Mustaqil ish Mavzu: Mehnatni tashkil etishni takomillashtirish muammolari
Reja; Mehnatni tashkil etishni mohiyati va mazmuni…………………...2
Mehnatni ilmiy tashkil etishning mazmuni va asosiy yo’nalishlar .……………………………………………………………………4
Mehnat taqsimoti va kooperatsiya………………………………..6
Mehnatni tashkil etishning asosiy muammolari…………………10
Foydalanilgan adabiyotlar……………………………………………..12
1.Mehnatni tashkil etishni mohiyati va mazmuni. Mehnat faoliyati deganda insonni biror mehnat turi bilan band bo‘lishi tushiniladi. Mehnat faoliyati insonning hal qilinadigan vazifalar va bajariladigan ishlari yig‘indisidan tashkil topadi.
Mehnat faoliyatining mohiyatini umumlashgan, hamda konkret shaklda olib qaraladigan bo‘lsa, bir-biri bilan bog‘liq ikki muhim vazifani hal qilishning ob’ektiv zarurati bilan belgilanadi. Bu vazifalardan biri — insonlarning moddiy mehnat elementlari bilan o‘zaro harakatga kirishuvini aniklashdan iborat bo‘lsa, ikkinchisi — birgalikda yoki o‘zaro bog‘langai faoliyat qatnashchilari o‘rtasida munosabatlari shakllanishidan iboratdir. Xuddi mana shu narsa mehnat faoliyatini tashkil etish predmeti hisoblanadi. Buning mohiyati mehnat faoliyatini tashkil etish vazifasiga (keng ma’noda olganda) mehnat sub’ektini (ayrim xodim yoki mehnat jamoasi) aniqlash, uni zarur mehnat predmetlari va vositalari bilan ta’minlash, qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish, mehnat (ishlarini bajarish) jarayonlarini tashkil etish, mehnatga haq to‘lash kabi masalalarini o‘rganish bilan bog‘liqdir.
«Tashkil etish» tushunchasi frantsuzcha organisation, lotincha organizo -«tartibga keltiraman» so‘zidan kelib chiqqan. Mazkur tushuncha yaxlit bir butunlik ichida o‘zaro aloqalarning yuzaga kelishi hamda takomillashishiga olib keladigan jarayon yoki harakatlar jamlamasini anglatadi. Tashkil etish deganda birgalikda amalga oshiruvchi muayyan qoida va tamoyillar asosida, biror aniq maqsad sari harakat qiluvchi kishilarning birlashgan faoliyati tushuniladi. Shunga ko‘ra, funktsional nuqtai nazardan, tashkil etish ichki tartiblarni o‘rnatish va takomillashtirish jarayoni demakdir. Binobarin, mehnatni tashkil etish atamasi kishilar faoliyatini tartibga solish va muayyan tizimga keltirishni anglatadi. Biroq, bunday ta’rif haddan tashqari umumiy bo‘lganligi uchun uni mukammal deb bo‘lmaydi.
«Mehnatni tashkil qilish» tushunchasining paydo bo‘lish tarixiga to‘xtalgandi, albatta, ushbu masalaning asoschisi sifatida F. Teylorning (1856-1915) nomi tilga olinadi. F. Teylor mehnatni «ilmiy boshqarish» muammosini amaliy jihatdan asoslab bergan bo‘lib, u iqtisodiyotda muhim o‘rin tutadi. Ammo, F. Teylor ko‘zda tutgan fan sohasini iqtisodiyotda haddan tashqari toraytirib qo‘ygan. «Oqilonalashtirish» atamasi mazkur fanni to‘g‘ri nomlash muammosini murakkablashtirdi, bu atama dastlab Germaniyada qo‘llanilgan bo‘lib, keyinchalik u muayyan darajada boshqa mamlakatlarga ham yoyildi. Mazkur atama shu qadar noaniq va umumiy tusdagi mazmunga egaki, uni har qanday yaxshilanishga nisbatan qo‘llash mumkin. Shuni ham aytish kerakki, rivojlangan xorijiy mamlakatlarda hozirgi vaqtda «mehnatni ilmiy tashkil etish» yoki «mehnatni tashkil etish» atamalari deyarli qo‘llanilmayapti.
