SUV RESURSLARINI MUHOFAZA QILISH VA SAMARALI
FOYDALANISH.
Suv tabiatda keng tarqalgan bebaho boylik bo'lib, u tiriklikning asosidir.
Binobarin, dastlabki tirik hujayra koatservat tomchilari sifatida suv muhitida paydo
bo'lgan va evolyutsion taraqqiyot jarayonida ulardan suvda yashovchi bir va ko'p
hujayrali organizmlar kelib chiqqan. Yer yuzidagi biror tirik organizm suvsiz
yashayolmaydi, chunki undagi to'qimalarning asosiy qismini suv tashkil qiladi.
Masalan, 18 yoshdan 50 yoshgacha bo'lgan kishilarning organizmida gavda
og'irligining 61% ni suv tashkil qiladi. Ayollarda, semiz kishilarda va keksalarda
bu ko'rsatkich biroz pastroq bo'ladi. Odam tanasidagi suvning 70% hujayra
protoplazmasini, 23% to'qimalararo suyuqlikni, qolgan 7% esa qon plazmasini
hosil qiladi. Organizmda suvning bir yo'la 10% ga kamayishi odamni og'ir ahvolga
solib qo'yadi, uning 20-25% ga kamayishi esa kishini halok qiladi. Suv ayniqsa
suvda yashovchi hayvonlar tanasida ko'pdir. U, masalan, medo'zada gavda
og'irligining 99,7% ni tashkil qiladi. Mana shu ma'lumotlarning ozigina «suv -
hayot manbaidir» degan iboraning qanchalik haqqoniyligini ko'rsatib turibdi.
Odam organizmi o'z hayotiy jarayonlarini amalga oshirishi uchun sutkasida
o'rtacha 2,5 l. suvni qabul qiladi va uni o'z to'qimalaridan o'tkazib, chiqarib
yuboradi. Jumladan 400 m litr suv nafas chiqarish jarayonida suv bug'i holatida
chiqariladi. Organizmdagi ko'proq suv (1,5 litrga yaqin) siydik va hojat bilan
chiqariladi, qolgani ter bezlari orqali chiqariladi.
Odam va hayvon organizmi bir qism suvni endogen yo'l bilan o'zi ishlab
chiqaradi. Masalan, organizmdagi 100g. yog'ning parchalanishida 107 ml, 100g.
uglevod parchalanishda esa 55 ml suv ajraladi. Qurg'oqchilik sharoitiga
moslashgan hayvonlarning suvsizlikka chidab yashayolishi ana shu endogen
suvlarning ajralishiga asoslangan. Shuning uchun ham sahrodagi hayvonlar - tuya,
yumronqoziq, qumsichqonlar uzoq muddat suv ichmasdan yashayoladi, avstraliya
sichqonlari esa umr bo'yi suv ichmasdan endogen suv hisobida yashaydi.Tirik
organizmlarda kechadigan barcha hayotiy jarayonlar suvning ishtirokida suyuqlik
muhitida kechadi. Chunonchi, qabul qilingan ozuqa mahsulotlari hamda
kislorodning parchalanishi va ularning to'qimalarga yetkazib berilishi hamda
to'qimalarda hosil bo'lgan chiqindilarning tashqi muhitga chiqarib tashlanishi kabi
murakkab biokimyoviy va biofizik jarayonlar suv yordamida amalga oshadi.
Yerda hayotning asosi yashil o'simliklarda kechadigan fotosintez jarayonidir.
Bu jarayonda suv asosiy xomashyo vazifasini o'taydi. Fotosintezda quyosh nuri
ta'sirida suv vodorod va kislorodga ajraladi. Ajralgan kislorod erkin molekula
holda tabiatga chiqariladi, vodorod esa karbonat angidrid bilan birikib, katta ichki
energiya zapasiga ega bo'lgan organik birikmalarni hosil qiladi. Shu asnoda tirik
mavjudotlar uchun oziqlanish va nafas olish sharoiti yaratiladi.
Suvning yana bir muhim xususiyati, unda issiqlik sig'imining yuqoriligidadir.
Suvning issiqlik sig'imi yog'ochnikidan 2 baravar, qumnikidan 5 baravar,
temirnikidan 10 baravar va havonikidan 3200 baravar yuqori. Demak, 1 m3 suv 10
ga soviganda 3200 m3 havoni 10 ga ilitadi. O'zining bu xususiyatiga ko'ra suv
biosferada, shu jumladan odam organizmida haroratni mo'tadillashtirib turadi.
Atmosferadagi suv bug'lari quyosh radiatsiyasini filtrlab, uning haroratini 80% ga
yutadi va bu haroratni sutkaning quyoshsiz paytlarida sarflaydi. Shu asosda kun va
tunning, yoz va kishning harorati o'rtasidagi farq kamaytiriladi. Bundan tashqari
yer yuzidagi suvliklar va ulardan ko'tarilayotgan suv bug'lari yerda iqlim hosil
qilishi, mintaqalarning iqlimi orasida o'zaro bog'liqlik bo'lishini ta'minlaydi.
Suvning muhim xususiyatlaridan yana biri unda fotokimyoviy jarayonlarning
kechishidir. Bu jarayonlar davomida suvda turli xildagi kimyoviy elementlar hosil
bo'ladi. Tabiatda tarqalgan 107 xil kimyoviy elementlarning 62 tasi suvda topilgan.
Bu elementlar suvda doimiy harakatda va o'zaro ta'sirda bo'ladi. Shuning uchun
ham, aytish mumkin-ki, suv geologik jarayonlarda faol ishtirok etadi. U qattiq
jinslarni parchalaydi va tuproq hosil qiladi, bir joyni yuvib boshqa joyga keltirib
tashlaydi va bu bilan relyef hosil qilishda ishtirok etadi. Ma'lumotlarga ko'ra Yer
yuzidagi oqar suvlar har yili o'zlari bilan ko'l, dengiz va okeanlarga 10 mlrd. tonna
yotqiziqlarni oqizib keladi. Suvning bu xususiyati bo'lmaganida sayyoramiz
shunchaki yum-yumaloq toshdan iborat bo'lar, unda na tuproq va na tiriklik
bo'lmas edi.
Aytilganlardan tashqari suvning yana bir qator foydali xususiyatlari borki,
bular ham kishilik jamiyatining rivojida muhim o'rin tutadi. Dehqonchilik va
chorvachilikni rivojlantirish, arzon elektr quvvati ishlab chiqarish, sanoat ishlab
chiqarishini tashkil qilish va transport vositalaridan foydalanish, sog'liqni saqlash
va shu singari xalq xo'jaligining muhim tarmoqlarini, shuningdek kishilarning
kundalik turmushini suvsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.
Biosferadagi suv resurslarining zahirasi juda katta bo'lib, u qariyb 1,5 mlrd.
km. kubga teng. Bu zahiralar 2 turga bo'linadi - asriy zahiralar ya'ni abadiy
muzliklar va qayta tiklanadigan zahiralar ya'ni tabiatda aylanib turadigan suvlar.
Yerdagi suvning bug'lanishi va uning yog'inlar sifatida qayta tushishi biri - birining
o'rnini to'lidirib turadi, ya'ni suyuq holdagi suvlar tabiiy balansda aylanib turadi.
Okeanlar yuzasidan yiliga 116 - 124 sm qalinlikda suv bug'lanadi va ular yuzasiga
107 - 114 sm qalinlikda yog'in yog'adi, quruqlikdan esa yiliga taxminan 47 sm
qalinlikda suv bug'lanadi va 71 sm. qalinlikda yong'in yog'adi. Dengiz va
okeanlarda bug'lanish bilan qaytib tushish o'rtasidagi farqni daryo oqimlari tekislay
boradi. Daryolardan dengiz va okeanlarga yiliga 45 ming km. kub atrofida suv
quyiladi.
Tabiatda suvning qattiq, suyuq va gazsimon holatlarda bo lishi uning
biosferada keng tarqalishiga imkon beradi. Atmosferaning yuqori qatlamlaridan
tortib yerning chuqur qavatlarigacha, baland tog' cho'qqilaridan to chuqur dengiz
va okeanlargacha hamma yerda suv muhitini uchratish mumkin. Biosferadagi suv
resurslarining zahirasi juda katta bo'lgani holda, ularning 94% okean suvlariga
to'g'ri keladi. Bu suvlar ota sho'rligi sababli ulardan amalda kam foydalaniladi.
Insoniyat oldida turgan ko'pdan-ko'p vazifalar orasida suv resurslarini toza
saqlash va ulardan oqilona foydalanish alohida o'rin tutadi.
Suvning tabiatda aylanib turishi nafaqat suv miqdorining barqarorligini
ta'minlaydi, balki uning sifatini ham tiklab turadi. Tekshirishlar ko'rsatishcha,
tabiatda aylanish jarayonida atmosfera namligi 8-10 kun davomida to'liq
yangilanadi ya'ni shu davr mobaynida u to'liq aylanadi. Bu jarayon daryo suvlarida
12-16 kunni, ko'l suvlarida 200-300 yilni, okean suvlarida esa 3000 yilni o'z ichiga
oladi.
