pul muomilasi va hisob-kitoblar sohasidagi munosabatlar;
valyutani tartibga solish sohasidagi munosabatlar.
Moliyaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solinishi davlat organlari faoliyatini to’g’ri tashkil etilishini, korxona, tashkilot, muassasa va fuqarolar manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi.
O’zbekiston Respublikasining bozor munosabatlariga o’tishi moliyaviy-huquqiy me’yorlarning o’zgarishiga olib keldi. Mazkur me’yorlar barcha mulk shakllari sub’yektlarining tengligi va ularning davlat oldidagi moliyaviy majburiyatlari, qonuniy manfaatlarni himoya qilish huquqi, xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning mustaqilligi va boshqa tamoyillarga asoslanadi.
Moliya sohasida davlat organlari vakolatlarini mustahkamlovchi moliyaviy-huquqiy me’yorlar hokimiyatning bo’linish tamoyiliga asoslanadi.
Moliyaviy faoliyat jarayonida turli xildagi ijtimoiy munosabatlar, masalan, byudjet daromadlari va xarajatlarini taqsimlashda, byudjetni tayyorlash, tasdiqlash va ijro etishda davlat hokimiyati organlari bilan davlat boshqaruvi organlari o’rtasida; byudjetga majburiy to’lovlarni to’lash yoki byudjet mablag’larini olishda moliya-kredit organlari bilan davlat korxonalari, muassasalari va boshqa jamoat tashkilotlari o’rtasida yuzaga kelishi mumkin. Bunga o’xshash munosabatlar quyi turuvchi organlar bilan yuqori turuvchi organlar o’rtasida (masalan, kredit olishda, mablag’larni qayta taqsimlashda), shuningdek moliya-kredit organlarining ichki tizimida (masalan, Markaziy bank bilan banklar o’rtasida) yuzaga kelishi mumkin. Bu munosabatlarning barchasi moliya huquqi me’yorlari bilan tartibga solinadi.
Moliya huquqi me’yorlari davlat tomonidan insonlarning xulqiga (yurish-turishiga) ta’sir etish vositasi sifatida hamda moliyaviy munosabatlarni tashkil etishning yagona qoidalarini o’rnatishda foydalaniladi.
Moliya huquqi turli xildagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib, davlat faoliyatini pul mablag’lari bilan ta’minlaydi, mamlakat mudofaasining mustahkamlanishida, xalqaro iqtisodiy va madaniy aloqalarning rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’ladi.
Demak, moliya huquqi - bu davlat va mahalliy hokimiyat organlarining o’z oldiga qo’ygan vazifalarini amalga oshirishlari uchun zarur bo’lgan pul jamg’armalarining (moliya mablag’larining) tashkil topishi, taqsimlanishi va foydalanilishi jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlar yig’indisidan iboratdir.
Huquq tarmog’ining mustaqilligini anglatuvchi yana bir element - bu uning tartibga solish usulining mavjudligidir. Moliya huquqining tartibga soluvchi usullarini umumiy va maxsus usullarga tasniflash mumkin. Umumiy usullar - davlat va ma’muriy-hududiy tuzilmalar moliyaviy faoliyatining barcha jabhalarida tatbiq etilishi mumkin bo’lsa, maxsus usullar - moliyaviy faoliyatning ma’lum bir funksiyalarini amalga oshirish jarayonida qo’llaniladi.
Shunday qilib, mustaqil predmetga hamda tartibga solish usullariga ega bo’lgan moliya huquqini - huquq tizimining mustaqil sohasi sifatida ko’rsatishimiz mumkin.
O’zbekiston Respublikasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari asosida moliya qonunchiligi rivojlanib, takomillashib bormoqda
Moliyaning mazmunini pulning yoki pul mablag’lari jamg’armalarining o’zi emas, balki pul jamg’armalari va pul mablag’larini tashkil etish, taqsimlash va foydalanish jarayonida yuzaga keladigan iqtisodiy (pul) munosabatlar tashkil etadi.
Moliya tizimida markaziy o’rinni ommaviy moliya (davlat va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning moliyasi) egallaydi. Davlat moliyasi - bu davlat oldida turgan vazifa va funksiyalarni bajarilishini moddiy ta’minlash maqsadida pul mablag’lari jamg’armalarini to’plash, taqsimlash va foydalanish bo’yicha bo’ladigan pul munosabatlari tizimidir. Ma’muriy-hududiy tuzilmalarning moliyasi esa bu ma’muriy-hududiy tuzilmalarning o’z oldida turgan vazifa va funksiyalarni bajarish maqsadida markazlashgan va markazlashmagan pul mablag’lari jamg’armalarini tashkil etish, taqsimlash bilan bog’liq bo’lgan iqtisodiy munosabatlardir.
O’zbek davlatchiligi rivojlanishining hozirgi sharoiti ishlab chiqarish jarayonining markazlashgan holda tartibga solinishi, qayta taqsimlash munosabatlarining kengayishi bilan tavsiflanadi. Davlat miqyosidagi pul mablag’lari nafaqat byudjet tizimida, balki byudjetdan tashqari jamg’armalarda, sug’urta va kredit sohalarida ham to’planadi. Barcha mulk shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning moliyasi ma’lum bir ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, ular yordamida davlat pul mablag’lari asosiy massasining muomilasi amalga oshiriladi…