6 mavzu Mustamlakachilik sharoitida Turkiston o‘lkasida madaniy
Musiqa san’ati. An’anaviy qo‘shiqchilik san’ati. Ma’lumki, o‘tmishda mahalliy hukmdorlar musiqa san’ati ahliga homiylik qilib kelgan.
Turkiston Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng, bu an’analar yo‘qqa chiqarildi. Mahalliy xalq orasidagi milliy musiqa san’atiga bo‘lgan azaliy qiziqish yevropacha musiqa janrlari, ijrochiligi va ta’lim tizimini astoydil singdirish yo‘li bilan poymol qilindi. Toshkent, Qo‘qon, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarda rus imperatori musiqa jamiyati bo‘limlari, uning tarkibida esa, «Lira» xor jamiyati (1898), Musiqa va drama (1907), Simfonik va kamer musiqa (1908), Vokal musiqa (1914) singari yevropacha musiqa shaxobchalari keng faoliyat boshladi.
Mahalliy sharoitda atoqli xonanda, bastakor, sozandalar atrofida muayyan «ustoz-shogird»tizimidagi maktablargina mahalliy an’analarni davom ettirib keldi. Xususan, Buxoroda – «Shashmaqom” ijrochilik maktabi Ota Jalol (1845–1928), Ota G‘iyos (1859–1927) va Levi Boboxon (1873–1926)lar, Samarqandda – maqomchilik va bastakorlik Xoji Abdulaziz (1852–1936), Xorazmda – maqomchilik Pahlavon Niyoz Mirzaboshi (Komil Xorazmiy, 1825–1897), Farg‘onada-sozandalik Rustam Mehtor (1860-1933), katta ashulachilik Erkaqori (1877–1954), Toshkentda – maqomchilik va ashullachilik To‘ychi Hofiz (1868-1943) singari ustozlar atrofida taraqqiy topdi.
Mustamlaka sharoiti bo‘lishiga qaramasdan, Turkiston o‘lkasida an’anaviy qo‘shiqchilik san’ati taraqqiy eta bordi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar o‘sha davrning og‘ir kunlarini,ezilgan mehnatkash xalq ommasining orzu-umidlarini ifodalaganligi bilan harakterlanadi.
XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlaridagi murakkab iqtisodiy, siyosiy vaziyatga qaramasdan, o‘zbek san’atkorlarining nomi boshqa davlatlarga ham tarqalgan. Masalan, samarqandlik mashhur hofiz Xoji Abdulaziz Rasulov Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Iroq va Yunoniston mamlakatlarida o‘z san’atini namoyish qilgan. Toshkentlik Mulla To‘ychi Toshmuhammedovning ovozini Yorkent, G‘ulja, Chuguchak ahli sevib tinglagan. To‘ychi hofizning 25 ga yaqin qo‘shig‘i Riga «Grammofon» jamiyati tomonidan 1905 yilda yozib olinib, tarqatilgan.
An’anaviy o‘zbek qo‘shiqchilik madaniyatining rivojlanishida Hamza Hakimzoda Niyoziyning alohida o‘rni bor. U o‘z she’rlarini xalq kuylariga solib, tanish ashula yoki qo‘shiqlar ohangiga mo‘ljallab yozilishini ta’minladi va bu bilan ushbu asarlar tezroq xalq orasida yoyildi.