Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti


I.2. Talabalar ijtimoiy faolligini oshirish-ijtimoiy zaruriyat sifatida



Yüklə 487,61 Kb.
səhifə5/9
tarix20.06.2023
ölçüsü487,61 Kb.
#133133
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Barakayev Xumoyun (1)

I.2. Talabalar ijtimoiy faolligini oshirish-ijtimoiy zaruriyat sifatida
O‘zbekistonda islohotlarning davomiyligini ta’minlash hamda demokratik fuqarolik jamiyatini shakllantirish, yoshlar, xususan, ularning ijtimoiy faolligiga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil 19 sentyabrdagi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida: «... Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz. Shu munosabat bilan O‘zbekiston globallashuv va axborotkommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning YOshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etadi. Bizning nazarimizda, mazkur hujjatni imzolaydigan davlatlar ushbu sohani o‘z ijtimoiy siyosatining asosiy va muhim hayotiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi kerak» – degan fikrlari dunyo hamjamiyati tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda.
Yosh avlodning har tomonlama kamol topishi jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy omil bo‘lishi bilan bir qatorda uning shaxs sifatida ijtimoiy faollashuvida ham etakchi o‘rin tutadi. O‘quvchi shaxsining ijtimoiy faolligi quyidagi ikki jihatga ko‘ra muhim ahamiyatga ega: birinchidan, shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zamin yaratadi, ikkinchidan esa, uning bilimi, kuch-quvvati, imkoniyati hamda iqtidori jamiyat rivoji yo‘lida mehnat qilishga yo‘naltiriladi.
Manbalarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, demokratik jamiyatda o‘quvchilar ijtimoiy faolligi o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi, balki muntazam tarzda maqsadli ravishda olib borilgan pedagogik faoliyat natijasida shakllantiriladi. O‘quvchiyoshlarga nazariy-amaliy bilimlarni berish, ularda ijtimoiy faollik ko‘nikma va malakalarini hosil qilish pedagogika nazariyasi va amaliyoti uchun ham o‘ziga xos ahamiyatga ega ekanligi bilan dolzarblik kasb etadi. Faoliyat, faollik inson shaxsining mohiyatini tashkil etuvchi kuchlarning namoyon bo‘lishi demakdir. Dunyoni o‘zgartirar ekan, faol shaxs ayni paytda o‘z qobiliyatlari, bilim, ko‘nikma va mahoratini uzluksiz ravishda takomillashtiradi. U shu asnoda o‘zligini anglaydi, faol shaxs sifatida jamiyatda o‘zini namoyon qiladi. Bunda insoniy ehtiyojlar doirasi kengayib boradi va shu bilan bir paytda mazkur ehtiyojlarni qondirish vositalarining sifat va son jihatdan o‘sishi yuz beradi.
Shaxsning faoliyati ijtimoiy muhit va moddiy omillar ta’sirida shakllanadi. Faollik bo‘lmagan joyda shaxs rivojlanmaydi va uning imkoniyatlari ro‘yobga chiqmaydi. Shaxsning faolligi aniq maqsadga yo‘naltirilgan pedagogik jarayonda tarkib topadi. Shaxs faolligining rivojlanish tendensiyalari mehnat, o‘qish, o‘yin, muloqot jarayonida amalga oshadi.
Har bir inson jamiyat a’zolari bilan o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishadi. Jamiyatda qaror topgan ijtimoiy munosabatlar, ularning mazmuni, g‘oya va yo‘nalishlari shaxsning shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shaxsning faoliyati, ijtimoiy borliqqa munosabati, hayotiy yondashuvlari, faolligi, o‘z navbatida, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. SHunga ko‘ra shaxs ijtimoiy munosabatlarning faol ishtirokchisi va mahsuli hisoblanadi. Inson ijtimoiy mavjudot sifatida hech qachon ijtimoiy munosabatlardan ajralgan holda yashay olmaydi.
