Musiqa tarixi fanidan


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI OPERA VA BALET SAN’ATINI YANADA RIVOJLANTIRISH



Yüklə 68,61 Kb.
səhifə2/12
tarix20.11.2023
ölçüsü68,61 Kb.
#163587
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI OPERA VA BALET SAN’ATINI YANADA RIVOJLANTIRISH
CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mamlakatimizda opera va balet san’atini yanada rivojlantirish, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri faoliyatini takomillashtirish, milliy opera va balet san’atini keng targ‘ib etish, uning jahon san’at olamida tutgan o‘rni va mavqeyini yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6000-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar respublikada opera va balet san’atini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda opera va balet san’atining nufuzini oshirish, milliy opera va balet san’atini jahon miqyosida targ‘ib qilish;
opera va balet san’atining eng sara milliy va klassik asarlaridan xalqimizni bahramand etish, aholi, ayniqsa, olis hududlardagi fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishini qo‘llab-quvvatlash;
milliy opera va balet san’atini keng ommalashtirish, uning noyob durdonalarini saqlash va targ‘ib etish, ustoz-shogird an’analari va ijodiy maktablarni har tomonlama rivojlantirish;
opera va balet san’ati uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, teatrlar va ta’lim muassasalari uzviy hamkorligini ta’minlash, ushbu yo‘nalishdagi teatr tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
opera va balet san’ati vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan taniqli namoyandalarning hayoti va ijodiy faoliyatini targ‘ib qilish.
2. Milliy opera va balet san’atida ustoz-shogird an’analari va mahorat maktablarini rivojlantirish maqsadida:
opera va balet san’atidagi iste’dodli va yuqori malakali ijodkorlarning mahorat maktablari 1-ilovaga muvofiq tashkil etilsin;
mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar Davlat budjeti hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirib borilsin;
mahorat maktablariga ular faoliyat yuritadigan muassasaning obyektlaridan tekin foydalanish huquqi berilsin, shuningdek, ularga ushbu muassasa tomonidan alohida xona ajratilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratilsin;
kelgusida Madaniyat vazirligi hay’ati qarori bilan tashkil etiladigan yangi mahorat maktablariga ushbu bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshisida belgilangan rag‘batlantirish choralari tatbiq etilishi belgilansin.
3. Opera va balet san’ati uchun amaliy ko‘nikma va zarur mahoratga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash, teatr va ta’lim tashkilotlari uzviyligini ta’minlash hamda bunga sohadagi faxriylar va ustoz ijodkorlarni keng jalb qilish maqsadida:
a) quyidagilar:
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzurida Xoreografiya o‘quv teatri;
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri huzurida (keyingi o‘rinlarda — Teatr) Vokal akademiyasi hamda Opera va balet asarlarini yaratish ijodiy ustaxonasi;
Teatr huzurida 70 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Faxriylar orkestri tashkil etilsin;
b) O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Musiqali teatr-studiyasi faoliyati takomillashtirilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda keltirilgan:
o‘quv teatri, Vokal akademiya, ijodiy ustaxona va Faxriylar orkestri yuridik shaxs hisoblanmaydi;
o‘quv teatri hamda Faxriylar orkestrini jihozlash va ularni saqlash xarajatlari Davlat budjeti hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
Vokal akademiya va ijodiy ustaxona Teatrda joylashtiriladi hamda Teatrning budjetdan tashqari mablag‘lari, metsenatlik ko‘magi, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan jihozlanadi va saqlanadi.
Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) ikki oy muddatda o‘quv teatri, Vokal akademiya va ijodiy ustaxonaning faoliyat ko‘rsatish tartibini tasdiqlasin hamda ular faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
4. Teatr bilan madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlarining uzviy hamkorligi quyidagi tartibda yo‘lga qo‘yilsin:
Teatrning buyurtmasiga asosan vokal xonandalar, orkestr va xor artistlari, balet sohasi mutaxassislarini tayyorlash uchun madaniyat va san’at sohasidagi tegishli ta’lim tashkilotlariga har yili maxsus kvota ajratiladi;
V. Uspenskiy va R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablari konsert-pedagogik dasturini shakllantirishda Teatrning repertuarlari inobatga olinadi;
madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlarining tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quvchi va talabalari uchun amaliyot darslarini Teatrda o‘tkazish tizimli joriy etiladi;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha bitiruvchilarining malakaviy (diplom) ishlari Teatrda amalga oshiriladi;
Teatrning mahoratli ijodkorlari tomonidan madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlarida tegishli mutaxassislik fanlari bo‘yicha Teatrdan ajralmagan holda dars berish yo‘lga qo‘yiladi;
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Balet rejissorligi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi.
Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshqulov) hamda Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlasin.
5. Madaniyat va san’at, shu jumladan opera va balet san’ati uchun texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni, xususan grim ustasi, rekvizitor, sahna montajchisi va yorituvchini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzurida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab texnikum tashkil qilinsin.
Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashkil qilinayotgan texnikum faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ysin va malakali mutaxassislar bilan ta’minlasin.
Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda texnikumni joylashtirish uchun bino ajratsin hamda 2022/2023 o‘quv yiliga qadar uning moddiy-texnika bazasini shakllantirsin.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (A.N. Aripov) 2022-yil 1-iyunga qadar texnikumga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul parametrlarini tasdiqlasin.
6. Madaniyat va san’at sohasi, shu jumladan opera va balet san’ati bo‘yicha yirik ijodiy ishlarni amalga oshirgan soha vakillari uchun Madaniyat sohasi akademigi maxsus unvoni (keyingi o‘rinlarda — maxsus unvon) ta’sis etilsin.
Belgilansinki:
maxsus unvon sohiblariga Badiiy akademiyaning akademiklari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi, shu jumladan ularga daromad solig‘idan ozod qilinadigan oylik gonorar to‘lanadi;
maxsus unvon madaniyat va san’at sohalarida yirik ijodiy ishlarni amalga oshirgan ijodkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan saylov natijalariga ko‘ra beriladi.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda maxsus unvon uchun nomzodlar ko‘rsatish, saylovlarni tashkil etish, o‘tkazish hamda maxsus unvonni berish tartibini tasdiqlasin.
7. Teatrga har yili kamida to‘rtta milliy hamda jahon klassik opera va balet asarlarini sahnalashtirish uchun davlat buyurtmasini berish yo‘lga qo‘yilsin, shuningdek, 2022 — 2026-yillarda Teatr tomonidan davlat buyurtmasi asosida 2-ilovadagi rejaga muvofiq sahna asarlari sahnalashtirilishi ta’minlansin.
Belgilansinki, Davlat budjeti hisobidan:
tarixiy va zamonaviy mavzularda tegishliligi bo‘yicha milliy hamda jahon klassik opera va balet asarlarini yaratish jarayoniga Teatr tomonidan tanlov e’lon qilinadi;
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan milliy hamda zamonaviy jahon klassik opera va balet asarlarini yaratish va sahnalashtirish uchun xalqaro darajadagi mutaxassislar jalb qilinadi;
davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan sahna asarlarining reklama-targ‘ibot ishlari uch oy oldin boshlanadi hamda ushbu maqsadlar uchun har bir buyurtma summasining 10 foizi miqdorida mablag‘ ajratiladi.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Teatr repertuaridagi yangi spektakllarni muntazam ravishda tasvirga olsin, ularning “Oltin fondi”ni yaratsin, shuningdek, spektakllarni telekanallar orqali efirga uzatib borsin hamda bu borada xususiy telekanallar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin.
9. Opera va balet san’ati bo‘yicha iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularni yuzaga chiqarish va rag‘batlantirish tizimini joriy qilish maqsadida har yili an’anaviy tarzda:
fevral oyida “Yosh vokal ijrochilari”;
aprel oyida “Yosh balet ijrochilari”;
iyun oyida “Dirijyor, rejissor va baletmeysterlar” respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan respublika ko‘rik-tanlovlarining Gran-pri va 1-o‘rin g‘oliblari mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
10. Milliy opera va balet san’atini jahon miqyosida targ‘ib qilish, eng sara milliy va klassik asarlardan aholini bahramand etish, xorijiy teatrlar bilan ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun 2022-yildan boshlab Davlat budjeti hisobidan har ikki yilda:
Halima Nosirova nomidagi xalqaro yosh operachilar ko‘rik-tanlovi;
“Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali o‘tkazilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda keltirilgan hamda xorijda o‘tkaziladigan xalqaro nufuzli opera va balet festivallari, tanlovlarida 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan ijodkorlar Davlat budjeti hisobidan daromad solig‘idan ozod qilinadigan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
2-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida;
3-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu qarorning 9 va 10-bandlarida belgilangan ko‘rik-tanlov va festivallarni tashkil etish va o‘tkazish tartiblarini tasdiqlasin.
11. Teatr faoliyatida zamonaviy marketing tizimini joriy etish, yuqori badiiy saviyadagi spektakllarni sahnalashtirish va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
Teatrning marketing, moliyaviy-iqtisodiy va boshqa tashkiliy faoliyatini yuritish uchun Teatr tuzilmasida bosh menejer lavozimi joriy etilsin;
xorijiy mamlakatlardan yetuk va malakali bosh dirijyor Teatrga kamida ikki yil faoliyat olib borish sharti bilan jalb etilsin;
Teatrga Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarning shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga qo‘shimcha 40 ta ijodiy xodim shtat birligi ajratilsin.

Yüklə 68,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin