Hujayralararo modda: a) tolalar va, b) amorf moddadan iborat.Tolalar kollagen yoki elastik tolalardan hosil bo‘lishi mumkin. Amorf modda – sulfatlangan glikozaminoglikanlar va proteoglikanlardir. Glikozaminoglikanlar ko‘p miqdorda suvni biriktirib, hujayralararo moddaning zichligini belgilaydi. Bundan tashqari amorf modda ma’lum miqdorda kristallar hosil qilmaydigan mineral tuzlardan iborat.
Tog‘ay to‘qimasida qon-tomirlar bo‘lmaydi. Tog‘ay to‘qimasi hujayralararo moddasining tuzilishiga qarab 3 turga bo‘linadi:
1) gialin, 2) elastik, 3) tolali. 1. Gialin tog‘ay – keng tarqalgan tog‘ay bo‘lib, ko‘krak qovurg‘asi tugash joyida, bo‘g‘imlar yuzasida, bronxlarda, kekirdakda va xiqildoqning uzuksimon, qalqonsimon xalqalarida uchraydi. Homiladorlik davrida deyarli xamma suyaklar gialin tog‘aydan tashkil topgan. Gialin tog‘ayi hujayralararo moddasida faqat kollagen tolalar bo‘ladi. Ularning nur sindirish koeffitsienti amorf modda bilan bir xil bo‘lganligi uchun bir-biridan gistologik farqlab bo‘lmaydi, shuning uchun gialin tog‘ayi shaffof, zich va kam elastik bo‘ladi.
2. Elastik tog‘ay – hujayralararo sohasida kollagen tolalar bilan birga elastik tolalarning bo‘lishi o‘ziga xosdir. Elastik tolalarning nur sindirish amorf moddadan farq qiladi. Shuning uchun elastik tolalar gistologik preparatlarda aniq ajralib turadi. Xondrotsitlar ustunsimon ko‘rinishda joylashgan. Fizikaviy xususiyatlari buyicha elastik tog‘ay egiluvchan, gialin tog‘ayga nisbatan zichligi va shaffofligi kamdir.
3. Tolali tog‘ay umurtqalararo diskda, gialin tog‘ayining paylarga o‘tish joyida uchrab, hujayralararo moddasida ko‘plab parallel joylashgan kollagen tolalar tutamlarining bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Xondrotsitlar kollagen tolalar tutamlarining orasida zanjirsimon tizilib joylashgan. Fizikaviy xususiyati: yuqori darajada mustaxkamlikka ega.
Tog‘ay to‘qimasi anatomik a’zo sifatida 1) tog‘ay usti pardasi, 2) tog‘ay to‘qimasidan iborat. Tog‘ay usti pardasi 2 kismdan tashkil topgan: a) tashqi qism, zich tolali qon tomirlarga boy biriktiruvchi to‘qimadan iborat; b) ichki (kambial) qism, prexondroblast va kam faollashgan xondroblastlar joylashgan.