Me’morchilik. Xalq me’morchiligi. XIX asrga kelib O‘rta Osiyo xonliklarida o‘ziga xos me’morlik maktablari shakllandi. Xivada bino bezagi uchun uch xil rang (ko‘k, oq va qora) qo‘llanilgan. Masalan, Muhammad Aminxon madrasasi (1851-52), Kaltaminor (1885) va boshqa obidalarda qo‘llanilgan rang bunga misoldir. Buxoro me’morlik maktabigaxos uslublarHalifa Niyozqul madrasasi, Sitorai Mohi xosa (XIX asr oxiri)da ko‘zga yaqqol tashlanadi. Buxoro Arkidagi uy-joy binolari, atrofdagi guzarlar tarkibi, sinchkori uy-joy va hovlilar me’moriy uslubi, bezaklari yuksak san’at va mahorat bilan ishlangani uchun hozirgacha alohida e’tiborni tortadi. Xiva shahrining Ichan qal’asidagi Sherg‘ozixon madrasasi, Bog‘bonli masjidi, Pahlavon Mahmud maqbarasi majmuoti, Toshhovli saroyi, Olloqulixon karvonsaroyi va timi, Muhammad Aminxon madrasasi, Kaltaminor va atrofdagi uy-joylar Xorazm me’moriy maktabi, mahalliy an’analari yangidan qad ko‘tarib, rivojlanganidan darak beradi. Ichan qal’adagi eng baland Islomxo‘ja minorasi (1908) Xorazm me’morchiligining eng so‘nggi yorqin namunasi desak bo‘ladi. Qo‘qon maktabidagi me’moriy uslub xususiyatlarini Xo‘ja Amir maqbarasi, XVIII-XIX asr birinchi yarmida qurilgan Norbo‘tabiy madrasasi, Dahmai Shohon va Modarixon dahmalari (1825), Norbo‘tabiy va uning avlodlari maqbaralari hamda keyingi davrda bunyod etilgan Xudoyorxon o‘rdasi, Andijon, Marg‘ilon va Qo‘qondagi jome masjidi va madrasalari misolida kuzatish mumkin.
Marg‘ilondagi Said Ahmadxo‘ja madrasasi, Shahrixondagi Ponsod masjidi, Andijondagi Jome madrasa masjidining ichki ko‘rinishi Farg‘ona me’morchiligining yuksak badiiy mahorati haqida tasavvur beradigan nodir manzarali bezaklarga boy.
Xalq me’morchiligining o‘ziga xos tomonlari XX asr boshlarida qurilgan Ayubboy, Olimxon hoji, Abdurahmon qozi, Sa’dixon qozi, Ahmadbek hoji va boshqa inshootlarda o‘z ifodasini topgan.
Ayubboy inshooti ikki hovlili (ichkari va tashqari), poydevori baland qilib qurilgan. Tashqari hovlida mehmonxona, “G” simon ayvon bo‘lib, ayvonda qator o‘ymakor ustunlar ishlangan. Mehmonxona ichki devorlaridagi tokchalar atrofi ganchkor turli shakllar hamda arabiy yozuvlar uyg‘unlashgan naqshlar bilan bezatilgan. Shift bezagida qizil zaminda bosma handasiy naqshlar, islimiy bezaklar, markaziga esa, muqarnasli havzak ishlangan.
Olimxon hoji uyi bir qavatli o‘zaro mutanosib tarxga ega bo‘lib, xom g‘ishtdan qurilgan kvadrat dahliz, ikkita to‘g‘ri burchak tarhli xona va “P” simon ayvon, mehmonxonadan iborat. Dahliz va sharqiy xona yevropacha uslubda pardozlangan, shiftlari ganchkor turunjlar bilan bezatilgan va och yashil zaminga naqshlar, deraza va eshiklarga shakldor hoshiyalar ishlangan. Harbiy xona va ayvon mahalliy ayvonlarga muvofiq holda pardozlangan: qizil zaminda handasiy va islimiy naqshlar bilan bezatilgan.
