4-bob. Tanlov natijalari 35. Tanlov komissiyasi qaroriga ko‘ra mazkur Nizomga 3-ilovada keltirilgan baholash mezonlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar tanlov o‘tkazilayotgan bo‘sh o‘rinlarga pedagogik xodim sifatida ishga qabul qilinadi. 36. Tanlov natijalariga ko‘ra quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi: a) pedagog xodim sifatida ishga qabul qilishga tavsiya etiladi; b) pedagog xodim sifatida ishga qabul qilishga tavsiya etilmaydi. 37. Tanlov natijalari komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi. 38. Tanlov natijasidan norozi bo‘lgan nomzodlar apellatsiya komissiyasiga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilish huquqiga ega. 39. Apellatsiya komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i asosida kamida 4 kishidan iborat tanlov komissiyasi faoliyatida ishtirok etmagan ta’lim muassasasi direktori o‘rinbosari, tegishli kafedra mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari xodimlari hamda oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy ishlar sohasidagi tajribali rahbar va pedagog xodimlaridan iborat tarkibda tuziladi. Apellatsiya komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi xodimi raislik qiladi. Apellatsiya shikoyati tanlov natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab bir ish kuni davomida berilishi mumkin. Nomzod tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati apellatsiya komissiyasi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi lozim. Apellatsiya komissiyasi shikoyatni ko‘rib chiqish natijasiga qo‘ra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: a) e’tiroz asossiz bo‘lsa, apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish va tanlov natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish; b) e’tiroz asosli bo‘lsa, tanlov natijalariga o‘zgartirish kiritish va pedagog xodim sifatida ishga qabul qilishga tavsiya etish. 40. Tanlov bilan bog‘liq barcha hujjatlar ta’lim muassasalarining kadrlar bo‘linmalarida 5 yil davomida saqlanadi.