HUDUDLARNIIJTIMOIY-IQTISODIYRIVOJLANTIRISHNIREYTINGBAHOLASHTIZIMINIJORIYETISHTO‘G‘RISIDA Mamlakatda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish, aholi bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish, aholi turmush darajasi va bandligini oshirish, hududlarni jadal va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlashda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hozirgi holatini chuqur tahlil qilishda istiqbolga yo‘naltirilgan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish uchun uni kompleks baholashning hamda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqqan holda ularga tezkorlik bilan va lozim darajada javob qaytarishning yagona muvofiqlashtirilgan mexanizmi yo‘qligi to‘sqinlik qilmoqda.
Hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, tabiiy xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, shuningdek, hududlarning boshqa qiyosiy ustunliklarini baholashning yagona tizimini joriy etish maqsadida:
1. Statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi (bundan buyon matnda — reyting baholash) joriy etilsin va bunda quyidagilarga alohida e’tibor qaratilsin:
barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, iqtisodiy islohotlar samaradorligi;
yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikni kamaytirish va mehnat bozori samaradorligini ta’minlash;
ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilash;
aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish infratuzilmasining barqarorligi hamda ishonchliligini ta’minlash;
hududlarning raqobatbardoshlik darajasini oshirish, ularning iqtisodiyotini yanada diversifikatsiya qilish;
ishbilarmonlik muhiti sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish;
hududlarning moliyaviy mustaqilligiga erishish hamda bank-moliya sohasini rivojlantirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va ma’lumotlarning ochiqligini oshirish.
2. Reyting ko‘rsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
reyting baholash ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan axborot tizimi ishlab chiqilgandan so‘ng 2019-yil uchun sinov rejimida amalga oshiriladi;
reyting baholash natijalari asosida reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi;
o‘tgan yil uchun reyting baholash natijalari har yili 1-fevral (tezkor baholash) va 15-iyunga (yakuniy natijalar) qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi;
reyting baholash natijalari har yili Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlari yig‘ilishlarida tanqidiy muhokamaga qilinishi shart.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga reyting baholash natijalarini umumlashtirish, shuningdek, reyting baholashni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tegishli organlar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish hamda muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda reyting ko‘rsatkichlari tizimi hamda ularni hisoblash usullariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (keyingi o‘rinlarda — Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti), “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (keyingi o‘rinlarda — “Ijtimoiy fikr” markazi), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (keyingi o‘rinlarda — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi), Davlat statistika qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi:
ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda hududlarni reyting baholash uchun aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish metodologiyasini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kelishish uchun kiritsin;
tasdiqlangan metodologiya asosida har yili tuman hamda shaharlarda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birga 2020-yil 1-iyunga qadar mas’ul organlar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan hududlar reytingini tuzish uchun ma’lumotlarni onlayn rejimda kiritish imkonini beruvchi axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — axborot tizimi) ishlab chiqilishini, shuningdek, 2019-yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan sinov rejimidagi reyting baholash natijalari asosida uning takomillashtirilishini ta’minlasin.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi — axborot tizimining buyurtmachisi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar — axborot tizimini yaratish hamda uni kelgusida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, so‘rovnomalarni tashkil etish va o‘tkazishning moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga uning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, so‘rovnomalarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi hisobidan zarur mablag‘larni;
2020-yildan boshlab har yili axborot tizimini texnik va dasturiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, so‘rovnomalarni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi buyurtmanomalariga asosan zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutgan holda ajratsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hisobot yilidan keyingi 15-yanvar (tezkor) va 1-iyundan (yakuniy) kechiktirmay hisobot yili yakuni bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni axborot tizimiga haqqoniy va o‘z vaqtida kiritishni ta’minlaydi;
reyting jarayoniga jalb etilgan davlat organlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari so‘rovnomalarni shaffof va xolisona o‘tkazish hamda tegishli ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun shaxsan javobgardir;
davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan axborot tizimiga ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish, shuningdek, ularni o‘z vaqtida kiritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi belgilansin:
a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov:
mazkur qaror ijrosini sifatli ta’minlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga mas’ul vazirlik va idoralarning samarali faoliyatini tashkil etsin hamda muvofiqlashtirsin, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
axborot tizimiga kiritilgan statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnoma natijalarini o‘z vaqtida umumlashtirsin hamda hududlar reytingini aniqlasin;
ushbu qarorning maqsad va vazifalariga erishish, shuningdek, baholash mezonlari va tahlil usullarini aniqlash maqsadida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Ijtimoiy fikr” markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Davlat statistika qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari uchun davriy seminarlar tashkil etsin;
reyting ko‘rsatkichlarining monitoringini va ommaviy axborot vositalari, shu jumladan rasmiy veb-saytda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam ravishda keng yoritilishini ta’minlasin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining o‘rinbosari B.T. Turabov — hududlarning reyting ko‘rsatkichlari shakllantirilishini monitoring qilsin;
v) mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — axborot tizimiga ma’lumotlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli kiritilishi hamda so‘rovnomalar o‘tkazilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rsin;
g) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev — mazkur qarorning mazmun-mohiyati, uning amaliy ahamiyatini yoritib berish bo‘yicha maqolalar chop etilishini hamda matbuot anjumanlari, tematik teleko‘rsatuvlar o‘tkazilishini tashkil etsin.
