Hujayra struktur komponentlari Hujayra membranasi. Ko‘pgina hujayra tuzilmalari membranadan iborat. Barcha hujayra membranalari yagona tuzilish prinsipiga asoslangan: qalinligi o‘rtacha 80-100 angstrem. Elektron mikroskop orqali qaralganda 3 qavatni farqlash mumkin: 2ta tashqi elektron to‘q va ular orasidagi elektron och zona. Membrananing bu qavatlari qalinligi o‘otacha 25 angstrem. Kimyoviy tahlillarga ko‘ra turli hujayra membranalari tarkibida 60% oqsil, 40% gacha yog‘ va 1-5% uglevod bo‘ladi. Membrananing asosini ikki qator joylashgan lipid molekulalari tashkil etadi. Lipid molekulalarining suvda erimaydigan gidrofob qismlari membrananing ichki tomonida bir-biriga qarama-qarshi, suvda eriydigan gidrofil qismlari esa membrananing ikki tashqi tomonida joylashgan. Bunday tuzilish o‘z-o‘zidan membranada bilipid qavatni hosil qiladi. Lipidlar turlicha bo‘lib, ularga fosfolipidlar, sfingomielinlar, xolesterin kiradi. Oqsil molekulalari membranada har xil tartibda joylashadi. Ularning ba’zilari lipid qatlamlarining tashqi va ichki yuzalarida joylashadi, ayrimlari membranaga botib kirgan (yarimintegral oqsillar) bo‘ladi. Bajaradigan funksiyasiga ko‘ra oqsillar struktur, ferment, transport va retseptor oqsillarga bo‘linadi. Membrananing tashqi yuzasidagi ayrimi integral oqsillar uglevodlar bilan kovalent bog‘ orqali glikoproteinlar, lipidlar bilan birikib glikolipidlar hosil qiladi. Membrananing uglevodli birikmasi (yoki tuzilmasi) glikokaliks deyiladi va u plazmolemmaning asosiy tarkibini hosil qiladi. Har xil oqsil molekulalari tinmasdan o‘z joylarini o‘zgartirib, membrananing suyuq lipid qatlamlarida suzib yuradi. Membrananing bunday tuzilishi “mozaika” modeli deyiladi.
Plazmatik membrana (plazmolemma) Hujayra tashqi tarafdan qalinligi 10 nm bo‘lgan plazmatik membrana bilan o‘ralgan. Hujayraning ichki va tashqi muhiti tarkibi va ko‘pgina moddalar konsentratsiyasi bilan farqlanadi. Bu farq hujayraning butun hayoti davomida molekula va ionlarning hujayraga kirishi va chiqishini boshqaruvchi plazmatik membrana yordamida saqlab turiladi.
Elektron mikroskop orqali tekshirish membrana dinamikasi haqida muhim xulosalarni keltirib chiqardi. Bu xulosalar plazmatik membranani fagotsitoz, pinotsitoz va sekretor jarayonda ishtirokini o‘rganish oqibatida olindi. Fagotsitoz va pinotsitozda yutilayotgan modda hujayra membranasi bilan o‘ralgan holda sitoplazma ichiga o‘tadi. Moddalarni yutilishida qatnashayotgan membrana asosiy membranadan ajralib sitoplazma tomon botib kirib, undan ajraladi. Asosiy membrana butunligi ikki chetdagi membranani qo‘shilishi bilan qayta tiklanadi. Fagotsitoz – bu, yirik zarrachalarni, bakteriyalarni, hujayra fragmentlarini qamrab olinishi va ularni hujayra ichiga o‘tishidir. Pinotsitoz – bu cuyuqlangan makromolekulyar moddalarni qamrab olinishi va ularni hujayra ichiga o‘tishidir. Sekretor jarayonda esa buning aksi kuzatiladi. Masalan, me’da osti bezi hujayralari zimogen granulalarni ajralishida, ushbu granulalarni o‘rab turuvchi membrana plazmatik membranaga qo‘shilib ketadi. Hujayradan tashqariga membrana ajralmaydi, balki u hujayra membranasi bilan qo‘shilib ketadi va uning ichidagi fermentlargina tashqariga sekretsiya qilinadi (ekzotsitoz).
Plazmatik membrana hujayrada kechuvchi moddalar almashinuvida ham asosiy o‘rinni egallaydi. Unda ko‘plab fermentlarning yuqori aktivligi aniqlangan. Jumladan, ishqoriy fosfotazalar, adenozintrifosfotazalar, 5-nukleotidazalar, adenilatsiklazalar, RNK-azalarning yuqori aktivligi aniqlangan. Ba’zi fermentlar glikokaliksda ham joylashgan (masalan, ichakning jiyakli hujayrlari).