan.
Bilamizki, bizlargacha yetib kelgan yozma manbalarning xabar qilishiga qaraganda miloddan oldingi VI asrda yashab ijod qilgan yunon olimi Pifagor Yer dumaloq shaklda bo’lsa kerak, deb taxmin qiladi. Eramizdan oldingi IV asrda yashagan yunonistonlik olim Arastu Yer aylanasining uzunligini o’lchab, 60 000 kmga teng deb aytadi, dengiz va okean suvlarining muvozanatda bo’lish sababini Yer shaklining sharsimonligi deb izohlaydi.
Beruniy buning sababini yerning shakli sharsimon bo’lishi bilan birga og’irlik kuchining hamma tomondanYer markaziga tomon yo’nalishi tufaylidir, deb izohlaydi; eramizdan oldingi asrlarda yashab ijod qilgan olimlardan Arximed, Parmenid, Suqrot, Aflotun, Aristarx kabi olimlar ham Yerning shaklini sharsimon deb bilganlar.
VIII-IX asrlarda Arabistonda ham Yer o’lchamlarini aniqlashga doir geodezik o’lchash ishlari olib borilgan. Bag’dod shahri sharqning siyosiy va madaniy markazi hisoblanib, bunda Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg’oniy kabi Sharqning mashhur olimlari yer kurrasining o’lchamlarini aniqlash ustida”Baytul-hikma”da ilmiy tadqiqotlar olib borishgan.
Yunon olimlarining asarlaridagi chalkashliklar al-Ma’munning o’lchash ishlari uyushtirilishiga sabab bo’ldi. Bu o’lchash ishlarida Ahmad al-Farg’oniy ham ishtirok etgan.
O’rta asrlarda islom astronomlari va umuman tabiatshunoslari ko’p jihatdan o’z davrlaridan ilg’orlab ketganlariga qaramay, olam tizilishi masalasida geotsentrizm doirasida qoldilar. Bu doiradan chiqish uchun boshqa ilmiy muhit va ijtimoiy sharoit yaratilishi kerak edi. Bunday muhit va sharoit bir muncha keyin Ovrupoda yuzaga keldi.
Al-Farg’oniy yashagan ilk o’rta asrlar davrida geotsentrizm hududida hali katta ilmiy yutuqlarga erishish mumkin bo’lmagan. U asarining to’rtinchi bobini “Yer kurrasi osmon kurrasining o’rtasida qo’zg’almas markaz kabi ekani, uning o’lchami osmon o’lchamiga nisbatan kichkina doiradek nuqta kabi ekani haqida” deb nomladi. So’ngra olim bu sarlavhaga chiqargan da’vosini aniq dalillar bilan isbotlaydi. U bunday yozadi:
“Yer osmonning o’rtasida turadi, deb qat’iy aytish mumkin.
Isbotlash uchun, keltirilgan dalillardan farqliroq, Yer osmonning o’rtasida emas deb, balki osmonning boshqa biror joyiga nisbatan yaqinroq vaziyatda bo’lsin, deb faraz qilaylik. Bunday holda osmonning o’sha joyiga eng yaqin bo’lgan tog’da yashovchilar doim osmonning faqat yarmisidan ozrog’ini ko’rishlari kerak edi. Xuddi shu singari, osmonning o’sha nuqtasidan eng uzoqdagi tog’li o’lkalardagi aholi doimo osmonning yarmisidan ko’prog’ini ko’rishlari kerak edi. Bu esa osmonning ko’rinishiga xilofdir, chunki Yerning barcha tomonidagi kishilarga osmondagi oltita burj abadiy ko’rinmaydi. Bu yerning osmonga nisbatan nuqtadek kichkina ekanini isbotlaydigan dalildir. Agar uning o’lchovi osmonga nisbatan katta bo’laganida edi, Yerdagilar doimo osmonning yarmisidan ozrog’ini ko’rar edilar.6 Yer osmonning o’rtasida bo’lgani uchun osmonni teng ikkiga bo’luvchi tekislik Yerning markazidan o’tadi, chunki bu markaz osmonning ham markazi bo’ladi. Shuning uchun yerdagilarga osmondagi narsalarning teng yarmisi ko’rinadi. Bu sezgi bilan aniqlanadiganga zid kelmaydi. Buning dalili shuki, ko’zimizdan o’tgan tekisli Yerning sirtida ham ufq bo’ylab yo’naladi bu tekislik bilan Yerning markazidan o’tuvchi tekislik orasida aytarli farq yo’q. shuningdek, yer markazi bilan sirti orasidagi masofa osmon o’lchamlariga nisbatan sezilarli miqdorda emas. Shuning uchun, haqiqatan ham Yer kurrasi, osmon kurrasiga nisbatan nuqtadek.