Sa’dixon qozi uyi ikki hovlili, o‘zaro qo‘shilib ketgan tashqari va ichkaridan iborat, bu ikki qismning kiriladigan alohida-alohida eshigi bo‘lgan. Ko‘cha tomon (tashqari) dahlizdagi molxona va unga taqab qurilgan ayvondan iborat. To‘g‘ri burchakli ichkari hovlida esa, ikkita ayvonli xona va bir necha xo‘jalik binolari qad ko‘targan. Uning poydevori 2m, uning birinchi qavati (tagxona)da molxona va omborxona joylashgan. Ayvonga toshdan ishlangan zina orqali chiqilgan. Zina bo‘ylab temir panjara, ayvonning to‘sinlari orasida toqi o‘rnatilgan. To‘sinlarni salobatli yog‘och ustunlar ko‘tarib turgan. Ayvonlar tosho‘choqlar bilan isitilgan. Xona devorlari tokchali ganchkor naqshlar bilan ishlangan. Shiftiga to‘ldirib gul solingan.
Andijonlik savdogar Ahmadbekhojining uyi “P” simon tarhli, janubga qaratib qurilgan. Uyning ikki qavatli g‘arbiy qismi uy egasining idorasi vazifasini o‘tagan, qolgan qismi turar joyi bo‘lgan. Hovlining tevarak-atrofi bo‘ylab ayvon qurilgan. Ikkinchi qavat yo‘lagi qator xonalarni birlashtirgan. Hamma darvoza va eshiklar an’anaviy holda hovli tomonga qaragan. Uyning idora vazifasini o‘taydigan qismi yevropacha usulda pardozlangan-shifti naqshinkor ganch bilan bezatilgan, katta xonalarga naqshinkor sirlangan pechlar qurilgan, devorlar tokchasiz bo‘lib, moybo‘yoq bilan pardozlangan, ayvon eshiklarining orasiga Farg‘ona turar joylari uchun an’anaviy bo‘lgan ko‘k rangda islimiy va handasiy naqshlar ishlangan. Yog‘och karniz jimjimador qilib o‘yilgan.
XIX asr oxiri - XX asr boshlarida O‘zbekistonning yirik shaharlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qonda rus harbiy muhandis va me’morlari tomonidan eng zamonaviy loyihalari asosida ma’muriy va turar joy binolari qurilgan.
Bu loyihalar modern uslubida Yevropa me’morlariga taqlidan yaratilgan edi. Bularga Toshkentdagi Romanov saroyi (1880), O‘qituvchilar seminariyasi (1881), Erkaklar gimnaziyasi (1883), Marg‘ilonda Farg‘ona gubernatori qarorgohi (1885) va boshqalarni misol keltirish mumkin.
“Nemis renessansi” me’moriy uslubida esa, asosan mehmonxonalar, savdo markazlari qurilgan. XX asr boshlarida shaxsiy uylarni qurishda rus me’morlari mahalliy me’morlik an’analaridan ham keng foydalandilar – Toshkentdagi A.L.Polovsev uyi (1900, hozirgi Xalq amaliy san’at muzeyi) qurilishiga mahalliy xalq me’morlari jalb etilgani uchun arxitektura jihatidan keng omma e’tiborini qozondi.
XIX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek amaliy bezak san’atida hayotni chuqur his etish, san’at turlarining qadimgi, foydalaniladigan materiallarning xilma-xilligi, yuksak mahorat ko‘zga tashlanadi. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida san’atda soddalashtirishga intilish kuzatildi, iqtisodiy va texnika taraqqiyotining yangi sharoitlarida yangi xususiyatlar yuzaga keldi. Bu davrda amaliy bezak san’ati sekin va notekis rivojlandi, unga uslubiy birlikning yo‘qligi xos bo‘lib, qarama-qarshi an’analar va xususiyatlarni kuzatish mumkin. Mavjud ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar amaliy bezak san’ati badiiy yo‘qotishlarga olib keldi.