Sug’urta-jismoniy va yuridik shaxslarning majburiy va ixtiyoriy badallaridan tashkil topgan sug’urta jamg’armalaridan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlarni to’liq yoki qisman qoplash maqsadida foydalaniladi. Sug’urta jamg’armalari daromadlarining tashkil topish manbasi bo’lib, yuridik va jismoniy shaxslarning to’lovlari, shuningdek nazarda tutilgan hollarda esa, davlat byudjetidan ajratiladigan mablag’lar hisoblanadi. Sug’urta jamg’armalarini tashkil etishdan asosiy maqsad-tabiiy ofatlar yoki boshqa favqulodda holatlar yuz berganda, yetkazilgan zararni qoplashdan iboratdir.
O’zbekiston Respublikasining «Sug’urta faoliyati to’g’risida»gi qonuniga binoan sug’urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to’laydigan sug’urta mukofotlaridan shakllantiri-ladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug’urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug’urta shartnomasiga muvofiq sug’urta tovonini (sug’urta pulini) to’lash yo’li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi.
Amaldagi qonunchilikka ko’ra sug’urta hayotni sug’urta qilish va umumiy sug’urta sohalariga bo’linishi mumkin.
Kredit-bu vaqtincha bo’sh turgan pul mablag’larni va boshqa mablag’larni ma’lum bir muddatga va haq evaziga qaytarib berish sharti bilan qarzga berishdir. Kredit munosabatlari ikki sub’yekt o’rtasida: qarz beruvchi va qarz oluvchi o’rtasida yuzaga keladi. Kredit: birinchidan, pulga tenglashtirilgan to’lov mablag’larini (masalan, veksel, chek, sertifikat) yuzaga chiqarib, ularni xo’jalik muomilasiga jalb qiladi; ikkinchidan, u vaqtincha bo’sh turgan mablag’larni harakatdagi kapitalga aylantiradi; uchinchidan, qarz berish orqali pul mablag’larini turli tarmoqlar o’rtasida qayta taqsimlash bilan ishlab chiqarish resurslarining ko’chib turishini ta’minlaydi; to’rtinchidan, qarz berish, qarzni undirish mablag’lari orqali iqtisodiy o’sishni rag’batlantiradi. Kredit munosabatlari pul egasi bilan qarz oluvchi o’rtasida bevosita yoki bilvosita bo’lishi mumkin. Shunga qarab kreditning: tijorat, bank, iste’molchi, davlat va xalqaro kredit shakllari mavjud.