8-Mavzu: TAFAKKUR VA KASBIY FIKRLASH SHARTLARI. MUSTAQIL FIKRLASHNING AHAMIYATI VA NAMOYON BO‘LISHI.
Reja:
1.Tafakkur haqida tushuncha.
2.Tafakkurning nerv-fiziologik asosi.
3.Tafakkur turlari.
4.Kasblarni egallashda tafakkurning roli.
1.Tafakkur haqida tushuncha.
Bizning dunyoni, uning sir-asrorlarini tushunishimizning zaminida narsa va hodisalarning biz uchun shaxsiy aloqasi, ahamiyatliligi darajasi yotadi. Ana shunday dunyoni tushunishimiz, anglashimiz va unga ongli munosabatimizni bildirib, izxor qilishimizga aloqador bilish jarayoni psixologiyada tafakkur, fikrlash deb ataladi.
Tafakkur - inson ongining bilish ob’ektlari hisoblanmish narsa va hodisalar o‘rtasida murakkab, har tomonlama aloqalarning bo‘lishini ta’minlovchi umumlashgan va mavxumlashgan aks ettirish shaklidir.
Tafakkur muammolari uzoq vaqtgacha o‘zining murakkabligi bilan psixologlar nazaridan chetda bo‘lgan, u asosan faylasuflar va mantiqshunoslar fikr yuritadigan masala hisoblangan. Psixologiya ilmining otaxoni hisoblanmish nemis olimi Vilgelm Vundt ham psixologiyani ikkiga bo‘lib - fiziologik psixologiya (eksperimental yo‘l bilan bilish jarayonlarini o‘rganuvchi fan) va halklar psixologiyasi kismlariga bo‘lib, oxirgi psixologiyaning tarkibiga nutq va tafakkur psixologiyasini ham kiritgan va uni eksperimental tarzda o‘rganib bo‘lmaydi, ularni tushuntirish mumkin xolos deb hisoblagan. Bu xulosalar aslida tafakkur va fikrlash jarayonlarining naqadar murakkab tabiatga ega ekanligidan dalolat beradi. Lekin shunday bo‘lsa ham shuni ta’qildash joizki, birinchidan, tafakkur va fikrlash jarayonlari - bu bilish jarayonlari;
ikkinchidan, ular ham shaxs tomonidan borliqni aks ettirish shakli, umumlashtirib, bilvosita aks ettirish shakli;
uchinchidan, bu jarayonlar ham eksperimental psixologiya tomonidan o‘rganiladi;
to‘rtinchidan, tafakkur bilishning eng oliy va yuqori darajadagi shaklidir.
Tafakkur predmetini belgilash uchun mukammal ta’rif ning darsligida kuzatiladi: “ Tafakkur- bu o‘z mahsuloti bilan voqelikni umumlashtirib, bavosita aks ettirishni harakterlaydigan, umumlashtirish darajasi va foydalanadigan vositalariga hamda umumlashmalar yangiligiga bog‘liq ravishda turlarga ajratishdan iborat jarayon, bilish faoliyatidir”. Hozirgi davrda tafakkurning predmeti yuzasidan turli-tuman qarash va ta’riflar mavjuddir. S.L.Rubinshteyn fikriga ko‘ra tafakkurni psixologik jihatdan o‘rganishning asosiy predmeti- jarayon, faoliyat tariqasida namoyon bo‘lishdir, ya’ni u sub’ekt faolligini ta’kidlaydi. A.N.Leontev esa tafakkurni turli ko‘rinishlarga ajratib, fikr yuritish faoliyati ekanligini uqtiradi, lekin uni predmetli amaliy faoliyat deb nomlaydi. P.Ya.Galperin fikriga ko‘ra, tafakkur - bu oriyentirlash tadqiqot faoliyatidir. A.V.Brushlinskiy tafakkurning muhim yangilikni qidirish va ochish, gipoteza va nazariyalarni bashorat qilish, oldindan payqash xususiyatlari kabi jihatlarini ko‘rsatib o‘tadi. U tafakkurni umumlashtirib, unda yangilikni izlash va ochish xususiyati mavjudligini isbotlab bergan olimdir.
