Moliya lotincha so’zdan olingan bo’lib, pul to’lovlari degan ma’noni anglatadi. Lekin moliyani pul to’lovlari deb tushuntirishning o’zi yetarli emas. Chunki bu to’lovlar bir tomondan, byudjetga soliqlar, yig’imlar va boshqa majburiy to’lovlar o’tkazishni; ikkinchi tomondan esa, davlat byudjeti va boshqa jamg’armalar hisobidan mablag’lar berishni; banklar orqali pul to’lovlari (hisob-kitoblar)ni amalga oshirish singari pul harakatini ifoda qiladi hamda bu harakatlarda ijtimoiy munosabatlar aks etadi.
Moliya tushunchasi juda keng tushuncha bo’lib, o’z mohiyatiga ko’ra, iqtisodiy kategoriyalardan biri bo’lib hisoblanadi. Bunday kategoriyalarga «pul», «foyda», «tannarx» kabi boshqa iqtisodiy tushunchalar ham kiradi. Bularning har biri kategoriyaning mohiyatini va jamiyat rivojlanishidagi rolini belgilovchi o’z vazifalarini bajaradi. Bozor munosabatlariga o’tish iqtisodning rolini, shuningdek moliyani, ijtimoiy ishlab chiqarishni kuchaytirishni talab qiladi.
Moliya tushunchasini iqtisodiy va moddiy nuqtai nazardan ko’rib chiqish mumkin. Iqtisodiy ma’noda moliya - bu turli bo’g’indagi sub’yektlarning markazlashgan va markazlashmagan jamg’armalari pul mablag’larini tashkil etish, taqsimlash va foydalanish bilan bog’liq bo’lgan iqtisodiy munosabatlardir.
Moddiy ma’noda esa, moliya - bu davlat, ma’muriy-hududiy tuzilmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning pul mablag’lari bo’lib, jamiyat va ishlab chiqarishni rivojlantirish ehtiyojlarini moddiy ta’minlash uchun foydalaniladi.
Moliyaning mavjud bo’lishi tovar-pul munosabatlari bilan bog’liqdir. Bu munosabatlarning rivojlanishi mehnatning taqsimlanishiga, turli mulk shakllarining mavjudligi va ular xo’jalik faoliyatining tashkiliy-huquqiy shaklga asoslanganligiga, tashqi iqtisodiy aloqalarga bog’liqligiga asoslanadi. Milliy daromadning taqsimlanishi - pul shaklida namoyon bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va joriy qonunlarida turli mulk shakllarining mustahkamlangan-ligi, barcha mulk shakllarining davlat tomonidan bir xilda himoyalanishi va bozor mexanizmining rivojlanishi davlatdagi tovar-pul munosabatlarining chuqurlashuvi va kengayishining istiqbolini belgilaydi.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish lozimki, moliya pul munosabatlarining hammasini ham qamrab olmaydi. Moliyaga faqatgina pul jamg’armalarini tashkil etish, undan foydalanish va uni taqsimlash bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy munosabatlar kiradi.
Milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonida, moliya yordamida, jamiyat rivojlanishini, ishlab chiqarishning kengayishini, ekologik xavfsizlikni, mamlakatning mudofaasi va xavfsizligini ta’minlovchi pul jamg’armalari tashkil qilinadi va ulardan foydalaniladi.
Moliya - bu pul jamg’armalarini tashkil etuvchi ijtimoiy munosabatlar bo’lib, mamlakat iqtisodini tartibga soluvchi asosiy richagdir.