4.Moliya huquqining manbalari O’zbekiston Respublikasida moliya huquqining manbalari deganda - moliyaviy huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan me’yoriy qonunchilik hujjatlari tushuniladi. Bu qonunchilik hujjatlari, albatta, davlatning vakolatli organlari tomonidan qabul qilinib, umummajburiy ahamiyatga ega bo’ladi.
Moliya huquqining manbalari asosini moliyaviy qonunchilik tizimi tashkil etadi va ushbu tizim erkin bozor iqtisodiyoti talablariga moslashtirilgan.
Moliya huquqining manbalari o’ziga xos bo’lgan xususiyatlarga ega bo’lib: birinchidan, moliyaviy munosabatlarni tartibga solishda davlat va huquqning barcha vositalaridan, tadbirlaridan foydalaniladi; ikkinchidan esa, moliya huquqining manbalari juda xilma-xil va ko’pchilikni tashkil etadi, ya’ni ular bir tizimga solinib, jamlansa, juda yirik bir tizimni vujudga keltiradi.
Moliyaviy qonunchilik murakkab tizimga ega bo’lib, quyidagilarni tashkil etadi:
a) moliya huquqining konstitutsiyaviy asoslari;
b) O’zbekiston Respublikasining qonunlari, ya’ni ularning faqatgina moliyaga oidlari;
v) qonun osti me’yoriy hujjatlari;
Moliya huquqining manbalarini, bizning fikrimizcha, ikki qismga bo’lgan tartibda o’rganamiz:
Nazariy manbalar jumlasiga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining asarlarini kiritishimiz mumkin. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining asarlari ma’lum bir ma’noda, moliyaviy huquqiy munosabatlarni tartibga solishda ishtirok etadi. Bular me’yoriy, umummajburiy xarakterga ega bo’lmasdan, balki uning nazariy asoslarini yaratib berishda bevosita ko’maklashadi.
Umumiy manbalarga quyidagilar kiradi:
1. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
2. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinadigan qonunlar;
3. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari;
4. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining moliya va kreditga oid qarorlari;
5. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar;
6. Markaziy bank tomonidan qabul qilingan me’yoriy aktlar;
7. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan moliya va kreditga oid me’yoriy hujjatlari.
Biz ushbu manbalarning barchasini quyida batafsil ko’rib chiqamiz.
Moliya huquqining umumiy manbalariga yuqorida sanab o’tilganidek, qonunchilik hujjatlari kiradi.
Chunonchi, O’zbekiston Respublikasining Asosiy Qonuni Konstitutsiya barcha qonunchilik uchun, jumladan moliya qonunchiligi uchun ham asosiy yuridik manba hisoblanadi. Unda huquqning, shu jumladan, moliya huquqining ham asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Konstitutsiyaning XXY bobi 122-124-moddalarida moliyaviy huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan maxsus qoidalar ko’rsatib o’tilgan.
Konstitutsiyaning 122-moddasida- O’zbekiston Respublikasi o’z moliya va pul-kredit tizimiga ega ekanligi hamda O’zbekistonning davlat byudjeti tizimi haqidagi me’yorlar belgilab qo’yilgan.
123 - moddasida esa- O’zbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qilishi va soliqlar joriy qilishga faqat O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi haqli ekanligi qoidasi mustahkamlangan.
124 – moddasida- O’zbekiston Respublikasining bank tizimi to’g’risida va ushbu tizimga O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining boshqaruvi joriy etilishi haqidagi me’yor belgilab qo’yilgan.
Moliya huquqining umumiy manbalari orasida O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 24 aprelda qabul qilingan Soliq kodeksi muhim o’rin tutadi. Soliq kodeksi Umumiy va Maxsus qismlardan iborat bo’lib, 41-bob, 134-moddadan iboratdir. Ushbu Kodeks 1998 yil 1 yanvardan kuchga kiritildi. Soliq kodeksi 2019-yil 30-dekabrda yangi tahriri qabul qilinib, 2020-yil 1-yanvarda amalga kiritildi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi 21- bo’lim, 71- bob, va 480- moddadan iborat. Soliq kodeksi O’zbekiston Respublikasi soliq tizimining huquqiy asoslarini soliq sub’yektlarining huquq va majburiyatlari, soliq ishlarini yuritish tartibini va soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik masalalarini belgilaydi.
O’zbekiston Respublikasida pul mablag’larini yig’ish, jamlash, ishlatish, tarqatish va sarflash bilan bog’liq moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy qoida va talablar, huquqiy vosita va tadbirlar va ularni tatbiq etish mexanizmi qonunlarda mustahkamlangan.
Moliyaviy munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan ham tartibga solinadi. Masalan, Respublikada valyuta bozorini kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risidagi; Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishni rag’batlantirish maqsadida soliq tizimini takomillashtirish to’g’risidagi; Savdo korxonalari va tashkilotlariga soliq solish to’g’risidagi; Bank tizimini takomillashtirish, pul-kredit munosabatlarini barqarorlashtirish chora-tadbirlari to’g’risidagi; O’zbekiston Respublikasi milliy valyutasining ichki erkin almashinuvini ta’minlashga oid chora-tadbirlar to’g’risida qarori va boshqa ko’plab O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarini sanab ko’rsatish mumkin.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadigan me’yoriy huquqiy hujjatlar (masalan, qimmatli qog’ozlarni muomilaga chiqarish va ularni ro’yxatdan o’tkazish qoidalari); O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining me’yoriy hujjatlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan moliya va kreditga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar ham moliyaviy munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
1. Moliya so’zi qanday ma’noni anglatadi?
6. Moliya huquqining tartibga soluvchi usullari to’g’ri ko’rsatilgan qatorni toping.