Bu so’zlardan so’ng, quyida turg’un yulduzlar orasidagi masofani tavsiflashda osmonda ko’rinuvchi eng kichik turg’un yulduz ham o’lchovi bo’yicha Yerdan katta ekanligini va eng kichik yulduzlar osmonda nuqtadek ko’rinishini aytamiz. Yerning jismi eng kichik yoritgichlar jismidanham kichkina bo’lgani uchun osmonning o’lchami oldida uning o’lchami hisobga olinmaslik darajada sezilarli emas.
Yer olamning o’rtasida, xuddi markazdek, uni hamma tomondan havo o’rab olgan. Osmon ham kurra singari havo bilan o’ralgan. Yerning o’lchami osmon o’lchamiga nisbatan kichkina doiradek, nuqtadir.”7 Al-Farg’oniy ushbu asarida qabul qilgan bayon qilish uslubi shu qadar sodda va ravshanki, bunda geometrik shakllar va hisoblashlarga hojat sezilmadi.
Shundan so’ng al-Farg’oniy o’zi tanlagan sodda usul bilan osmon sferasidagi eng asosiy doiralar tushunchasini, ya’ni hozirgi ibora bilan aytsak, ekliptik va ekvatorial koordinatlar tushunchasini kiritadi. Buni u “osmonning birinchi ikki harakati haqida ulardan biri butun olamning sharqdan g’arbga yo’nalgan harakati bo’lib, uning natijasida tun va kun ro’y beradi, ikkinchisi sayyoralarning harakati bo’lib, u ekliptika bo’ylab g’arbdan sharqqa yo’nalgan ko’rinadi” deb yozgan.
“Biz osmonning shakli va Yer haqida bayon qilganimizdan so’ng endi osmonning birinchi ko’rinma harakatlaridan hosil bo’ladigan narsalarga ham tatbiq etadi. Aytadiki, osmonda ko’rinadigan birinchi harakatlar ikkitadir. Ulardan birinchisi butun olam harakati bo’lib uning natijasida tun va kun ro’y beradi. Quyosh, Oy va barcha yoritgichlar kecha-kunduzda sharqdan g’arbga qarab to’la bir marta va bir xil holatda, ikkala qo’zg’almas qutb atrofida bir xil tezlikda aylanib chiqadi. Birinchi harakatning qutbidan biri – shimoldagisi shimoliy qutb , unga qarama-qarshi ikkinchisi – janubdagi janubiy qutb, deb ataladi. Yoritgichlar bu harakat bilan o’z parallel doiralari bo’ylab harakatlanadi, shu doiralardan eng kattasi osmon ekvatori deb ataladi. U birinchi harakat mintaqasi ham deyiladi, u osmon kurrasini teng ikki bo’lakka ajratadi. Mintaqaning har ikkala qutbdan masofasi aynan bir xil bo’ladi
Uning osmon ekvatori deyilishiga sabab , quyosh undan o’tayotganda yerning hamma joyida tun bilan kun tenglashadi. Ikkinchi harakat shuki, bunda Quyosh va yoritgichlar birinchi harakat yo’nalishiga qarama-qarshi o’laroq, g’arbdan sharqqa, birinchi harakat qutblaridan boshqa ikki juft qutblar atrofida harakatlanadi. Mana shu boshqa qutblardan barobar uzoqlikdagi katta doira ikkinchi harakat mintaqasi bo’lib, burjlar falaki o’rtasining doirasi deb ataladi. Bu Quyoshning g’arbdan sharqqa qarab o’ziga xos harakatida chizadigan doirasi bo’lib, u burjlar deb ataladigan o’n ikkita teng bo’lakka ajratiladi. Ularning ismlari: Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv, Hut. Har bir burj o’ttiz darajaga taqsimlanadi. U holda barcha doira uch yuz oltmish daraja bo’ladi. Har bir daraja oltmish daqiqadir.
Osmon falakida shimoldan janubga qarab yotuvchi uchinchi doira hosil bo’ladiki, u o’sha ikki doiraning qutblaridan o’tadi va bu ikkala doira qutblaridan o’tuvchi doira deb ataladi. U osmon ekvatorini ham, ekliptikani ham teng ikki qismga bo’ladi.
Haqiqatan, u ekliptika bilan ikkita shunday nuqtada kesishadiki, bu nuqtalar og’ish chegaralari bo’lib, ular ekvatorning har ikki – shimol va janub tomonidan ekvatordan teng masofada bo’ladilar. Shimoliy nuqta – yozgi Quyosh turish nuqtasi deb ataladi. U Saraton burjining boshida bo’ladi. Janubiy nuqta qishki Quyosh turish nuqtasi deyiladi va u Jadiyning boshida bo’ladi.
Shu qutblardan o’tuvchi doirada yotgan ikki Quyosh turish nuqtalarining har biri bilan ekvator orasidagi yoy ekliptikaning ekvatorga og’ishi miqdoridir. U, Ptolomey aniqlaganidek, agar uch yuz oltmish qismga bo’lingan bo’lsa, yigirma uch daraja va ellik bir daqiqaga teng bo’lgan.
