16-mavzu: Axloqiy tarbiya va madaniyat uyg’unligi
Reja:
1. Muomala madaniyati – axloqiy madaniyatning tarkibiy qismi va uning ijtimoiy-tarixiy
ahamiyati
2. Asosiy axloqiy qadriyatlar. Kasbiy odobning axloqiy madaniyat bilan uyg‘unligi
3. Sog‘lom turmush tarzining barkamol avlod axloqiy tarbiyasidagi ahamiyati
4. San’atning turlari va shaxs axloqiy tarbiyasiga ta’siri
Davlat va fuqarolik jamiyatidagi axloqiy yuksaklik darajasini uning fuqarolari axloqiy
madaniyati belgilaydi.
AXLOQIY MADANIYAT - axloqiy tarbiyaga doir asarlar, qarashlar, g‘oyalar,
ko‘nikmalar va ularga amal qilinish hisoblanadi.
Axloqiy madaniyat shaxsning jamiyat axloqiy tajribalarini egallashi va bu tajribalardan
boshqa odamlar bilan bo‘lgan munosabatlarida foydalanishi, o‘z-o‘zini muntazam
takomillashtirib borishi singari jihatlarni o‘z ichiga oladi.
U shaxs axloqiy taraqqiyotining belgisi hisoblanadi. Zero, axloqiy madaniyat axloqiy
tafakkur madaniyatining qator unsurlarini o‘z ichiga olgan tuzilmadir.
Axloqiy madaniyat shaxsning o‘zgalar bilan o‘zaro munosabatlarida namoyon bo‘ladi.
Insonning xatti – harakati, xulq – atvori va yurish – turishi va ularni doimo nazorat qila
bilish darajasi, kishilar o‘rtasidagi muomala munosabatidir.
Axloqiy madaniyat shuningdek, insonning o‘z xatti – harakatlarini me’yorini anglashdir.
SHAXSNING AXLOQIY MADANIYATI- individ tomonidan axloqiy ong orqali jamiyat
madaniyatini idrok etish darajasi; axloq talablari inson xatti-harakatlari jamiyatning
37
shakllantiruvchi ta’siri ostida qay darajada chuqur va uyg‘un ekanligi ko‘rsatkichidir. Turli
omillar ta’siri ostida: hayotiy tajriba va tarbiya; bilim va san’at shaxs jamiyatning axloqiy
madaniyati yutuqlarini turli darajada o‘z ongi va xatti-harakatlarida jamlaydi.
Shaxsning axloqiy madaniyati murakkab dastur bo‘lib, o‘z ichiga insoniyatning shunday
tajribasini oladiki, unga ko‘ra inson an’anaviy vaziyatlarda axloqan ish yuritadi, hamda ongning
ijodiy elementlarini –axloqiy aql, intuitsiyani ham o‘z ichiga oladi va ular yordamida muammoli
vaziyatlarda ahloqiy qarorlar qabul qila oladi.
Shaxsning axloqiy madaniyatini shakllantirishdan maqsad-an’anaviy va ijodiy
elementlarning optimal uyg‘unligiga erishish, shaxsning aniq bir tajribasini jamoatchilik
axloqining barcha boyliklari bilan birlashtirishdir.
Shaxsning axloqiy madaniyati - elementlarining yaxlit tizimi bo‘lib, etik fikrlash
madaniyati (axloqiy mulohaza yuritish qobiliyati, etik bilimlardan foydalana olish, yaxshilik va
yomonlikni ajratish, yuzaga kelgan vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlariga axloqiy me’yorlarni
qo‘llay bilish va hakozalar)ni qamrab oladi. O‘z ichiga yana tuyg‘ular madaniyatini, insonning
“axloqiy rezonansga” qobilligini, hamdardligini va jonkuyarligini; axloqiy tajribada his-tuyg‘u va
o‘ylarning amalga oshirilish qiyofasini, ularning kundalik hayotda xatti-harakat me’yoriga
aylanib borish darajasini xarakterlovchi xulq-atvor madaniyati; shakllarni reglamentlovchi
qoidalarga qay darajada amal qilish sifatidagi etiketni, muloqotda shaxsning o‘zini tuta bilishini
oladi.
