3. O`zbekiston Respublikasi moliya tizimi: mazmuni va tuzilishi Har qanday huquq sohasining mustaqilligini anglatuvchi xususiyatlardan biri-bu uning ma’lum bir tizimga ega bo’lishidir. Moliya huquqi boshqa huquq sohalari singari o’z tizimiga ega. Moliya huquqi tizimi moliya huquqi me’yorlari yig’indisidan iborat. Moliyaviy-huquqiy me’yorlar o’ziga xosligi va moliyaviy munosabatlarni tartibga solishda o’zaro yaqinligiga qarab, tartibli ravishda guruhlarga, institutlarga, bo’limlarga ajratiladi.
Moliya huquqi ko’pgina turdosh moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi moliyaviy-huquqiy institutlarni birlashtiradi. Bu institutlarning har biri yagona sohaviy tartibga solish predmetiga ega.
Moliyaviy-huquqiy institutlar moliya huquqi sohasidan tartibga solish predmetining hajmiga qarab ajralib turadi. Moliyaviy-huquqiy institut moliyaviy munosabatlarning ma’lum bir qismini, masalan, soliq huquqi instituti - jismoniy va yuridik shaxslarning (soliq to’lovchilarning) byudjetga to’laydigan soliq va boshqa majburiy to’lovlari bo’yicha bo’ladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Demak, moliyaviy-huquqiy institutlar mazmuni jihatidan tor va o’zaro yaqin bo’lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi moliyaviy-huquqiy me’yorlar yig’indisidan iborat.
Bir necha moliyaviy-huquqiy institutlar birlashib, bo’limlarni tashkil etadi.
Moliya huquqi tizimi-bu ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi moliyaviy-huquqiy me’yorlarning institutlarga, bo’limlarga birlashishi, ularning o’zaro aloqasidir.
Moliya huquqi tizimi ikki qismdan iboratdir: umumiy va maxsus. Umumiy qismda - moliya huquqining asosiy tamoyillari, davlat moliyaviy faoliyatining shakl va usullari, moliyaviy faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tizimi va ushbu sohada ularning vakolatlarini belgilash, moliyaviy-huquqiy munosabatlar boshqa sub’yektlarining huquqiy maqomi va ularning o’ziga xos xususiyatlari, moliyaviy kontrol shakl va usullarini mustahkamlovchi huquq me’yorlari ko’rsatib o’tilgan. Bular davlat moliyaviy faoliyatining barcha jabha-larida harakatda bo’lib, umumiy ahamiyatga ega bo’ladi.