MAMLAKATNI IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRISHNING STRATEGIK VAZIFALARI AMALGA OSHIRILISHI SAMARADORLIGI UCHUN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING MAS’ULIYATINI OSHIRISHGA DOIR BIRINCHI NAVBATDAGI CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA O‘tgan ikki yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor vazifalarini bajarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimini tubdan isloh qilish, islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, asosiy ijtimoiy-iqtisodiy parametrlar va Davlat budjetining ijrosi uchun ularning mas’uliyatini oshirish ta’minlanmoqda.
Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirishga, davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini rivojlantirishga, investitsiya siyosatini faollashtirishga, eksport salohiyatini va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga, erkin tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga yo‘naltirilgan bir qator kompleks dasturlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy sohadagi qayta o‘zgartirishlar diqqat-e’tibor markazida turibdi. Ayniqsa, qishloq joylarda va chekka hududlarda aholining uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, kompleks infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning ijrosi ta’minlanmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar respublika aholisi turli toifalarining moddiy farovonligi, hayot darajasi va sifati oshishiga muayyan darajada ko‘maklashdi.
Shu bilan birga, mamlakatni yanada jadal rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining amaldagi yondashuvlari va ish usullarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini, uning faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi va innovatsion usullarini joriy etishni, davlat siyosati amalga oshirilishi va biriktirilgan sohalarda aniq natijalarga erishish uchun idoralar rahbarlarining mustaqilligini oshirishni taqozo etadi.
Hukumatning tashkiliy-shtat tuzilmasini tubdan qayta ko‘rib chiqish, hujjatlar ekspertizasi tartibotlarini jiddiy ravishda soddalashtirish, qarorlar qabul qilishning tezkorligini ta’minlash, chet elda keng qo‘llaniladigan aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga asoslangan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar rahbarlari faoliyatini baholash tizimini joriy etish talab etiladi.
Hukumat ishini tashkil etishni tubdan takomillashtirish, ijro etuvchi hokimiyat organlarining zamonaviy talablarga javob beradigan sifat jihatidan yangi tizimini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining shaxsan e’tibori mavjud kamchiliklarning qat’iyatlik bilan bartaraf etilishi zarurligiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsip o‘z vaqtida, aniq va to‘liq hajmda amalga oshirilishiga qaratilsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlar Mahkamasi/Hukumat) faoliyatini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali va natijali ijro etilishida Hukumat a’zolari, ijro etuvchi hokimiyat boshqa organlari rahbarlari, barcha darajalardagi hokimlarning shaxsiy roli va mas’uliyatini oshirish;
idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning biriktirilgan sohada davlat siyosati samarali va sifatli amalga oshirilishida, shu jumladan, moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida mustaqilligini oshirish;
aniq ko‘rsatkichlarga va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning prinsipial jihatdan yangi tizimini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligini ta’minlash;
hududlarni, eng avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlari va shaharlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal etish bo‘yicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari va hujjatlari ijrosini tizimli va amaliy nazorat qilishni takomillashtirish;
davlatning iqtisodiy faoliyatdagi ishtiroki tartibi va darajasini aniq reglamentlash orqali iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, “xufyona iqtisodiyot”ning oldini olish, pasaytirish va tizimli qarshi kurashish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
komplekslar, Bosh vazir o‘rinbosarlari va Vazirlar Mahkamasining apparati, eng avvalo, uning asosiy bo‘g‘ini — axborot-tahlil departamentlari tuzilmasini takomillashtirish va ixchamlashtirish. Normativ-huquqiy hujjatlarning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi sifatini yaxshilash, ijro intizomi darajasini oshirish, ko‘p sonli yig‘ilishlar, ortiqcha yozishmalar va samarasiz xizmat safarlari amaliyotiga chek qo‘yish;
ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini mavjud muammolarning sabablari va sharoitlarini bartaraf etishga, ishni tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qayta yo‘naltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha ma’muriy tartibga solishni kamaytirish;
davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va o‘rta bo‘g‘in boshqaruv xodimlari sonini ixchamlashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining o‘zaro hamkorligini takomillashtirish.
3. 2019-yil 1-apreldan boshlab:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi;
barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholash;
aniq sohalar va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘rganish maqsadida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi joriy etilsin.
Belgilansinki, 2019-yil 1-apreldan boshlab:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish va ma’qullash jarayonida ular Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejalarini taqdim etadilar;
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
4. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov quyidagi tartib va mexanizmlarga doir aniq takliflarni puxta ishlab chiqsin va 2019-yil 1-martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlarini, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislarini faqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin tayinlash;
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga davlat dasturi amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish;
barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholash.
5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchilari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining a’zolari hisoblanadilar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish doirasida davlat boshqaruvining 93 ta organi isloh qilinganligi, shu jumladan, 77 ta vazirlik va idora qayta tashkil etilganligi, 7 tasi tugatilganligi, 9 tasi yangidan tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya raisi A.N. Aripov quyidagilarga alohida e’tibor bergan holda, 2019-yil 1-mayga qadar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar hamda xo‘jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini nazarda tutuvchi takliflarni tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini va vakolatli shaxslar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda hokimliklarning javobgarligi sohalarini belgilash va aniq chegaralash, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini ta’minlash;
davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va tamoyillarini, shu jumladan “raqamli iqtisodiyot” tamoyilini, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish;
davlat boshqaruvi organlari, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlari va biznesning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik asoslarini faol joriy etish va ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanish;
professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, byurokratiya, qog‘ozbozlik va ko‘p sonli yig‘ilishlarga chek qo‘yishning amaliy mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, suiiste’molchilik faktlariga va boshqa salbiy holatlarga qarshi kurashish.
7. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
a) yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini kiritsin, shu jumladan, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Hukumatning vakolatlarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini aniq tartibga solish va iqtisodiy, moliyaviy, pul-kredit, investitsiya, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya va boshqa sohalarda hamda joriy vaziyatni kompleks tahlil qilish asosida tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatda chuqur va tarkibiy qayta o‘zgartirishlar amalga oshirilishi va yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ularni strategik rivojlantirish modellari ishlab chiqilishi uchun uning mas’uliyatini oshirish;
Vazirlar Mahkamasi a’zolarining vakolatlarini va ularning javobgarligini belgilash;
Hukumatning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, sudlar, huquqni muhofaza qilish va harbiylashtirilgan tuzilmalar, nodavlat notijorat tashkilotlar va siyosiy partiyalar bilan o‘zaro hamkorligi masalalari;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini o‘tkazish, ularning yakunlari bo‘yicha qarorlar qabul qilish reglamenti, shuningdek, majlislarni o‘tkazish davomida ko‘rib chiqiladigan aniq masalalar ro‘yxatini belgilash;
Hukumat a’zolarini va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarini moddiy va ijtimoiy ta’minlash masalalari;
b) “Strategik rejalashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini kiritsin, shu jumladan, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishni nazarda tutuvchi yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan kompleks dasturlarni (keyingi o‘rinlarda — rivojlantirish kompleks dasturlari) ishlab chiqish mexanizmlari va tartibi;
rivojlantirishning kompleks dasturlarini ishlab chiqishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ishtiroki va o‘zaro hamkorligi, ularni tahlil qilishni, monitoringini olib borish va pirovard ijrosini tashkil etish;
qabul qilingan rivojlanishning kompleks dasturlarini har yili qayta ko‘rib chiqilishini, keyinchalik ularga global va mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar o‘zgarishi hisobga olingan holda tuzatishlar kiritilishini nazarda tutuvchi mazkur dasturlarni tahlil qilishning samarali mexanizmini joriy etish;
v) quyidagilarni:
davlat boshqaruvi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimini yanada ixchamlashtirishni;
xususiy sektorga berilayotgan davlat organlari funksiyalarining aniq ro‘yxatini tasdiqlash, bunda ushbu sohada ishlarning holatini puxta xatlovdan o‘tkazishgan holda hamda berilayotgan funksiyalarning lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etishni;
iqtisodiy jarayonlarda davlatning ishtirokini tubdan qisqartirishni nazarda tutuvchi takliflar kiritsin;
g) vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini xalqaro standartlar va normalarga muvofiq mehnatga haq to‘lash miqdorlarini mehnat natijalari, bajariladigan mehnat funksiyalarining murakkabligi va javobgarligi bilan chambarchas bog‘liq holda takomillashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bayon qilingan topshiriqlarning samarali ijro etilishini ta’minlash yuzasidan yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha konsepsiyalar, dasturlar va “yo‘l xaritalari” amalga oshirilishini nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini amalga oshirishda quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratsinlar: