Sog’inib Zulfiya
Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za’far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?
Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaff of, yorqin kuy tilar ko‘ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So‘zlab turar bor dilimni ul…
Asqad Muxtor
Oliy butunlik
O, ona tabiat!
Sen bilan yak sonman,
Sen mening erkimsan, mening qafasim.
Jonim shirinligi, tirikligim sendan,
Sof havodan olgan nafasim.
Tug‘ishganlik hissi yo‘l qo‘ymaydimi,
Odatmas quyoshga aytmoq tashakkur.
Har tong qarshisida tiz cho‘ksam arzirdi,
Yorug‘ dunyom mening, ko‘zimdagi nur.
Sezaman ekinlar tanasidagi
Sharbat bo‘lib oqqan rizqimni.
Naykamalak, gullar – mening hislarim,
Bahor yangilaydi hayot ishqimni.
Yer issiq, yer yumshoq, o‘zim ham yerdan,
U ko‘rinmas menga bir marrasimon.
Yo‘q, men abadiyman.
Menga o‘lim yo‘q.
Tirik tabiatning bir zarrasiman.
O, hayotning oliy butunligi!
Insonga ufqlarni kengroq och,
Jamiki dardlarga malham o‘zingsan,
Azobli o‘ylarga yog‘du soch.
Azobli o‘ylarga yog‘du soch…
‘’MUHOKAMA QILAMIZ’’ metodi: Bunda sinf guruhlarga bo’linadi va o’qituvchi tomonidan savollar o’rtaga tashlanadi. Har bir guruh savollar yuzasidan o’z fikrlarini bayon qiladilar. Oxirida aytilgan fikrlar umumlashtiriladi:
Eslatma: Ushbu metod o’quvchilarni jamoa bo’lib ishlashga, o’zaro fikrlashga va do’stining fikrini hurmat qilishga o’rgatadi.
Savollar
1. “Oliy butunlik” she’rining g‘oyaviy asosi haqida nimalar deyish
mumkin? Nega she’r “Oliy butunlik” deb nomlangan? Fikrlaringizni matn
asosida dalillang.
2. Qanday qilib ona tabiat inson uchun bir vaqtning o‘zida ham erkinlik
va ham tutqunlik (qafas) bo‘lishi mumkin? Nima uchun shoir bu so‘zlarni
tabiatga nisbatan qo‘llamoqda?
3. “Har tong qarshisida tiz cho‘ksam arzirdi” satrida lirik qahramon
nimaga ishora qilmoqda? Tongning inson hayotidagi qimmati nimalarda
aks etadi?
4. Qanday qilib bahor insonlardagi hayot ishqini yangilashi mumkin?
Bunday fi krni boshqa faslga nisbatan ham qo‘llash mumkinmi? Nima
uchun?
5. She’rlarda ishlatilgan badiiy tasvir vositalarini toping. Ularning she’r
badiiy va g‘oyaviy qimmatini oshirishdagi ahamiyatini matn asosida
izohlang.
Dostları ilə paylaş: |