Byudjetdan tashqari ijtimoiy jamg’armalar Byudjetdan tashqari ijtimoiy jamg’armalar-moliyaviy tizimning yangi bo’g’inlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Bunday jamg’armalar jumlasiga: Respublika yo’l jamg’armasi, O’zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasining maxsus hisobvarag’i; ish bilan ta’minlashga ko’maklashuvchi davlat jamg’armasi hamda O’zbekiston Respublikasi Pensiya jamg’armasi kiradi. O’zbekiston Respublikasining «Byudjet tizimi to’g’risida»gi qonunga binoan davlat maqsadli jamg’armalari - Davlat byudjeti tarkibida jamlantiriladigan jamg’armalar bo’lib, ularning har biri uchun mablag’lar manbalari, har bir manbadan mablag’ tushishi normalari va shartlari, shuningdek shu mablag’lardan foydalanilishi mumkin bo’lgan maqsadlar qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Ushbu jamg’armalar yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan majburiy to’lovlar va ajratmalardan tashkil topadi. Shu bilan birga, byudjetdan tashqari jamg’armalar ixtiyoriy a’zolik to’lovlaridan ham tashkil topadi. Bu jamg’armalarni tashkil qilishdan asosiy maqsad - davlat moliyaviy mablag’larining kengayishini va ulardan maqsadga muvofiq foydalanishni ta’minlashdir.
Byudjetdan tashqari jamg’armalar davlatning markazlashgan pul jamg’armasi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining «Byudjet tizimi to’g’risida»gi qonunining 20-moddasiga binoan Davlat maqsadli jamg’armalarini tuzish, jamg’arma mablag’larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 23 dekabrdagi 498-son qarori bilan tasdiqlangan «Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi mablag’larini shakllantirish va sarflash tartibi to’g’risida»gi Nizom1 asosida tashkil qilinadi. Nizomga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi pensiya ta’minoti tizimidagi boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha majburiy badallar, ajratmalar va to’lovlarning to’liq yig’ilishini ta’minlash, aholini davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini o’z vaqtida mablag’ bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Pensiya jamg’armasi daromadlari jismoniy va yuridik shaxslarning majburiy va ixtiyoriy badallari asosida shakllanadi. Pensiya jamg’armasi mablag’laridan maqsadga muvofiq foydalanilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.