Korxona, muassasa va tashkilotlarning moliyasi Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning (keyingi o’rinlarda korxonalar deb ataladi) moliyasi - moliya tizimining boshlang’ich bo’g’inlaridan biri bo’lib, uning asosini tashkil qiladi. Korxonalar moliyasi - moddiy ishlab chiqarish bilan, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tarqatish bilan bevosita bog’liq bo’lib, milliy daromadni tashkil qiladi hamda bu moliya tizimi yordamida taqsimlanadi va qayta taqsimlanadi.
Korxonalarda hosil bo’lgan moliyaviy mablag’lar davlat byudjeti daromadlarining asosiy manbai bo’lib hisoblanadi.
Bozor munosabatlari shakllanishi va rivojlanishi sharoitida horij sarmoyalari ishtirokida tashkil etilgan qo’shma korxonalarning moliyasi alohida o’rinni egallaydi. Bunday korxonalar umumiy egalikda bo’lgan mol-mulkka ega bo’lib, pul jamg’armalarini tashkil etishga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Demak, korxonalarning moliyasi - bu iqtisodiy munosabatlar tizimi bo’lib, uning jarayonida davlatning markazlashmagan pul mablag’lari jamg’armalari tashkil etiladi va foydalaniladi. Bu pul mablag’lari jamg’armalari korxonalarning kundalik boshqaruvida bo’ladi.
Korxonalar o’zlarining xarajatlarini o’z daromadlari hisobidan qondiradilar.
Korxonalar daromadlari va xarajatlari o’rtasidagi farqning ma’lum bir qismi, majburiy to’lovlar sifatida (masalan, soliqlar sifatida) byudjetga o’tkaziladi.
Yuqorida sanab o’tilgan moliya tizimi bo’g’inlari, iqtisodiy kategoriya sifatida, umumiy xususiyatlarga ega, lekin ular iqtisodiy-ijtimoiy jarayonga turlicha ta’sir qiladi.
Moliyaviy tizimning har bir bo’g’ini jamiyat ehtiyojini qondirishga qaratilgan pul mablag’larini tashkil etish va undan foydalanish jarayonida yuzaga keluvchi moliyaviy munosabatlar yig’indisidan iborat.
Pul jamg’armalari markazlashgan va markazlashmagan bo’lishi mumkin. Markazlashgan pul jamg’armalari - ma’lum bir hududda umumiy ehtiyojlarni qondirish uchun ishlatiladi. Masalan, byudjet, byudjetdan tashqari ijtimoiy jamg’armalar, sug’urta va kredit jamg’armalari markazlashgan pul jamg’armalari hisoblanadi. Markazlashmagan pul jamg’armalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlar pul jamg’armalaridan iborat bo’lib, mazkur korxona, muassasa va tashkilotning ishlab chiqarishiga va ijtimoiy ehtiyojlariga jalb qilinadi.
Hozirgi vaqtda moliyaviy tizimning rivojlanishi, ko’p jihatdan, xorij tajribasidan samarali foydalanishga bog’liqdir. Chunki horij davlatlarida turli xil byudjetdan tashqari jamg’armalar tashkil qilinishi yaxshi yo’lga qo’yilgan. Ko’pgina xorij davlatlarida mulkiy va shaxsiy sug’urtada davlat monopoliyasi mavjud emas.