Tafakkurning oliyligi va murakkabligi shundaki, u idrokdan farqli, bevosita aks ettirish bo‘lmay, narsalar va ularning xossalarini ular yo‘q paytda ham aks ettirishga imkon beradi. Masalan, Afrikaning subtropik xududlari to‘g‘risida gap ketganda, umrida biror marta Afrikaga bormagan odam ham subtropiklik xossasini b i l g a n i uchun ham ushbu axborotni tushunib, uni qabul qila oladi. Sinov paytida talaba kecha o‘qigan, laboratoriya sharoitida sinab ko‘rgan qonuniyatlar xususida xuddi ro‘parasida namoyon bo‘layotganday, obrazli qilib gapirib berishi, ro‘y bergan hodisalarni yana formulalar va statistik hisob-kitoblar vositasida isbot qilib berishi ham mumkin. Bu operatsiyalarning asosida tafakkur jarayonlari yotadi.
Tafakkur qilishimizni ta’minlovchi organ - bu bizning miyamiz.
Barcha hisob-kitob ishlari - eng elementar harakatlarni rejalashtirishdan tortib, murakkab mavxum teoremalarni isbot qilishga qaratilgan operatsiyalar miyada sodir bo‘ladi. Shuning uchun ham juda charchab turgan paytda odamdan biror qiyinrok masala xususida fikr bildirishini so‘rasangiz, «hozir boshim og‘rib turibdi, juda charchaganman, biroz o‘zimga kelay, keyin fikrlashamiz», deb javob beradi. Demak, miya faoliyati bilan fikrlash faoliyati o‘zaro uzviy bog‘liq ekan. Miyamizning fikrlash qobiliyati va imkoniyatlari shunchalik salmoqliki, ayrim olimlarning fikricha, uning ishlash qonunlari hozir biz ishlatayotgan kompyuterlar emas, yana 100-200 yillardan keyin paydo bo‘ladigan murakkab, o‘ta «aqlli» kompyuterlar faoliyatiga yaqin ekan.
Kallamizga kelgan barcha uy - hayollar - bu fikrlardir. Normal insonni fikrsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, har on, har dakikada odam miyasi qandaydir fikrlar bilan band bo‘ladi. Ularni tartibga solish, keragiga diqqatni qaratish, ichki yoki tashqi nutq vositasida uni yechish - fikrlash jarayonidir.
Fikr yuritishning umumlashtirish operatsiyasi ushbu turlarga bo‘linadi: 1. Mazmuniga ko‘ra: elementar; empirik; tushunchali; nazariy.
Fikrning yo‘nalishiga ko‘ra: xususiydan umumiyga; umumiydan xususiyga; yakkadan umumiyga va undan xususiyga; umumiydan xususiyga va o‘sha umumiydan yanada umumiyga; kamroq umumiydan yanada umumiyga; yagona umumiy holatdan yanada umumiyroqqa.
Fikrlash jarayoni aslida ma’lum bir masala, muammo, jumboqni hal qilish kerak bo‘lganda paydo bo‘ladi. Fikrlash doimo bir narsa xususida kamida bitta yechimni berishi shart, aks xolda u boshqa jarayonga - hayol, fantaziyaga aylanib ketishi mumkin. Fikr, g‘oya, aniq yechim bo‘lmaganda, inson miyasining Borliqdagi narsa va hodisalar mohiyatini aks ettirishi hayol deb ataladi. Shuning uchun ham do‘stlar davrasida ba’zan muammo xususida tortishuv bo‘lib qolganda, aniq bilimi yoki g‘oyasi yo‘qligi tufayli kallasiga kelgan narsani aytgan bolaga qarab «Juda olib qochishga ustasan-da, hayolparast» deyishadi.
