Oldingi tahrirga qarang. 2022-yil 1-iyuldan boshlab Teatr xodimlari lavozim maoshlarini mehnatga haq to‘lashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori Davlat budjeti hisobidan 1,5 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.
(11-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son) 12. Aholi, ayniqsa, olis hududlardagi fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishiga ko‘maklashish maqsadida Teatr jamoasining har yili kamida to‘rt marta respublika hududlariga gastrol safarlarini tashkil etish tartibi yo‘lga qo‘yilsin, shuningdek, Teatr jamoasining 2022 — 2024-yillarga mo‘ljallangan mahalliy gastrol safarlari rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.
Belgilansinki:
mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish, chiptalarni realizatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari, metsenatlik ko‘magi, ixtiyoriy homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
27-mart — Xalqaro teatri kuni munosabati bilan Teatrda har yili 21 — 27-mart, 1-iyun va 1-noyabr kunlari “ochiq eshiklar” kuni deb e’lon qilinsin. Ushbu kunlarda tashrif buyuruvchilarga teatr namoyishlari bepul tashkil qilinadi va madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rgazma va ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.
13. Milliy opera va balet san’atini jahon miqyosida keng targ‘ib etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida quyidagi tartib joriy qilinsin:
Teatr jamoasining xorijiy davlatlarga har yili kamida ikki marta gastrol safarlari tashkil etiladi;
Teatr ijodkorlari va mutaxassislarini xorijda o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi;
Teatr tomonidan malakali xorijiy mutaxassislar ishtirokida har yili kamida ikki marta mahorat darsi o‘tkaziladi.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan vazifalar Davlat budjeti, to‘rtinchi xatboshisidagi vazifalar metsenatlik ko‘magi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
Davlat budjeti hisobidan Teatr jamoasi xorijiy gastrol safarlarini tashkil etishning 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan rejasi 4-ilovaga muvofiq, shuningdek, opera va balet san’ati ijodkorlari va mutaxassislarini xorijda o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkaga yuborishning 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining Vasiylik kengashi tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Teatrning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, opera va balet san’atini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Teatr faoliyati samaradorligini oshirish va takomillashtirish bo‘yicha dasturlarni moliyalashtirish va amalga oshirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;
Teatrning Vokal akademiyasi, ijodiy ustaxona, mahorat maktablari va taniqli namoyandalarning hayoti va ijodi bilan bog‘liq tadbirlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
Teatrning doimiy rivojlanishini ta’minlash uchun metsenatlik ko‘magi, homiylik xayriyalari, grantlar va budjetdan tashqari boshqa mablag‘larni jalb qilish;
Teatr faoliyatini samarali tashkil etish bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalarni amalga oshirish.
15. Opera va balet san’atini yanada rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga shaxsan mas’ul hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.
16. Teatr xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish va ularning sog‘lig‘ini tiklashga ko‘maklashish maqsadida:
Teatr xodimlariga sifatli va bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi biriktirilsin, bunda poliklinika tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
homiylik xayriyalari, budjetdan tashqari mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Teatrning kamida 50 nafar xodimini sanatoriylar, dam olish uylari va oromgohlarda imtiyozli yo‘llanma bilan sog‘lomlashtirish va dam olishlari tashkil etilsin.
17. Teatr faoliyatini rivojlantirishga jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari tomonidan yo‘naltirilgan mablag‘lar, mol-mulk, shuningdek, bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlar va qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari metsenatlik ko‘magi hisoblanishi hamda ular Soliq kodeksiga asosan soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kirishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
18. Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Kamilov) Madaniyat vazirligining talabnomalariga binoan Teatrda faoliyat yuritish, tadbirlarda ishtirok etish va mahorat darslari o‘tish uchun mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
19. Madaniyat vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Teatrning faoliyati uchun zarur bo‘lgan musiqa asbob-uskunalari, texnik jihozlar, chiroqlar, grim mahsulotlari va balet artistlari uchun maxsus liboslar, oyoq kiyimlar 2024-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
Davlat bojxona qo‘mitasi (A.Y. Mavlonov) mazkur bandga asosan xorijdan olib kelinadigan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan to‘lanmagan bojxona boji summasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan holda Davlat budjetiga undirilishini ta’minlasin.
20. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mazkur qarorda nazarda tutilgan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov hamda Toshkent shahar hokimi, Teatr vasiylik kengashi raisi J.A. Artikxodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari A.A. Jo‘raboyev zimmasiga yuklansin.