Harakatlanuvchi yoritgichlar ekliptika qutblari atrofida g’arbdan sharqqa o’ziga xos tezlikda va barcha tebranishlar bilan aylanadi. Qolgan yoritgichlar sharqdan g’arbga birinchi tur harakatda bo’ladilar. Qutblardan o’tuvchi doira birinchi tur harakatni takrorlaydi. Ekvatorning qutblari birinchi tur harakatda qo’zg’almasdir, ya’ni harakatlanmaydi, ekliptikaning qutblari esa ekvator qutblari atrofida birinchi harakat bilan aylanadi va ularning ikkalasi ham ikkala orbita, ya’ni ekvator va ekliptika qutblaridan o’tgan doirada joylashadi ”.
Al-Farg’oniy talqinida osmonning birinchi, ya’ni g’arbiy harakati, aslida bu osmonning ko’rinma harakati bo’lib, Yerning haqiqiy aylanishiga ko’ra sodir bo’ladi. Osmonning ikkinchi – sharqiy harakati esa sayyoralarning qo’zg’almas yulduzlarga nisbatan ko’rinma harakati bo’lib, sayyoralarning harakatiga ko’ra sodir bo’ladi.8 Shunday qilib, Ahmad al-Farg’oniy tabiatshunoslik falsafasiga o’zining ilmiy tadqiqotlari bilan ulkan hissasini qo’shadi. Uning tabiiy va ilmiy qarashlari nihoyatda boydir.
Xulosa Xulosa qilib shuni aytish joizki, Ahmad al-Farg’oniyning shaxsiyati, ijodi, tabiiy ilmiy qarashlari va ularning falsafiy tahlilini tadqiq etib, uning ulug’ nomini xalqimizga yaqindan tanitish, amalga oshirgan ishlari, yutuqlari bilan faxrlanishimiz lozim. Al-Farg’oniy kabi buyuk bobokalonlarimizning nomlarini va asarlarini tiklashimiz milliy qadriyatlarimizni anglashda, o’zligimizni idrok etishimizda ibratli saboq bo’ladi. Bu esa, o’z navbatida, xalqaro hamjamiyatda o’zimizning munosib mavqeimizni egallashimizda muhim o’rin tutadi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning o’ziyoq mashhur al-Farg’oniyning haqiqatdan ham fan va madaniyat tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk olim ekanligini ko’rsatadi. Ilk o’rta asrlarda hali ko’p mamlakatlar va xalqlar qoloqlik va g’aflat uyqusida yotgan bir paytda, bu olimning ilmlarning yuksak cho’qqilariga va avvalo dunyo miqyosida ilm shuhratiga erisha olgani kishini hayratda qoldiradi.
Ahmad al-Farg’oniy birinchilar qatorida osmonning sfera shaklida ekanligi, undagi harakatlar aylanma ekanligini aniqlaganiga qoyil qolish mumkin, chunki o’sha davrda hozirgidek texnika rivojlanmaganini hisobga olish lozim.
Al-Farg’oniy misolida biz Vatanimizning o’tmish tarixi va madaniyatiga, uning tabiiy va ilmiy qarashlarining falsafiy jihatlari, hamda tabiatshunoslik falsafasiga qo’shgan hissasi haqidagi qarashlariga nazar tashladik. Dunyoga al-Farg’oniy va al-Xorazmiy, Beruniy va Ulug’beklarni bergan bu Vatan qadimgi boy va buyuk madaniyatga ega bo’lganligiga yana bir bor guvoh bo’lamiz.
Ahmad al-Farg’oniy tabiatshunoslik falsafasiga katta hissa qo’shganligi, uning rivojlanishiga o’z bilimlari bilan hissa qo’shib boyitgan.
Ahmad al-Farg’oniy ko’plab qomusiy asarlar muallifi ekanligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Biroq uning ba’zi ishlari bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramasdan, mavjud asarlarning o’zi ham olimning yirik ilmiy salohiyatidan darak beradi. Olim o’zining falakiyot ilmiga oid asarlari bilan nafaqat Sharqda, balki G’arbda ham astronomiya maktabining shakllanish jarayoniga katta ta’sir ko’rsatganiga guvoh bo’ldim. Uning osmon jismlari harakatlariga bag’ishlangan risolalaridan ta’lim olgan G’arblik olimlar keyinchalik astronomiya sohasida katta kashfiyotlar qili, olamshumul nazariyalar yaratishgan.
Kurs ishimda Ahmad al-Farg’oniyning hayoti ijodi, u yashagan davr va muhit, shuningdek uning tabiiy va ilmiy qarashlari, ularning falsafiy tahlili, tabiatshunoslik falsafasiga qo’shgan hissasi bilan yetarli darajada tanishdim va xulosalar chiqardim.