Psixologlarning fikricha, har qanday masalani yechish mobaynida odam uning shartlarini bir necha variantlarda tasavvur qilsagina yechimga kelarkan. Agar idrok bilan bog‘laydigan bo‘lsak, figura fonga, fon esa figuraga aylanadi, ularning o‘rinlari almashadi va hakozo. Bundagi individual farq shundaki, ba’zi bolalar yechimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri figura asosida keladi, boshqalar esa bir necha yechimning variantlarini ko‘zoldiga keltirib, so‘ngbir qarorga keladi. Kimdir juda tez fikrlaydi, kimdir juda sekin. Shuning uchun ham test yechish jarayonida yonma-yon o‘tirgan ikki bola bir xil yechimni belgilaydi, lekin o‘sha yechimga kelish yo‘llari har birida o‘ziga xos bo‘ladi. Aynan shu jarayonning qanday kechishini tafakkur psixologiyasi o‘rganadi. Muammoning yechimi ba’zan birdan, yorkin yulduzday yark etib paydo bo‘ladi. Bunday psixologik holat psixologiyada insayt - oydinlashuv deb ataladi. Odam qachon ana shunday fikrlarda tiniklik, insayt paydo bo‘lganini o‘zi ham bilmaydi. Eng iqtidorli, zukko olimlar ham o‘zfikr yuritish qonuniyatlariga e’tibor berib, yangi g‘oya qachon, qanday yo‘l bilan paydo bo‘lganiga javob topolmaganlar. Hattoki, ba’zan shunday ham bo‘ladiki, yangilik kashf etgan olim o‘zining fikri naqadar noyob ekanligini ham anglash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi, qolaversa, kashfiyot go‘yoki uniki emasday, qayerdan kelib qolganini ham tushunmaydi. Shuning uchun ham ko‘plab genial kashfiyotlarning haqiqiy qadr - qimmati muallif o‘tib ketgandan keyin tarix tomonidan baholanadi. Xuddi shunday qadrga ega bo‘lgan kashfiyotlar yurtimizda yashab o‘tgan yuzlab allomalar ijodiga taalluqli. Masalan, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Abu Nasr Farobiy, Al-Farg‘oniy, Xorazmiy, Zamashhariy kabi allomalar o‘zlari ijod qilgan paytlarida yaratgan g‘oyalari va kashfiyotlarining qanchalik ahamiyatli va o‘lmas ekanligini keyingi avlod, butun bir insoniyat tarixi isbot qilib, tan oldi. R. Dekartning kallasiga analitik geometriya g‘oyasi kelganda, o‘zida yo‘q xursand bo‘lgan va cho‘kkalab, yig‘lab shu fikrni unga ato etgan Xudoga sajda qilgan ekan. Darhaqiqat, miyadagi tiniqlik, oydinlashuv avvalo Olloxning inoyati, qolaversa, o‘sha fikr egasining mashaqqatli mehnati, tinimsiz ilmlar dunyosida to‘kkan zaxmatli terlari evaziga ro‘y beradi. Umuman yangiliklar ochish, ijod qilishga aloqador tafakkur turi uning eng ahamiyatli va shu bilan birga eng qiyin turidir. Chunki ijodkor, yoki kashfiyotchi nimanidir kashf qilishni xohlaydi, tinimsiz izlanadi, lekin qachon, qanday sharoitda, qanday yo‘l bilan uni ochishi mumkinligini o‘zi ham bilmaydi. Shu o‘rinda akademik Kedrovning Mendeleev davriy jadvalini kashf qilganligi xususidagi esdaliklari juda o‘rinli. Olim uzoq vaqt mobaynida barcha kimyoviy elementlarni ma’lum qonuniyat asosida jadvalga tushirishni o‘ylab yurgan. «Kallamga kelyapti-yu, uni ko‘rolmayapman», deb tashvishlanardi olim. Kunlardan bir kun u juda toliqib, yozuv stoli ustida uxlab qolganda, tushida davriy jadvalni «ko‘rgan». Xursand bo‘lib ketib, uyg‘ongan zaxoti moddalarni jadvalga joylashtira boshlagan. Tushdagi ishi bilan o‘ngidagi ishining farqi shu bo‘lganki, tushida yengil moddalar pastda joylashgan bo‘lgan, Mendeleev ularni o‘ngida «to‘g‘rilab» chiqqan. Bu ham o‘sha insaytga bir misol.
Dostları ilə paylaş: |