Mielotsit bosqichdayoq takomillashish 3 yo‘nalishda boradi: neytrofillar, eozinofillar va bazofillar hosil bo‘lishi. Promielotsit bosqichida sitoplazmada maxsus bo‘lmagan donachalar paydo bo‘ladi, mielotsit bosqichda esa maxsus donachalar joylashadi.
Granulotsitlar rivojlanishi davomida yadrosining shakli o‘zgaradi, mielotsit bosqichda yumaloqdan loviyasimon shaklga, oxirgi bosqichida esa yadro segmentlashadi. Hujayraning o‘lchami birmuncha kichrayadi, hamma organellalar kam miqdorda saqlanadi, maxsus donachalarning miqdori oshadi. Hujayraning bo‘linishi metamielotsit bosqichida to‘xtaydi. Mielotsit bosqichda xujayraning fagotsitoz xususiyati boshlanadi, metamielotsit bosqichda esa harakatchan bo‘lib qoladi va qonga chiqishi mumkin.
Trombotsitopoez Qizil suyak ko‘migida boradi. Bosqichlari
o‘zak hujayra
yarim o‘zak hujayra (mielopoezning boshlang‘ich hujayrasi)
unipotent hujayra (trombopoetinga sezgir)
megakarioblast
promegakariotsit
megakariotsit
trombotsit.
Megakarioblast juda yirik hujayra, yadrosi bo‘laklarga bo‘lingan, bazofil sitoplazmali. Rivojlanish davomida yadroning o‘lchami yiriklashadi va sitoplazma ham bir necha o‘n mkm kattalashadi. Barcha organellalar mavjud bo‘lib, mayda donadorlik va silliq endoplazmatik to‘r kanalchalarining bo‘lishi o‘ziga xosdir. Bu kanalchalar bo‘ylab megakariotsitdan plastinkalarning ajralishi yuz beradi (demarkatsion kanallar).