Umumiy dasturiy ta’minot tarkibiga ish o’rinlari kompyuterlari va lokal hisoblash tarmoqlari tizimlarining muntazam ishlab turishini ta’minlovchi operatsion tizimlar kiradi. Umumiy dasturiy ta’minotning maqsadi amaliy dasturlarni ishga tushirish va ularning bajarilish jarayonlarini boshqarib turishdan iboratdir. Umumiy dasturiy ta’minot tarkibiga WINDOWS NT, UNIX, OS/2, Netware (Nowell) kabi operatsion tizimlar hamda ish o’rinlari faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo’lgan INTERNET EXPLORER va boshqa dasturlar kiradi.
Umumiy dasturiy ta’minot tarkibiga ko’pchilik foydalanuvchilar uchun mo’ljallangan, hamda hisoblash jarayonlarini tashkillashtirish, tez-tez uchrab turadigan masalalarni echish va axborotlarni qayta ishlashga qaratilgan dasturlar kiradi. Shuningdek ular tarkibiga kompyuterlarning funktsional imkoniyatlarini kengaytirish, hisoblash jarayonlarining ketma-ketligi navbatini rejalashtirishni avtomatlashtirish, axborotlarni qayta ishlash jarayonlarini nazorat qilish va boshqarish, dasturchilar faoliyatini avtomatlashtirish imkonini beradigan dasturlar ham kiradi.
Funktsional dasturlar ta’minoti tarkibiga bajariluvchi dasturlar kirib, ular asosan majmuiy funktsional masalalar yechilishini va quyi tizimlar faolligini muntazam ta’minlab turishga qaratilgandir.
Tash’hislovchi dasturiy ta’minot tarkibiga g’aznachilik axborot tizimi funktsional dasturlari va quyi tizimlarining to’g’ri ishlashini, namuna misollari yordamida majmuiy test nazorati o’tkazib turuvchi, kompyuterlarni yoki boshqa texnik vositalarni tayyorlovchi zavodlar yoki ularni etkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan va ularning to’g’ri ishlashining test nazoratini bajaruvchi maxsus dasturlar kiradi.
Maxsus dasturiy ta’minot tarkibiga esa g’aznachilik axborot tizimini yaratishda ma’lum bir funktsional masalalarni echish uchun ishlab chiqilgan maxsus dasturlar to’plami kiradi. Uning tarkibiga funktsional masalalarni echishda ma’lumotlarni tashkillashtirish va ularni qayta ishlash bilan bog’liq amaliy dasturiy paketlari ham kiradi.
Umuman olganda g’aznachilik axborot tizimining dasturiy ta’minoti barcha texnik vositalar qismlarining bir-birlari bilan moslashgan holda ishlashlarini va ularning foydalanuvchilar bilan o’zaro aloqalarini ta’minlab berishi lozim bo’ladi.
Zamonaviy g’aznachilik axborot tiziminining umumiy va funktsional dasturiy ta’minotlarining tuzilmalarini quyidagi talablardan kelib chiqqan holda shakllantirilishi talab etiladi:
g’aznachilik tizimini boshqarishning tsikli byudjet ijrosi jarayonlarini boshqarishdagi to’rtta asosiy faoliyatni, ya’ni rejalashtirish, hisob, nazorat va tahlilni o’z ichiga qamrab olishi kerak;
tizimdagi hisob va nazorat masalalarini echishni tashkil qilish “hisob tizimlari” yordamida, ya’ni tranzaktsiyalarni va qaydlarni hisobga olishga imkon beruvchi OLTP–tizimi orqali ta’minlanishi zarur;
rejalashtirish va tahlil qilish masalalarini echishni tashkil qilish “tahlil tizimlari” orqali, ya’ni OLAP–tizimi orqali ta’minlanishi kerak;
integratsiya qilish vazifasi hamma uchun yagona bo’lgan me’yoriy-so’rovnoma axborotlariga va elektron hujjatlar almashinuvi jarayonlariga yuklatish orqali amalga oshirilishi lozim.