Xalq orasidagi «Suv yetti dumalasa halol bo'ladi» degan ibora bejiz
aytilmagan. Darhaqiqat oqar suv o'z harakati davomida quyosh radiatsiyasi
yordamida suv o'tlari, bakteriyalar va zamburug'lar ishtirokida kechadigan
gidrobiokimyoviy jarayonlar natijasida o'z-o'zini ba'zi iflosliklardan tozalaydi. 1
sutkada u yarim tozalanadi, 4 sutka davomida esa to'liq tozalanadi. Lekin unga
iflos suvlarning ko'p tashlanishi, tarkibi barqaror zaharlarning aralashishi
tozalanish jarayonini susaytiradi va uni hatto to'xtatib qo'yadi. Shuning uchun ham
iflos oqava suvlarni ochiq suv havzalariga iloji boricha tashlamaslik, hech
bo'lmaganda tashlashdan oldin ularni maxsus inshootlarida tozalash zarur.
Suvni toza saqlash va undan oqilona foydalanishning bir necha usuli bor.
Bular-texnikaviy usul, gidrologik-geografik usul, suvdan kompleks foydalanish
usuli va tashkiliy chora-tadbirlarni bajarish usuli.
Texnikaviy usul quyidagi ishlardan iborat:
1)suv resurslarining kamayib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun daryo va
ko'llarga oqava suvlarning tashlanishini imkon qadar kamaytirish, keyinchalik esa
butunlay to'xtatib qo'yish. Bu usul sanoat korxonalarini suv bilan ta'minlashning
yangi texnologiyasiga o'tish, suvdan foydalanishda yopiq tsikl tizimini joriy
qilishga asoslangan. Bu vazifa ancha murakkab, lekin amalga oshirishsa bo'ladigan
vazifadir. Hozirgi vaqtda AQSH va Germaniyadagi ba'zi sanoat korxonalari,
Rossiyadagi Chelyabinskiy metallurgiya zavodi, O'zbekistondagi Olmaliq kimyo
zavodi va shunga o'xshash bir qancha sanoat gigiantlarida suvdan foydalanishning
yopiq tsikl tizimiga o'tilgan. Bu korxonalarda suvning texnologik jarayonida
yo'qotiladigan qismigina toza suv hisobidan to ldiriladi. Bu miqdor ishlatiladigan
suvning 10% idan oshmaydi. qolgani esa tozalashdan o'tkazilib tsiklga qaytariladi;
2)oqava suvlarni tozalash usullarini takomillashtirish asosida tozalash
inshootlarning ish unumini oshirish va ularning quvvatini ko'paytirish. Bu usul
hozirgi vaqtda ko'pgina joylarda qo'llanilmoqda. Tozalash inshootlarida tozalangan
suvlardan xalq xo'jaligining ba'zi sohalarida foydalanish mumkin. Masalan, ular
sanitariya ko'rigidan o'tgach, dehqonchilikda yerlarni, bog'-rog'larni sug'orishda
yoki a'lo sifatli suv talab qilmaydigan sanoat korxonalarida foydalanish mumkin;
3)toza suvni har tomonlama tejash, ayrim ishlab chiqarish turlarini suvsiz
texnologiyaga otkazish. Fan va texnikaning rivoji sanoat ishlab chiqarishi
texnologiyasini takomillashtirib ajoyib yutuqlarni qo'lga kiritdi. Masalan, ilgarilari
1 tonna neftni qayta ishlashga 20-30 m.kub suv sarflangan bo'lsa, 1957 yilda bu
miqdor 7,97 m. kubni, 1960 yilda-1,32 m. kubni, 1967 yilda -0,84 m. kubni, 1984
yilda esa 0,12 m. kubni tashkil qildi. Rivojlangan ba'zi mamlakatlarda suv
quvurlarining ikki xil, ya'ni ichimlik suvi uchun va texnik suv uchun alohida
otkazilgani bu ishda katta natija bermoqda. Parij, Gannovar, Shtutgart va
Frankfurt-Mayn shaharlarida ana shunday suv quvurlari mavjud;
4)sanoat korxonalaridagi agregatlarni sovutishda suvni sovuq havo oqimi
bilan almashtirishga o'tish. Sanoatda ishlatiladigan suvning 45% igacha faqatgina
sovutish maqsadlarida foydalaniladi. Bu ishni havo oqimi yordamida bajarish 70-
90% gacha suvni tejash imkonini beradi;
Gidrologik - geografik usul tabiatda suvning aylanishi va quruqlik bilan suv
o'rtasidagi muvozanatni boshqarishga asoslangan. Bu usul asosan yer osti suvlari
oqimining barqarorligini saqlash va tuproqdagi namlikni ko'paytirishga qaratilgan
bo'lib, u oz ichiga quyidagilarni oladi:
1)daryo suvlari rejimini boshqarib turish. Bunga daryolarda suv omborlari
qurish, shu hisobdan suv toshqinlari xavfini bartaraf etish va daryo suvi kamayib
qolgan davrda suv omboridagi suvdan qo'shib berish tadbirlari kiradi. Bunda ba'zi
joylarda yer osti suvining sathi ko'tarilib, yerlarning sho'rlanishi oshishi mumkin,
lekin bundan keladigan zarar suv omborining daryo suvini tartibga solishdan
keladigan foydasiga nisbatan arzimas darajadadir.
Bunday suv omborlarining umumiy suv hajmi Yer sharida 70-yillar boshida
100 mln. m. kub bo'lgan bo'lsa, on yil orasida bu miqdor 410 mln. m. kubga chiqdi.
Bunday suv omborlari jumlasiga 90-yillar Amudaryoda barpo etilgan Tuya mo'yin
suv omborini ham kiritish mumkin;
2)yer ostidagi suvning aylanib yurish halqasini kengaytirish yo'li bilan yer
osti suv omborlari qurish, ya'ni yer osti suvi hajmini sun'iy ravishda yer usti suvi
hisobiga ko'paytirish. Bu usuldan suv tanqisligi sezilayotgan rivojlangan
mamlakatlarda keng foydanilmoqda. Toshkin suvlari va korxonalarda ishlatilgan
suvlarni tozalab, yer osti omborlarida to'plash natijasida AQSH da ulardan
sutkasiga 2 mlrd. litr toza suv olinmoqda. Germaniya, Turkiya va boshqa
mamlakatlarda ham yer osti suv omborlari mavjud;
3)ekinzorlarni suv bilan keragicha ta'minlash maqsadida tuproqning namligini
saqlashga imkon beruvchi meliorativ tadbirlarni amalga oshirish, ormon va ixota
maydonlarini kengaytirish. Sug'oriladigan dehqonchilikda melioratsiya ishlarini
amalga oshirish suvdan unumli foydalanishining muhim usulidir. Bularga suvdan
tejamkorlik bilan foydalanish, yomg'ir usulida, tomchilatib va namlatib sug'orish,
kanallarda suv yerga shimilib ketishining oldini olish maqsadida ularni
betonlashtirish, lotok ariqlar qurish kabi ishlar kiradi.
Iflos suvlarni tozalash maxsus suv tozalash inshootlarida 3 xil usulda
bajariladi:
a) mexanik tozalash usulida suvda erimaydigan aralashmalar maxsus
panjaralar, simturlar, yog' tutgichlar, moy tutgichlar va neft tutgichlarda saqlab
qolinadi. Keyin esa suv tindirgich hovo'zlarida tindiriladi, bunda tutib qolinmagan
og'ir mexanik zarrachalar suv ostiga cho'kadi, yengillari esa suv betiga qalqib
chiqadi. Mexanik tozalash usulida kundalik turmush oqavalaridagi suvda erimagan
zarralarning 60% gacha, sanoat oqavalaridagi zarralarning esa 95% igacha
tozalanadi;
b) kimyoviy tozalash usulida suvga shunday kimyoviy moddalar qo'shiladiki,
bu moddalar oqava suvdagi iflosliklar bilan bog'lanib, ularni cho'kmaga tushiradi.
Cho'kmaga tushmaydigan ba'zi moddalarni esa ular kimyoviy yo'l bilan
zararsizlantiradi. Kimyoviy tozalash usulida suvda erigan iflosliklar 25% gacha,
erimagan iflosliklar esa 95% gacha tozalanadi;
v) biologik tozalash usuli oqava suvlar tarkibidagi organik iflosliklarning
aerob biokimyoviy jarayonlar natijasida tozalanishiga asoslangan bo'lib, bu jarayon
tabiiy va sun'iy sharoitlarda amalga oshirilishi mumkin. Tabiiy sharoitda tozalash
iflos suvni maxsus maydonlardagi tuproqdan filtrlab o'tkazishga asoslangan.
Bunda suvni tozalash uchun qalinligi 80 sm bo'lgan tuproq qatlami kifoya. Sun'iy
sharoitda esa oqavalar bioprudda tozalanadi. Bioprudlarda biofiltrlar yoki
(aerotenkalar) bo'lib bu usul ham suvni filtrlab tozalashga asoslangan. Bunda
bioprud tagiga donador g'ovak materialdan tushalgan biofiltr qatlami bo'lib, bu
qatlamning sirtida aerob mikroorganizmlar plyonka hosil qiladi. Bu plyonka ba'zan
«Tirik loy» ham deb yuritiladi. Bu yerda suvdagi iflosliklar ham biokimyoviy yo'l
bilan parchalanadi va ham iflos suv donador qavatdan sezib o'tib tozalanadi.
Biofiltr sifatda keramzit, shag'al, shlak va donador qumdan foydalanish mumkin.
«Vodgeo» Toshkent ilmiy tekshirish institutida o'tkazilgan tajribalar ko'rsatishcha
keramzitdan sizdirib o'tkazilgan suv ammoniy azotidan yarim soatda 86,7%, bir
soatda esa 95,6% tozalanadi.
Dostları ilə paylaş: |