Xulosa qilib aytganda, shaxsning axloqiy madaniyati - umumiy axloqiy tamoyillarni
bilish, ularni chuqur his etilgan qarashlariga aylantirish, xatti-harakatlarning eng munosib
shaklini qo‘llay bilishdir. Uning har bir elementini o‘zlashtirish shaxsning axloqiy madaniyati
mustahkamligini shakllantirishga yordam beradi.
Shaxsning axloqiy madaniyati oliy darajasini “axloqiy donolik” deb, axloqiy faoliyatining
optimalligini va uyg‘unligini ta’minlab bera olish, har qanday vaziyatda ham munosib xatti-
harakat qila olish deb ta’riflasa bo‘ladi.
17-mavzu: Estetik tarbiyaning turlari va yo’nalishlari
Reja:
1. Estetik tarbiyaning turlari va yo‘nalishlari
2. Shaxsni estetik tarbiyalashda fan, ta’lim va madaniyatning o‘zaro bog‘liqligi Estetikaning
asosiy kategoriyalari: go‘zallik, ulug‘vorlik, fojiaviylik va xajviylik
3. Mehnat- turmush estetikasining muhim omili
4. Olamni estetik anglashda texnologiyalarning roli. Reklamaning estetik jihatlari va g‘ayriestetik
holatlar
Sog’lom turmush tarzini shakllantirishda estetik tarbiyaning o’rni nihoyatda katta. Chunki,
tarbiyaning boshqa shakllaridan farqli o’laroq, estetik tarbiya insonning doimiy hamroxi, ya’ni
uning tug’ilishidan toki umrining oxiriga qadar ehtiyoj sezib yashaydigan tarbiya shaklidir. Inson
o’zining estetik tarbiyasini takomillashtirmay turib, hayotini to’laqonli yo’lga qo’yishi mumkin
emas. Chunonchi, hayotning go’zalliklarini xis etish va undan bahramand bo’lish ham insonning
estetik jihatdan qanday tarbiya ko’rganligiga bog’liq.
Odatda chiroyli kiyingan, shirin muomalali inson bilan muloqot qilganimizda yoki saramjon-
sarishta xonadonga tashrif buyurganimizda ularga nisbatan “estetikasi zo’r” degan baxo beramiz. Bu baxo
bilan ayni paytda o’zimizning estetik tarbiyamizni ham baxolagan bo’lamiz. Biroq, estetik tarbiya o’z-
38
o’zidan paydo bo’lib, rivojlanadigan «mikroorganizm» yoki birdan to’xtab qoladigan «mexanizm» emas.
U sekin-asta inson tomonidan orttirilgan hayotiy tajribalar, ko’nikmalar, bilimlar orqali shakllanib boradi.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin, fuqarolik jamiyatini qurish jarayonida insonning amaliy
faoliyati bilan bog’liq bo’lgan barcha sohalarda estetik tarbiyaga bo’lgan ehtiyoj yanada ortadi. Ayniqsa,
ishlab chiqarish munosabatlari o’zgarayotgan, axborot kommunikatsiya texnologiyasi va Internetning
insonlarga tobora yaqinlashuvi, xizmat ko’rsatishning yangidan-yangi turlari shakllanayotgan hamda
inson ongini egallash uchun olib borilayotgan kurash jarayonida estetik tarbiya masalalari kun tartibining
dolzarb masalalariga aylanmoqda.
Zamonning o’zgarishi bilan insonning jamiyatga, tabiatga bo’lgan munosabati ham o’zgarib boradi.
Bu esa shubhasiz, insonning tafakkuri bilan bog’liq jarayondir. Zotan, insoniy munosabatlarga daxldor
bo’lgan biror-bir jarayon yo’qki, u erda tafakkur ishtirok etmasa. Shunday ekan, odamlarning tafakkuri va
dunyoqarashining voqelikka ko’rsatadigan ta’siri bugungi kunning eng dolzarb masalasi bo’lib turgan
milliy g’oya va milliy mafkurani shakllantirishning sharti sifatida alohida e’tirof etilishi bejiz emas. Bu
jarayonlarda estetika amaliy jihatdan o’zini estetik tarbiya orqali namoyon qiladi. Zero, avval boshda
uqtirib o’tganimizdek, nafosat tarbiyasi insonda hayot va san’atdagi go’zalliklardan bahramand bo’lish,
ularni baholay bilish hamda o’zi ham go’zalliklar yaratish tuyg’ularini shakllantirishga ko’mak beradi.
Ammo, bu jarayon o’z-o’zicha emas, balki bir qator omillar va vositalar ishtirokida amalga oshiriladi.
Estetik tarbiya mohiyatan insoniy ideal bilan bog’liq bo’lib, estetik ideal egasi nafis didga, pokiza
tuyg’ularga egaligi bilan ajralib turadi. Ma’lumki, shaxs ijtimoiy taraqqiyotning turli xil jabhalarida
bevosita va bilvosita ishtirok etadi va faoliyat olib boradi, shaxs bu bilan ijtimoiy taraqqiyotning estetik
sub’ektiga aylanadi. Shunga ko’ra, aytishimiz mumkinki, jamiyatda yashayotgan biror–bir shaxs estetik
jarayonlardan chetda turmaydi, aksincha, o’zining muayyan xatti–harakati bilan mazkur jarayonlarga u
yoki bu darajada ta’sir ko’rsatadi.
Shuni ta’kidlash joizki, estetik tarbiya badiiy tarbiya bilan doimiy tarzda aloqada bo’lib keladi.
Biroq, bu «estetik tarbiya badiiy tarbiya bilan bir xil ma’no kasb etadi», degan gap emas. Negaki, badiiy
tarbiya ijod jarayonidagi rang–barangliklar olamini inson tomonidan estetik tarzda anglash va
o’zlashtirishning bir qismi, xolos. Shu ma’noda estetik tarbiya – jamiyatda ma’naviy muhitni paydo
qilishga ko’mak beruvchi muhim unsur bo’lib, u inson didini shakllantiruvchi, rivojlantiruvchi hamda ana
shu orqali insonni jamiyat munosabatlariga yaqinlashtiruvchi kuchdir.
MEHNATNING estetik tarbiya vositasi sifatidagi ahamiyati. Mehnat ham moddiy, hamda
ma’naviy go’zalliklar yaratish bilan estetik tarbiyaning muhim vositasiga aylanadi. Bu jarayon ijtimoiy–
foydali mehnatning badiiylik bilan aloqasi ta’sirida vujudga keladi. Mazkur munosabat pirovardida
mehnat vositalarining insonga keltiradigan zararini kamaytiradi. qolaversa, mehnatga ijodiy yondashuv
jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilovchi omil hisoblanadi.
O’zbekistonda barpo etilayotgan jamiyatning iqtisodiy asosi–ijtimoiy yo’naltirilgan bozor
iqtisodiyotidir. Ushbu jarayonda eng muhim va dolzarb vazifa insonlarda mehnatga bo’lgan yangicha
tuyg’uni shakllantirishdan iborat. Tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rag’batlantirish, odamlarda mulkka
egalik xissiyotini tarbiyalash o’z navbatida mehnatga bo’lgan munosabat orqali rivojlanib boradi. Negaki,
odamlarda ko’p ukladli, turli mulk tizimlarini barpo etishga bo’lgan rag’bat tarbiyasi insonni bir
tomonlama fikrlashdan, boqimandachilik kayfiyatlaridan halos qilib, tashabbuskorlik va tadbirkorlikni,
odamning o’z kuchi va salohiyatiga suyanishini kuchaytiradi, mehnatga hurmat, sadoqat va fidoiylik
tuyg’ularini shakllantiradi. Bu pirovardida xalq turmush darajasining o’sishiga olib keladi. Mehnatga
bo’lgan yangicha munosabat o’zining ana shunday hususiyatlariga ega ekanligi bilan nafosatli tarbiyaning
muhim vositasi bo’lib sanaladi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari inson estetik tarbiyasiga yaqindan ta’sir qiluvchi qudratli
va faol kuchdir. Ayniqsa, televidenie shaxs hamda ommani estetik dunyoqarashini shakllantirishda, ularni
nafosatli jihatdan tarbiyalashda yuksak ahamiyat kasb etadi. Rang–barang mavzulardagi ko’rsatuvlar
39
badiiy va hujjatli filmlar, ijtimoiy–ma’naviy mazmundagi reklamalar, telemarafonlar nafosatli tarbiyani
maqsadli yo’naltirishda, insonlar tafakkurida go’zallikka bo’lgan yangicha munosabatni shakllantirishda
salmoqli ahamiyat kasb etadi.
SPORT – estetik tarbiyaning zamonaviy vositasi. Sport estetik tarbiya vositasi sifatida zamonaviy
insonni kamol toptirishda alohida e’tiborga ega. Hozirda sportni rivojlantirish mamlakatimizda davlat
siyosati darajasiga ko’tarildi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad avlodni jismonan baquvvat, sog’lom,
vatanning jasur himoyachisi qilib tarbiyalashdir. Hozirda yurtimizda sportni rivojlantirishga doir ko’plab
dasturlar ishlab chiqilgan va ular jamiyat munosabatlaridan amalda ishtirok qilmoqdalar. Keyingi
kunlarda O’bekiston ko’plab sport turlari bo’yicha jahon musobaqalarni uyushtiruvchi va o’tkazuvchi
mamlakat sifatida jahon hamjamiyatida ko’zga ko’rinib bormoqda. Ana shularning barchasi muayyan
ma’noda inson nafosatli dunyoqarashini, tafakkurini sog’lomlashtirishiga qaratilgan. Bir so’z bilan
aytganda, sport estetik tarbiyaning muhim vositasi sifatida «Farzandlari sog’lom yurtning kelajagi porloq
bo’ladi» - degan maqsadni amalga oshirishga muhim hissa qo’shadi.
Estetika yoxud Nafosat falsafasi eng qadimgi fanlardan biri. Uning tarixi ikki yarim-uch ming yillik
vaqtni o’z ichiga oladi. Biroq u o’zining hozirgi nomini XYIII asrda olgan. Ungacha bu fanning asosiy
muammosi bo’lmish go’zallik va san’at haqidagi mulohazalar har xil san’at turlariga bag’ishlangan
risolalarda, falsafa hamda ilohiyot borasidagi asarlarda o’z aksini topgan edi. «Estetika» atamasini
birinchi bo’lib buyuk olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714—1762) ilmiy muomalaga kiritgan.
Bunda u boshqa bir ulug’ olmon faylasufi G. Laybnits (1646-1716) ta’limotidan kelib chiqqan holda
munosabat bildirgan edi.
Leybnits inson ma’naviy olamini uch sohaga: aql – idrok, iroda-ixtiyor, his-tuyg’uga bo’ladi va
ularning har birini alohida falsafiy jihatdan o’rganish lozimligini ta’kidlaydi. Baumgartengacha aql –
idrokni o’rganadigan fan – mantiq, iroda – ixtiyorni o’rganuvchi fan esa – axloqshunoslik (etika)ning
falsafada ko’pdan buyon o’z o’rni bor edi. Biroq his-tuyg’uni o’rganadigan fan falsafiy maqomda o’z
nomiga ega emasdi. Baumgartenning bu boradagi xizmati shundaki, u «his qilish», «sezish», «his
etiladigan» singari ma’nolarni anglatuvchi yunoncha aisthetikos – «oyestetikos» so’zidan «estetika»
(olmoncha «estetik» – «estetik») iborasini olib, ana shu bo’shliqni to’ldirdi.
Baumgarten estetikani hissiy idrok etish nazariyasi sifatida olib qaradi. Lekin, ko’p o’tmay, u goh
«go’zallik falsafasi», goh «san’at falsafasi» sifatida talqin etila boshlandi. Estetika fanining eng buyuk
nazariyotchilaridan biri Hegel esa o’z ma’ruzalarining kirish qismida yozadi: «Estetika» degan nom
muvaffaqiyatsiz chiqqani va yuzaki ekani sababli boshqa atama qo’llashga urinishlar bo’ldi...
So’zning o’z-o’zicha bizni qiziqtirmasligini nazarda tutib, biz «estetika» nomini saqlab qolishga
tayyormiz, buning ustiga, u odatiy nutqqa singishib ketgan. Shunga qaramay, mazkur fan mazmuniga
javob beradigan ibora, bu – “nafosat falsafasi», «san’at falsafasi» yoki yana ham aniqroq qilib aytganda –
«badiiy ijod falsafasi»3.
Hegelning «estetika» atamasidan ko’ngli to’lmaganligiga jiddiy sabablar bor. Bulardan biri –
yuqorida uning o’zi aytib o’tgan fikrlari bo’lsa, ikkinchisi – mazkur so’zning barcha his-tuyg’ularga
taalluqliligi. Vaholanki, bu fan faqat nafosatli his tuyg’ular va ularning ziddini nazarda tutadi. Ayniqsa,
mana shu ikkinchi sababga ko’ra, «estetika» atamasining talabga javob berishi shubhali. Buning ustiga
allaqachon mazkur fan tadqiqot doirasi san’at hududidan chiqib, inson hayotining deyarli barcha
sohalariga yoyilib ketgan. Shu bois «nafosatshunoslik» atamasi ham ilmiy muomalaga kiritildi. Zero
mazkur atamaga asos bo’lgan «nafis», «nafislik», «nafosat» so’zlari o’z qamrovi bilan fan talablariga
javob bera oladi. «Nafis» so’zi «O’zbek tilining izohli lug’ati»da – go’zal, nozik, latif, yoqimli, badiiy
3 Гегель Г. Эстетика. М., Искусство, 1968. С. 7.
40
jihatdan juda yuksak degan ma’nolarda izohlanadi4. Shu sababli Hegelning izidan borib, «Estetika»
atamasini saqlab qolgan holda, «nafosatshunoslik» iborasidan ham foydalanish mumkin, deb o’ylaymiz.
Endi «Estetika» fanining mohiyatini anglatadigan «san’at falsafasi» va «go’zallik falsafasi»
iboralariga to’xtalamiz. Estetika tarixida birinchi ibora tarafdorlari ko’pchilikni tashkil etadi.
Lekin, yuqorida aytib o’tganimizdek, san’at bu fanning yagona tadqiqot ob’ekti emas. Hozirgi
paytda texnika estetikasi va uning amaliyotdagi sohasi dizayn, atrof-muhitni go’zallashtirish,
tabiatdagi nafosat borasidagi muammolar bilan ham shu fan shug’ullanadi. Demak, uning
qamrovini san’atning o’zi bilangina chegaralab qo’yishga haqqimiz yo’q. Zero bugungi kunda
inson o’zini o’rab turgan barcha narsa-hodisalarning go’zal bo’lishini, har qadamda nafosatni his
etishni istaydi: biz taqib yurgan soat, biz kiygan kiyim, biz haydayotgan mashina, biz uchadigan
samolyot, biz yashayotgan uy, biz mehnat qiladigan ishxona, biz yurgizayotgan dastgoh, biz
yozayotgan qalam, biz dam oladigan tomoshabog’lar – hammasidan nafis bir ruh ufurib turishi
lozim.
18-mavzu: Tabiat va texnogen tsivilizatsiya estetikasi
Reja:
1. Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi
2. Tabiatning estetik jihatlari. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi
3. Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri
4. Zamonaviy shaharsozlik estetikasi. Dizaynning estetik xususiyatlari
Inson zoti dunyoga kelganidan boshlab tabiat va jamiyat deb atalgan tashqi muhit bilan
munosabatga kirishadi. Dastlab bu munosabat onglanmagan, intuitiv, biologik-genetik tarzda,
keyinroq esa anglab etilgan, yuksak darajadagi ijtimoiy hodisa sifatida ro’y beradi. Uni odatda,
ikki xil deb ta’riflash qabul qilingan: birinchisi – insonning salomatligi va turmush tarzini
farovonlashtirishga qaratilgan zohiriy-moddiy maqsadga erishish tamoyiliga asoslangan utilitar-
empirik manfaatdorlik, ikkinchisi – botiniy-ruhiy manfaatdorlikni, maqsadga muvofiqlikni
ta’minlaydigan hissiy-ma’naviy munosabatlar. Mana shu ikkinchi xil munosabatlar insonning
insonligini belgilaydigan hodisalar hisoblanadi. Ular ichida estetik munosabat alohida ahamiyatga
ega, chunki u nafaqat birinchi xil munosabat turlaridan yuksak darajaligi bilan farqlanadi, balki
o’ziga xildosh bo’lgan axloqiy yoki e’tiqodiy munosabatga nisbatan ham miqyosli va
qamrovlidir.
Gap shundaki, estetik munosabatdan boshqa barcha munosabat turlari inson «aqlini taniganidan»
so’ng, ya’ni go’daklik davridan o’tgandan keyin voqe bo’ladi. Masalan, go’dak hali uyat hissini bilmaydi,
unda axloqiy munosabat hattoki ibtidoiy darajada ham shakllanmagan, xohlagan vaqtida, to’g’ri kelgan
joyda tabiiy ehtiyojni qondiradi. Lekin u beshikda yotar ekan, tushib turgan ola-chalpoq quyosh nuridan
quvonadi, uni kuzatadi, u bilan o’ynagisi keladi yoki beshikka osig’liq rangli o’yinchoqdan zavqlanadi,
g’adir-budir, shaklan qo’pol materialni emas, mayin duxobani yoki shunga o’xshash yumshoq, silliq
narsalarni xush ko’radi, ularni siypalab zavqlanadi, alla eshitib orom oladi. Bularning bari estetik
munosabatning insoniy mohiyatda namoyon bo’luvchi hodisa sifatida ibtidodan mavjud ekanini
ko’rsatadi. Shuningdek, keksayib, umrining qolganini ko’proq to’shakda o’tkazayotgan kishi jisman
zaifligi tufayli tashqi muhit bilan utilitar-empirik munosabatini davom ettira olmasligi mumkin. Lekin, u
badiiy adabiyot o’qib, televizor ko’rib, musiqa eshitib zavqlanadi, ya’ni tashqi dunyoga estetik
munosabatda bo’la biladi: inson moddiy boylik yaratishdan mahrum bo’lgan paytda ham estetik
4 Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Икки томли, I том, М., Русский язык, 1981. 497 – 498-б.
41
munosabat tufayli, to o’lguncha o’z ma’naviyatini boyitish imkonini yo’qotmaydi. Estetik munosabatning
qamrovliligi va uning bir umrli ma’naviy hodisa sifatidagi ahamiyati ana shunda.
