JAHON HAMJAMIYATI — jahonda mavjud davlatlarning hozirda insoniyat
oldida turgan global muammolarni hamkorlikda hal qilishda, umumiy maqsad yo‗lida
faoliyat ko‗rsatishda birligini anglatuvchi tushuncha. J.h. barcha davlatlarning suveren
tengligi xalqaro huquqiy tamoyiliga asoslangan. J.h. xalqaro huquqda tashkilot
hisoblanmaydi. J.h.ni aks ettiruvchi universal tashkilot – Birlashgan Millatlar
Tashkilotidir.
O‗zbekiston
Respublikasi
Konstitutsiyasining
17-moddasida
belgilanishicha, «O‗zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‗la huquqli
subyektidir». O‗zbekiston Respublikasi o‗zini J. h.ning bir qismi, deb biladi, u insoniyat
oldida turgan muammolarni hal qilishda faol ishtirok etadi.
JAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI — xalqaro hukumatlararo
tashkilot, BMTning ixtisoslashgan muassasasi (1974-yildan). Sanoat mulkini muhofaza
qilish Parij uyushmasiga a‘zo davlatlar, Adabiyot va san‘at asarlarini muhofaza qilish
Bern uyushmasi va b. ayrim ixtisoslashgan uyushmalarning diplomatik konferensiyasi
(Stokgolm, 1967)da qabul qilingan konvensiyaga muvofiq tuzilgan. J.i.m.t.ning maqsadi
davlatlar va xalqaro tashkilotlarning hamkorligi orqali intellektual mulkini muxofaza
qilishga ko‗maklashish, yuqoridagi uyushmalarning samarali faoliyat olib borishini
ta‘minlashdan iborat. J.i.m.t.ga 148 mamlakat (2015 y), shu jum. O‗zbekiston
Respublikasi (1991-yil 25 dekabrdan) a‘zo. Tashkilotning oliy organi – Bosh
assambleya; ma‘muriy organi – Xalqaro byuro. Qarorgohi – Jeneva shahrida joylashgan.
JAHON METEOROLOGIYA TASHKILOTI (JMT) — xalqaro tashkilot,
meteorologik tadqiqotlar va kuzatishlar bo‗yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga
yordam ko‗rsatish hamda milliy meteorologik va gidrometeorologik xizmatlar ishini
muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. 1947-yil sentabrda BMT huzurida tashkil etilgan.
JMTga a‘zo mamlakatlar va hududlar soni 191 tani tashkil etadi (2013), O‗zbekiston
Respublikasi 1992-yil 23 dekabrda a‘zolikka qabul qilingan. JMTning oliy organi Jahon
meteorologiya Kongressi bo‗lib, 4 yilda bir marta chiqariladi. Ijroiya qo‗mitasi 24 milliy
xizmat direktorlaridan tashkil topgan va har yili kamida bir marta yig‗ilish o‗tkazadi.
JMTning 6 mintaqaviy uyushmasi (Afrika, Osiyo, Janubiy Amerika, Shimoliy va
Markaziy Amerika, Tinch okeanning janubi-g‗arbi, Yevropa) yirik geografik
mintaqalardagi xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. JMTning doimiy ishlaydigan
organi – kotibiyat Jeneva (Shveytsariya)da joylashgan.