XULOSA Ma’naviy ehtiyojlar – inson ehtiyojlarining eng oliy ko‘rinishi bo‘lib, uning mohiyatida bilimga, kamolotga intilish, yuksak ideallarga ergashish orqali o‘z-o‘zini namoyon etish va anglash yotadi. Ma’naviy ehtiyojlar jamiyat taraqqiyoti darajasini, axloqiy ideallarini, maqsad va manfaatlarning qanday g‘oyalarga yo‘nalganlik xarakterini ko‘rsatadi. U o‘z mohiyatida ijodkorlik, bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyatini jamlagan bo‘lib, ma’naviy ehtiyojlarning qondirilishi jamiyatning taraqqiyotiga, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy takomillashuviga vosita bo‘lib xizmat qiladi.
G‘arb o‘zining Uyg‘onish davrida Sharqda erishilgan ilm-fan yutuqlaridan keng foydalandi. Aslida Sharqning G‘arbga tasiri masalasi necha asrlardan buyon taraqqiyparvar ziyolilar tomonidan mushohada etib kelinadi. Taniqli olima F.Sulaymonovaning barcha nurlar Sharqdan taralishini ifodalovchi “Sharq va G‘arb”nomli monografiyasi tahlil etilganidek, “Ipak yo‘li” faqat Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar vositasi emas, ayni chog‘da Yevropani maanviy uyg‘otgan hayotbaxsh yo‘l ham bo‘ldi. Ya’ni “Markaziy Osiyoda, xususan Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona, Kesh, Termiz kabi shaharlarda oylab, yillab istiqomat qilgan, ajnabiy savdogarlar xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari va ma’naviyatga xos qirralarini o‘rganib, maqul bo‘lganlarini o‘z yurtlariga borib targ‘ibot qilishga harakat qilganlar”.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining ma’lum bir qatlami, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirish, diniy ekstremizm, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishdek ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda. Mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashashni o‘rganish, murakkab va tahlikali hayotning shafqatsiz o‘yinlari to‘g‘risida biryoqlama va soxta tasavvurlar shakllanmasligiga alohida e’tibor berish lozim. Buning uchun insonlarda sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom, o‘z kuchiga va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada kamol toptirish zarur.
Prezident Sh.Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yеtishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”.