Barcha munosabatlar qatori estetik munosabat ham ikki asosiy unsurdan tashkil topadi: ob’ekt va
sub’ekt. Lekin bunda ob’ekt sub’ekt tomonidan belgilanadi: agar sub’ekt estetik jarayonga kirishmasa,
uning munosabati, ob’ekt qanchalik go’zal yoki ulug’vor bo’lmasin, estetik shakl kasb etmaydi. Estetik
jarayon esa sub’ektning botiniy his-tuyg’ulariga, kayfiyatiga, vaqtiga, kuzatishiga, mushohadasiga,
fikrlash imkoniyati va darajasiga, qobiliyatiga, iste’dodi, ob’ekt bilan o’rtadagi masofa tasavvuri kabi
tug’ma hamda ta’lim-tarbiya va tajriba vositasida vujudga kelgan qarashlarga bog’liq. Estetik munosabat
ana shu estetik jarayonning pirovard natijasidir. Masalan, O’rol Tansiqboevning «Tog’dagi qishloq»
asarini sotayotgan do’kon xizmatchisida bu rasmga nisbatan estetik munosabat tug’ilmaydi, sotuvchi
unga faqat tovar sifatida qaraydi, maqsadi uni iloji boricha kattaroq pulga sotish. Ya’ni sotuvchi estetik
jarayonni boshidan kechirmaydi, o’z vaqti, kuzatishi, diqqat-e’tiborini asosan, oldi-sotdi jarayoniga
yo’naltiradi. Uning munosabati iqtisodiy-moliyaviy chegaradan nariga o’tmaydi. Rasmni sotib olgan
xaridor esa unda Vatanning bir parchasini, tog’ qishlog’ining o’ziga xos go’zalligini ko’radi, undagi
ko’zga ko’rinmaydigan, lekin botiniy bir tuyg’u bilan ilg’ab olinadigan ruhni, olislarda qolib ketgan
bolalik deb atalgan umrning bir bo’lagini qalban his qiladi, xo’rsiniq aralash quvonch hissini tuyadi.
Chunki uning butun botiniy-ruhiy murvatlarining faoliyati, ongi, diqqat-e’tibori, mushohadasi,
tasavvuri, qobiliyati, intellektual tajribasi rasmdagi go’zallikning nimasi bilandir tanish va ayni paytda
notanish ko’rinishini ilg’ab olishga qaratilgan; har gal u shu rasmga tikilganida ana shu ichki faoliyatga
asoslangan jarayonni qayta boshdan kechiradi. Uning rasmga har galgi munosabati estetik munosabatdir.
Shunday qilib, sotuvchi qo’liga tushgan mablag’dan qoniqish hosil qilsa, rasm ixlosmandi tasvirlangan
manzara go’zalligidan, qalbida uyg’ongan hissiyotdan, olislarga «borib kelgan» xayolotidan, hatto
tasavvuridagi, shu tasavvur «turtkisi» tufayli paydo bo’lgan xayoliy manzaradan zavqlanadi. Yoki
Ko’kaldosh madrasasi yonidan ishga kechikishdan havotirlanib shoshilinch o’tib borayotgan xizmatchini
olaylik. U mahobatli estetik ob’ektning ulug’vorligini his etmaydi, bu yodgorlikka nisbatan unda estetik
munosabat yuzaga kelmaydi, chunki vaqt va kundalik tashvishlar iskanjasida yuqoridagi sotuvchiga
o’xshab estetik jarayonni boshidan kechirishga tayyor emas. Shunga o’xshash misollarni ko’plab keltirish
mumkin.