Ma’lumki, «faollik» tushunchasi ba’zi hollar, xususan shaxs va uning faoliyatini tadqiq etuvchi fan sohalarida faoliyat tushunchasi bilan qorishtirib yuboriladi. Masalan, «Psixologiya»ga oid lug‘atda mazkur tushuncha «tirik materiyaning umumiy xususiyati, tevarak atrofdagi muhit bilan o‘zaro ta’sirida namoyon bo‘ladi. Psixik faollik bu o‘zaro ta’sir, shu asosda faoliyat ko‘rsatish bilan xarakterlanadi» - deyiladi 5.
Mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lug‘atida «Ijtimoiy faollik – ijtimoiy sub’ektlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokining, mehnat hamda madaniyma’rifiy faoliyatining kuchayishi, qonunda belgilab qo‘yilgan huquq va burchlarini to‘liq amalga oshirishga intilishi», - deya ta’riflangan.
«Politologiya»dan ensiklopedik lug‘atda shaxs faolligi siyosiy faollik tarzida talqin etiladi. Ushbu lug‘atda faollik shunday izohlanadi: «SHaxs faolligi ob’ektiv voqelikka bo‘lgan munosabatda aniq namoyon bo‘ladi. Bu munosabat har bir shaxsning jamiyatda o‘z mavqeiga ega bo‘lishi, o‘zining xilma-xil ehtiyojlarini qondirish yo‘lidagi ijtimoiy munosabatlarda qanchalik erkin ishtirok etsa, bu uning siyosiy faolligining o‘sishiga shunchalik ta’sir ko‘rsatadi»,  deyilgan.
Faollik – «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da mehnatda yoki biror harakatda, jarayonda jadallik, jonbozlik ko‘rsatish, ishchanlik, ta’sirchanlik deb ta’riflanadi. Bizning tadqiqotimiz nuqtai nazaridan mazkur izoh mohiyatan e’tiborlidir.
Faol (lot. «activus» so‘zidan olingan bo‘lib), biror ishga g‘ayrat bilan kirishadigan, astoydil ishlaydigan, ishchan, aktiv deb izohlanadi.
Pedagogika ensiklopediyasida esa ijtimoiy faollik – ijtimoiy sub’ektlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokining, mehnat hamda madaniyma’rifiy faoliyatining kuchayishi, qonunda belgilab qo‘yilgan huquq va burchlarini to‘liq amalga oshirishga intilishini ifodalovchi tushuncha. 2. Sub’ektning jamiyat hayotida ongli holda mustaqil ishtirok etishi, ma’lum ijtimoiy-ma’naviy sohada vujudga keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan harakatidir. Ijtimoiy faollik shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va xulq-atvorini ongli ravishda boshqarishining asosiy sharti hisoblanadi.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib, shaxs faolligini shunday izohlash mumkin: ijtimoiy faollik – shaxsning maqsadga yo‘naltirilgan faoliyati bo‘lib, ijtimoiy voqelikka nisbatan individual munosabati va tizimli xatti-harakatlarining yuksak ko‘rinishini ifodalovchi tushuncha.
Ijtimoiy faollik umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan pedagogik jarayon mazmuni ustida ishlash va tarbiyaviy jarayon sub’ektlarining o‘zligini namoyon qilishlarida katta imkoniyatlarga ega. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-aprelda qabul qilingan 187-sonli «Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori asosida o‘quvchilarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirish zaruriyati ustuvor o‘rin egallamoqda. Mazkur tayanch kompetensiyalar: kommunikativ kompetensiya, axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi, o‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi, ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi, milliy va umummadaniy kompetensiya, matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasidan iborat bo‘lib, ulardan ayniqsa: o‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi, ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi o‘quvchilardan ham o‘qituvchilardan ham ijtimoiy faollik ko‘nikmalariga ega bo‘lishni talab qiladi.


Yüklə 487,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin