3-bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi 13. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan kamida 5 kishidan iborat quyidagi tarkibda Komissiya tuziladi: komissiya raisi — ta’lim muassasasi direktori (uning vazifasini bajaruvchi shaxs); komissiya raisi o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi xodimi; komissiya a’zolari — ta’lim muassasasi direktori o‘rinbosarlari, tegishli kafedra mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari xodimlari hamda oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy ishlar sohasidagi tajribali rahbar va pedagog xodimlari; komissiya kotibi — ta’lim muassasalarining kadrlar bo‘yicha inspektori. 14. Tanlov ikki bosqichda — test va suhbat shakllarida o‘tkaziladi. 15. Tanlov har bir bosqich bo‘yicha alohida kunlarda o‘tkazilib, birinchi kun test sinovlari, ikkinchi kun suhbat shaklida o‘tkaziladi. Tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘z vaqtida o‘tkazilishini tashkillashtirish komissiya kotibi zimmasiga yuklatiladi. Kotib komissiya a’zolari va tanlovda qatnashuvchi nomzodlarga tanlovni o‘tkazish vaqti va joyi haqida tanlov o‘tkaziladigan sanadan uch kun oldin xabar beradi. 16. Tanlov moddiy-texnik vositalar bilan jihozlangan maxsus o‘quv auditoriyasida o‘tkaziladi hamda tanlov jarayoni videotasvirga olinadi. 17. Tanlov o‘tkazish bo‘yicha test savollari majmui O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan kelishiladi. 18. Test savollari va ularning javoblari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasida saqlanadi. 19. Nomzodga beriladigan test savollari 10 xil variantda tayyorlanadi va 40 tadan savoldan (shundan, har bir savolga 4 tadan (a, b, s, d) javob) iborat kitob shaklida bo‘ladi va uning titul varag‘ida nomzodning F.I.O., tanlov o‘tkazilgan kun, test savollariga berilgan javoblarni tekshirish natijalari va tekshirgan shaxs (shaxslar) F.I.O. va imzosi ko‘rsatiladi. 20. Test sinovida nomzodga 40 ta savoldan iborat 1 ta test varianti beriladi, bunda har bir to‘g‘ri javoblar — 0,5 ball bilan baholanadi. 21. Komissiya tomonidan nomzodga test sinovi o‘tkazishning qisqacha maqsadi, mazmuni va tartibi tushuntiriladi hamda belgilangan tartibda test sinovlari qabul qilinadi. 22. Nomzodlarga test sinovlariga javob berish uchun aniq fanlar (jumladan, matematika, informatika, fizika, kimyo va biologiya) uchun 90 daqiqa, ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. Javoblar varaqasini belgilash uchun qo‘shimcha 10 daqiqa beriladi. 23. Test savollariga javob berish jarayonida nomzodlarga quyidagi taqiqlar qo‘yiladi: qonunchilik hujjatlaridan, ma’lumotnoma (spravochnik) va maxsus adabiyotlardan, har qanday turdagi texnika vositalaridan yoki boshqa materiallardan (ma’lumotlardan) foydalanish; boshqa shaxslar bilan suhbatlashish; test savollari o‘tkazilayotgan xonadan ruxsatsiz tashqariga chiqish. Mazkur banddagi talablarga rioya qilmagan nomzod test jarayonini o‘tkazish tartibini buzgan deb topiladi va uni tanlovda qatnashishdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladi. Ushbu holatda Komissiya kotibi tomonidan mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda dalolatnoma rasmiylashtiriladi va Komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi. 24. Test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajargan yoki test topshiriqlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagach, nomzodlar test materiallarini komissiya kotibiga topshiradi. 25. Komissiya a’zolari test sinovlari o‘tkazilgandan so‘ng 3 soat ichida test savollariga berilgan javoblarni tekshirib, natijalarni (to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblar soni) tegishlicha har bir nomzodning test kitobi titul varag‘iga yozib qo‘yadi. Testda 12 balldan kam to‘plagan nomzod tanlovning ikkinchi bosqichiga qo‘yilmaydi. 26. Test sinovlari natijalari sinov o‘tkazilgan kunda nomzodlarga e’lon qilinadi. 27. Tanlov o‘tkazish jarayonida har bir nomzod bilan mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq 80 ballik baholash mezonlari bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi va shu kunning o‘zida test natijalari bilan qo‘shib, umumiy ball e’lon qilinadi. Suhbat davomida nomzodlarga: ilmiy-pedagogik faoliyatining natijalariga doir taqdimoti uchun 5 daqiqa; ta’limning innovatsion metodlarini qo‘llagan holda tegishli fanning aniq bir mavzusini o‘qitish metodikasi bo‘yicha pedagogik mahoratini namoyon qilish uchun — 15 daqiqa; kasbiy ko‘nikmasini aniqlash maqsadida savol-javob uchun — 10 daqiqa vaqt ajratiladi. 28. Nomzodlar tomonidan ilmiy-pedagogik faoliyati natijalarini baholashga qaratilgan o‘quv-metodik, ilmiy tadqiqot va ijodiy ish materiallarini qamrab oluvchi portfolio tayyorlanadi. Portfolioga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi tanlov o‘tkazilishidan bir kun oldin komissiya kotibi tomonidan o‘rganib chiqiladi hamda baholash uchun komissiyaga taqdim etiladi. 29. Nomzod pedagogik mahoratini namoyon qilish jarayonida quyidagilarga alohida e’tibor qaratishi lozim: pedagogik mahoratining metodik darajasi, ilmiy-pedagogik salohiyati, qo‘llaniladigan metod, usul va vositalarning rejalashtirilgan mashg‘ulot maqsadiga, shuningdek mantiqiylik, aniqlik va tizimlilik tamoyillariga mos kelishiga; o‘quv mashg‘ulotlari bo‘yicha ijodiy muhokamani tashkil etish hamda pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda auditoriyani jalb qila olishiga; o‘qitilayotgan fan bo‘yicha egallagan bilimi, amaliy ko‘nikmasi va malakasining shakllanganligiga; o‘quvchilarda ijodiy-kreativ fikrlay olish, mustaqil qaror qabul qilish orqali kasbiy ko‘nikmalarini shakllantira olishga. Nomzodning pedagogik mahoratini namoyon qilish natijalari komissiya a’zolari tomonidan ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq mezonlar asosida baholanadi. 30. Komissiya tomonidan nomzodning kasbiy faoliyatida erishgan natijalari va pedagogik mahoratini baholash bilan birga pedagog xodimlarga xos bo‘lgan kreativlik, nutq madaniyati va kasbiy kompetentlik darajasini zamonaviy talablarga mosligini aniqlash maqsadida ular bilan pedagogik suhbat o‘tkaziladi. 31. Pedagogik suhbat jarayonida komissiya a’zolari tomonidan quyidagi yo‘nalishlar doirasida savollar beriladi: ta’lim mutaxassisligining o‘ziga xosligidan kelib chiqib, vaziyatni tahlil qilishga qodirlik darajasini aniqlash bo‘yicha; o‘quvchilar ongiga “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burch” konseptual g‘oyasini singdira olish bo‘yicha; ta’limda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, kompyuter va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish samaradorligini aniqlash bo‘yicha; ta’lim jarayonida qonunchilik hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan (www.lex.uz) foydalanish, tahlil qilish va sharhlash ko‘nikmalarini aniqlash bo‘yicha; chet tillari (rus tili, ingliz tili va boshqalar)ni o‘zlashtirish darajasini aniqlash bo‘yicha; o‘quv mashg‘ulotlarda vaqtdan unumli foydalanish metodi (taym-menejment)ni qo‘llash mahoratini aniqlash bo‘yicha. 32. Komissiya a’zolari nomzodlarga berilgan savollarga ularning javoblari to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini darhol ma’lum qiladilar hamda komissiyaning har bir a’zosi o‘zining bahosini qayd varag‘iga qo‘yadi. Tanlovning mazkur shakli bo‘yicha yakuniy natijalar nomzodlarning ishtirokisiz komissiya a’zolari tomonidan kollegiallik tamoyili asosida o‘rtacha arifmetik ball shaklida xolisona baholanadi. 33. Tanlovdan o‘tayotgan nomzodlarning fan doktori (DSc) yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga egaligi, xalqaro yoki respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rgazmali tanlov hamda nominatsiyalarda erishgan yutuqlari, chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatning mavjudligi, shuningdek pedagogik suhbat jarayonida o‘quvchilarga “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burch” konseptual g‘oyasini singdira olishga doir kasbiy va shaxsiy sifatlari ularni ijobiy baholashda inobatga olinadi. 34. O‘tkazilgan ikki bosqichli tanlovning yakuniy natijalari komissiya a’zolarining imzosi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakldagi tanlov natijalari qayd varaqasi rasmiylashtiriladi.