Unipotent hujayralar qondagi har bir qon yaratish: qatori uchun maxsus poetinlarga juda sezgir (eritropoetin, trombopoetin, leykopoetin, limfopoetin). Ularning ta’siri ostida faqat bir turdagi shaklli element takomillashadi. Tez – tez bo‘linadi, lekin hammasi ham takomillashmaydi.
Blast hujayralar – yosh hujayralar (eritroblastlar, mieloblastlar, limfoblastlar, megakarioblastlar). O‘zining yirik o‘lchami bilan farq qiladi, ko‘p miqdordagi ribosomalari hisobiga sitoplazmasi bazofil, tez – tez bo‘linadi va hammasi takomillashadi.
Etilayotgan hujayralar – har bir qon yaratish qatorlari uchun xarakterli. Ular tag‘in bir nechta turlarga bo‘linadi, ularning ma’lum bir ko‘p bo‘lmagan qismi qonga tushadi (retikulotsitlar, yosh va tayoqchasimon granulotsitlar).
O‘zak hujayralardan takomillashish liniyasini tashkil qiladigan ma’lum bir qon shaklli elementlari hujayralarning yig‘indisi differonni hosil qiladi.
Eritropoez.
Eritrotsitlar rivojlanishi quyidagi bosqichlari farq qilinadi:
o‘zak hujayralar
yarim o‘zak hujayra (mielopoezning boshlang‘ich hujayrasi)
unipotent hujayra (eritropoetinni sezuvchi)
proeritroblast
bazofil eritroblast
polixromatofil eritroblast
oksifil eritroblast
retikulotsit
eritrotsit.
Bu bosqichlar orasida hujayralar bir necha marta bo‘linadi. Proeritroblastlarning bo‘linishi natijasida mayda bazofil sitoplazmali hujayralar – bazofil eritroblastlar hosil bo‘ladi, ularning organellalari kam miqdorda, lekin ribosomaga boy. Bu hujayralar ko‘p marta bo‘linishdan keyin polixromatofil hujayralar hosil bo‘ladi, ular ham asosli, ham kislotali bo‘yoqlar bilan bo‘yaladi. Ularning o‘lchami yana kichrayadi, yadroda yadrocha yo‘qola boradi, gemoglobinning yig‘ilishi boshlanadi. Bu hujayralar ham bir necha marta bo‘linib va takomillashib, oksifil eritroblastlarni hosil qiladi, ularning rangi ko‘p miqdorda gemoglobin tutganligi hisobiga o‘zgaradi, tez orada bu hujayralar bo‘linish qobiliyatini yo‘qotadi, ularning yadrosi destruksiyaga uchraydi va hujayradan tashqariga chiqib ketadi. Organellalari ham yo‘qoladi va ularning qoldiqlari sitoplazmada to‘r ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. SHundan so‘ng bu hujayralar retikulotsitlar deb ataladi, keyinchalik eritrotsitlarga aylanadi.
SHunday qilib eritropoez jarayoni davomida hujayrada quyidagi o‘zgarishlar ro‘y beradi: o‘lchami kichiklashadi, yadro yo‘qoladi, gemoglobinning miqdori oshishi hisobiga bo‘yalishi o‘zgaradi, RNK miqdori kamayadi. Organellalari destruksiyaga uchraydi va yo‘qoladi.