Bu muammo juda ko‘pgina MDH mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham mavjuddir. Undan turli darajalarda o‘rin tutadigan xilma-xil hodisalarni nomlash uchun foydalaniladi. «Tashkil etish» atamasi ayrim korxona, muassasa, firma va umuman jamiyatga nisbatan qo‘llaniladi. Shu bilan birga, gap turli ob’ektlar: mehnat, ishlab chiqarish, boshqarish to‘g‘risida borishi mumkin.
Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi, ayni kishilarni mehnatga jalb etish, mehnatning ijtimoiy taqsimoti, ijtimoiy mahsulotni taqsimlash usuli va ishchi kuchini tiklash xususiyatlari ko‘rib chiqilayotganda «mehnatni ijtimoiy tashkil etish» tushunchasidan foydalaniladi.
«Mehnatni tashkil etish» atamasidan ayrim korxonaga tatbiqan foydalanilganda uni keng va tor ma’noda talqin etish mumkin. Keng ma’noda mehnat, ishlab chiqarish va boshqarishni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarning barchasini anglatadi. Mazkur tushunchani shunday talqin qilish tarafdorlari korxonada mehnat faoliyatini tashkil etishga uni yaxlit bir butun deb yondashadilar. Boshqa mualliflarning fikricha, «mehnatni tashkil etish» tushunchasining mazmunini bunday anglash tegishli hodisaning ijtimoiy ahamiyati nuqtai nazaridan to‘g‘ri bo‘lsa-da, korxonalarda ishlab chiqarish jarayonida jonli mehnatning mavjudligi uchun uni to‘liq va atroflicha o‘rganishni qiyinlashtiradi.
Tor ma’noda mehnatni tashkil etish deganda jonli mehnatni tashkil etish, mehnatni taqsimlash va kooperatsiyalash, ish joylarini tashkil etish, mehnat usullari, sharoitlari va dam olish tartiblarini oqilonalashtirish, mehnatni me’yorlash, xodimlarni tayyorlash va malakalarini oshirish, moddiy pag‘batlantirish, mehnat intizomini mustahkamlash kabi bir qator amaliy tadbirlar majmuasi tushuniladi.
Bundan shunday xulosa samarali mehnat faoliyatini tashkil etish (mehnat predmeti va vositalarining mavjudligini taqazo etadi); mehnat sharoitlarini tashkil qilish (texnologik va ekologik omillarini taqozo etadi); mehnat munosabatlarini tashkil etish (xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirishni talab etadi); mehnatga haq to‘lashni tashkil etish, mehnatni o‘lchash, normalash hamda mehnat sarfini uning sifatiga qarab baho berishni taqazo etadi. Bu muammolarning echilishi mustaqil ahamiyatga ega bo‘lishdan tashqari, mehnat faoliyatini tashkil etishning ajralmas funktsiyasi sifatida ham qaraladi.
Ishlab chiqarish munosabatlarida mehnat faoliyatini tashkil qilish masalasi eng asosiy ko‘rsatkichlardan biridir. Ishlab chiqarish munosabatlarida ishchi kuchi va mehnat qurollari, mehnat predmetlari orasidagi o‘zaro bog‘liqlik yuzaga keladi. O‘zaro bog‘liqlik va ta’sir, mehnat faoliyatini qay holatda tashkil etilganligi natijasidir. Mehnat faoliyatini tashkil etish, bir tomondan uning asoslarini (huquqiy, ma’naviy-psixologik, iqtisodiy, ijgimoiy) yuzaga kelishi, ikkinchi tomondan mehnat faoliyati mexanizmini shakllantirilishini taqozo etadi.