Narxni erkinlashtirish. Iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichidayoq narxlar erkinlashtirildi. Bu jarayon ijtimoiy larzalarsiz o’tdi. Negaki, davlat turli kompensatsiya jamg’armalari tuzdi, bolalar uchun nafaqalar joriy etdi, eng kam ish haqi, pensiya, nafqalar va stipendiyalar muntazam suratda oshirib borildi.
Narxni erkinlashtirish iqtisodiyotda raqobatchilik muhitini vujudga keltirish bilan bevosita bog’liq. 1992-yil avgust oyida O’zbekiston Respublikasining “Monopol faoliyatni cheklash to’g’risida”gi Qonuni kuchga kiritildi. Bu qonun asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator normativ hujjatlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Moliya vazirligi tizimida tuzilgan Antimonopol va narx-navo siyosatini o’tkazish bosh boshqarmasi monopol mavqeyidagi korxonalarni belgilab, ularning mahsulotlari bo’yicha narxlarni va rentabellikni tartibga solib turibdi.
Bozor infratuzilmasi.Iqtisodiy islohotlarning muhim yo’nalishlaridan biri bozor infratuzilmasini yaratishdan iboratdir.
“Bozor munosabatlarini shakllantirishni tegishli muhitsiz – tovar, pul bozorlarida va mehnat resurslari bozorida xo’jalik yurituvchi subyektlar o’rtasida o’zaro aloqani ta’minlashi kerak bo’lgan bozor infrastrukturasisiz tasavvur etib bo’lmaydi”. (I. Karimov. O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida. -
T., “O’zbekiston”, 1995, 97-bet.)
Bozor infratuzilmasi deganda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga, ularni samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiluvchi muassasa, tashkilot va korxonalar majmuasi tushuniladi.
Respublikamizda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiluvchi infratuzilmaning asosiy bo’g’inlari – turli muassasalar, tashkilotlar va korxonalar majmuasi yaratildi. Avvalambor, ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi transport, aloqa, suv va energetika ta’minoti, yo’l va ombor xo’jaligi tuzilmalari yaratildi. Bozor munosabatlarini shakllantirishda birjalar alohida o’ringa ega. Iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichidayoq „Respublika ko’chmas mulk birjasi“, „Tovar xomashyo birjasi“, „Toshkent fond birjasi“tashkil etildi. Bu tarmoq yanada rivojlantirildi. 1991-2000-yillarda xo’jalik yurituvchi subyektlar uchun xizmat qiluvchi 58 ta tovarlar va xomashyo birjalari, 24 ta biznes inkubator, 496 ta auditorlik va konsalting firmalari, ko’plab savdo uylari, auksionlar, tijoratchilik idoralari, reklama firmalari, savdo-sotiq va ularni nazorat qiluvchi davlat muassasalari tashkil etildi.
Bozor munosabatlarini rivojlantirishda axborot infratuzilmasi alohida ahamiyatga ega. Shu boisdan iqtisodiy faoliyat uchun zarur bo’lgan axborotlar, xabarlar va ma’lumotlarni to’plovchi, umumlashtiruvchi vositalar, firmalar vujudga keladi.
Xo’jalik yurituvchi subyektlarning moliya-kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi infratuzilma – yangi bank tizimi, o’z-o’zini kreditlash idoralari, sug’urta kompaniyalari, moliya kompaniyalari, soliq undirish idoralari, pul jamg’armalari yaratildi.
Bozor iqtisodiyotiga xizmat qiluvchi bank-moliya tizimi yaratildi.
,,O’zbekiston Respublikasining Markaziy banki to’g’risida“, „Banklar va bank faoliyati to’g’risida“gi qonunlarda banklarning maqomi va faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berildi. Markaziy bank banklar faoliyatini nazorat qiluvchi maqomga ega. Tijorat banklari ixtisoslashtirildi. Mustaqillikning dastlabki yilida 6 ta bank faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, 2010-yilda 31 ta tijorat banklari, ularning 810 ta filiali aholiga xizmat ko’rsatdi. Viloyat, shahar va tumanlarda aholiga xizmat qiluvchi minibanklar ochildi. Minibanklar soni 2011-yil boshlarida 4000 dan oshdi.
Respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga yo’naltirilgan kredit qo’yilmalari qo’yish va chet el sarmoyalarini jalb qilishda banklar faol qatnashmoqdalar. Tijorat banklarining iqtisodiyotning real sektoriga kreditlar berish imkoniyati, moliya bozoridagi ishtiroki yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. To’lovlarni naqd pulsiz plastik kartochkalar vositasida amalga oshirish tizimi yaratildi. So’mdagi plastik kartochkalar 1996-yilda paydo bo’ldi. 2011-yilda muomaladagi bank plastik kartochkalari soni 8 million donani tashkil etdi. Savdo va xizmat ko’rsatish shoxobchalarida plastik kartochkalariga xizmat ko’rsatadigan terminallar soni 86 mingtaga yetdi.
2000-2012-yillarda aholining banklarga qo’ygan omonatlari hajmi 60 barobarga o’sganligi mulkdorlar qatlamining ortib borayonganini ko’rsatadi.
Iqtisodiyotning barqarorlashuvi va rivojlanishi. Mustaqillikning dastlabki yillarida sanoat va qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarish tobora pasayib bordi, xo’jalik yuritish murakkablashib qolgan edi. Buning sababi O’zbekiston iqtisodiy jihatdan qaram bo’lib, korxonalari mustaqil xo’jalik yurita olmasdi, boshqa hududlarda joylashgan zavod, fabrikalardan keltiriladigan asbob-uskuna va butlovchi qismlarga butunlay qaram edi. Sobiq Ittifoq parchalangach, aloqalar uzildi. Natijada ko’pgina korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish keskin kamaydi, ayrimlari to’xtab qoldi. Shu boisdan O’zbekistonda iqtisodiy tanglikdan chiqish, makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish tadbirlari ko’rildi.
Makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun O’zbekiston iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar qilish, raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga qodir korxonalar qurish va buning uchun zarur investitsiyalar ajratish yo’llaridan bordi. Iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar uchun zarur mablag’lar davlat byudjeti va aholi jamg’armalari hisobiga ajratildi. 1991-2002-yillarda iqtisodiyotga jalb etilgan jami investitsiyalar 28,4 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.
Xalq xo’jaligi tarkibini qayta qurish maqsadida chet el investitsiyasini jalb qilish choralari ko’rildi. «Chet el investitsiyalari to’g’risida», «Chet ellik investorlar huquqlarini kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida» qonunlar qabul qilindi. Chet el investitsiyasini O’zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish bevosita investitsiyalar tarzida, davlat qarzlari, xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar, qarz beruvchi mamlakatlarning investitsiya yoki moliyaviy kredit resurslari shaklida amalga oshirildi. Iqtisodiyotga kiritilayotgan xorijiy investitsiya salmog’I yildan yilga o’sib bordi. 1992-1999-yillarda iqtisodiyotda 4,4 mlrd. AQSh dollari hajmida chet el investitsiyalari o’zlashtirildi. 1999-yilning o’zida iqtisodiyotning ustuvor tormoqlari 1 mlrd. 324 mln. AQSh dollari miqdorida chet el investitsiyalari o’zlashtirildi. 1991-2002-yillarda Respublika iqtisodiyotida o’zlashtirilgan chet el investitsiyalari hajmi 14 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar soni 2003yilda 2087 taga yetdi.