TABIAT VA TEXNOGEN SIVILIZATSIYA ESTETIKASI. Tabiat - estetik tarbiyaning
zaruriy vositasidir. Shuni maxsus ta’kidlash kerakki, zamonaviy inson tarbiyasini estetik jihatdan kamol
toptirishda oila qanchalik ustuvor omil bo’lib hisoblansa, bu jarayonda tabiat ham undan kam ahamiyat
kasb etmaydi. Chunki tabiat bilan ongli tarzda murosa qilmaslik shaxsni nafosatli jihatdan mukammal
bo’lib etishishiga monelik ko’rsatadi. Shuning uchun inson va tabiat o’rtasidagi munosabat inqiroz va
halokat yoqasiga kelib qolgan hozirgi vaqtda bu muammoni chetlab o’tish maqsadga muvofiq bo’lmaydi.
Insoniyat tafakkuri tarixida tabiatga estetik munosabatning zaruriyati haqidagi qarashlari va
insonning tabiatga muqobil estetik munosabatlari turlicha bo’lgan. Tabiatning estetik xususiyatlari
haqida so’z yuritsak, tabiat estetik faoliyat ob’ektidir. Ekologiya estetikasining qadriyat maqomi va
ekologiya estetikasining axloqiy muammolari bugungi kunda katta ahamiyat kasb etib bormoqda.
Tabiatni estetik idrok etishning an’anaviy va noan’anaviy usuli mavjud bo’lib ular : tabiatni asl holida
idrok etish; tabiatni badiiy obrazlarda ifodalashdan iboratdir. Ekoestetikaning XXI asr ilmiy-texnik
taraqqiyotdagi o’rniga to’xtalsak, texnogen tsivilizatsiyaning ishlab chiqarish va fan taraqqiyotiga estetik
ta’siri ortib bormoqda. Maishiy turmush estetikasi va uning texnologiyasi, texnika estetikasining ishlab
chiqarish va ijtimoiy jarayonlardagi o’rni, texnikaning inson estetik manfaatlari va faoliyati bilan
bog’liqligi masalalari bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jumladan, zamonaviy
shaharsozlik estetikasi, dizaynning estetik xususiyatlari, tabiat va maishiy turmush dizayni, hamda xalq
amaliy san’ati va dizayn. Ma’lumki, inson o’zining ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish
maqsadida azaldan tabiat bilan hamkorlik qilib kelgan. Tabiatdagi go’zalliklardan bahramand bo’lishlari
42
barobarida uni nafosatli tarzda o’zlashtirishga, inchunun, mavjud hunukliklarni bartaraf qilishga harakat
qiladi. Biroq, keyingi bir necha o’n yillik jahon maamlakatlarining atrof muhit sohasidagi harakatlarini
tanqidiy taxlil etish davri bo’ldi. Sanoatlashtirish inqilobi inson bilan tabiat o’rtasidagi munosabatni
abadul abad buzib qo’yganini insonicht tobora anglab bormoqda. XXI asr o’rtalariga kelib inson faoliyati
erdagi yashash imkoniyatlarining asosiy shartlarini buzib yuborishi xavfi yana ham aniqroq namoyon
bo’lmoqda. Bugunga kelib eng jiddiy o’zgarish er atmosferasida yuz berayotganligi barchamizga ayon.
Texnogen tsivilizatsiya - estetik faoliyat va estetik didni shakllantirishning muhim omilidir.
Ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni insoniylashtirish va go’zallashtirishn estetik muammolardan
hisoblanadi. Voqelikka estetik munosabatlar, milliy va umumbashariy ahamiyatga egadir. Estetik
qadriyatlar esa – barqarorlikni ta’minlovchi omil hisoblanar ekan,“dunyoni go’zallik qutqaradi”
shiori global ahamiyatga ega bo’lib bormoqda. “Go’zal muhitda yashash oliy ne’mat” –
estetikaning bosh tamoyilidir. Olamni estetik anglashda axborot va jamiyat axborotlashuvining
roli ortib bormoqda. Axborot estetikasining o’ziga xos xususiyatlari va uning siyosiy, badiiy,
ijtimoiy, axloqiy, ma’naviy jarayonlar bilan bog’liqligidadar.
Dostları ilə paylaş: |