Nasimxon rahmonov


Budda oqimidagi qadimgi turkiy adabiyot



Yüklə 1,01 Mb.
səhifə13/63
tarix02.01.2022
ölçüsü1,01 Mb.
#41753
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   63
Nasimxon rahmonov o‘zbek mumtoz adaBIyoti tarixi

Budda oqimidagi qadimgi turkiy adabiyot
Reja:

  1. Buddaviylik haqida qisqacha ma’lumot.

  2. Buddaning va’dalari va ularning ahamiyati.

  3. Oltun yorug‘”ning yaratilishi, tarjimalari.

  4. Maxayana mazhabi.

  5. Oltun yorug‘”dagi afsonalar.

  6. Oltun yorug‘” o‘gitlari.

  7. Oltun yorug‘” falsafasi.


Buddaviylik haqida qisqacha ma’lumot

Buddaviylik dunyodagi yirik, keng tarqalgan dinlar – islom va masihiylik (xristianlik)dan ham qadimiydir. Budda degan nom sanskritcha bo‘lib, “ong tiniqlashuvi” ma’nosini bildiradi. Buddaning hayotini tasvirlaydigan hikoyalar chadik deb ataladi va mifologik mazmunga yo‘g‘rilgan bo‘lib. “xudoning odami” timsolini gavdalantiradi.

Budda tarixiy shaxs sifatida talqin qilinadi. Tirik mavjudotlarni azob-uqubatlardan qutqarish Buddaning asosiy maqsadi bo‘lgan.

Budda - haqiqat najotkori demakdir. Uning asl nomi Siddxartxa. Siddxartxaning onasi – shakiylar hukmdori Mayyaning xotini bir kuni tushida yoniga oq filning kirib yotganini ko‘radi. Ma’lum vaqtdan so‘ng u o‘g‘il tug‘adi. U boshqa ayollar singari tug‘may, qo‘ltig‘idan tug‘di. Ayolning ovozini koinotdagi hamma xudolar eshitdi. Borliqdagi uqubatlarning oldini oladigan keldi, deb xursand bo‘ldilar. Dono Asita chaqaloqning buyuk qahramonliklar ko‘rsatishi haqida karomat qildi. CHaqaloqqa Siddxartxa deb ism qo‘ydilar. Bu “topshiriqni bajaruvchi” deganidir. Siddxartdaning tug‘ilgan yili mil.ol. 642-448 yillar oralig‘ida deb taxmin qilinadi. Onasi Siddxartxani tuqqandan keyin bir necha kun o‘tgach vafot etdi. Unga, siz g‘ayritabiiy narsani dunyog‘a keltirdingiz, deb vafotidan oldin xabar berishga ulgurdilar . Buddaning tug‘ilishi haqidagi rivoyatlarga ko‘ra, u nuqsonsiz homila bo‘lgan va homiladorlik davri ham nuqsonsiz bo‘lib o‘tdi, shu bois Buddani onasi dunyoga keltirgandan keyin ham, u bokira qizligicha qolgan. Buddaning tanasida olamning bo‘lg‘usi hukmdori alomatlari ko‘ringan.

Otasi o‘g‘lining diniy tarbiya olishini istamadi. Ota hayotning salbiy tomonlarini o‘g‘lidan yashirib, dabdabali hayotni muhayyo qildi. O‘g‘liga haqiqiy dunyoviy tarbiya berdi,

Siddxartxa o‘n olti yoshida ikki malikaga uylanib, otasning saroyida betashvish hayot kechirardi. U saroydan uch marta tashqariga chiqib, ucha muqarrar yovuzlikni bilib oldi: bular – keksalik, azob-uqubat va o‘lim edi. To‘rtinchi marta saroydan tashqari chiqib, qashshoq rohibga duch keldi. Rohibning xotirjam va shod ekanini ko‘rib, zaminiy yovuzliklarga qarshi dori-darmonni topdi. YArim tundan uyg‘onib, yonida o‘tgan malikalarning horg‘in tanasiga nazar tashladi va yana butun zaminning og‘ir yukini anglab etdi. O‘sha zohoti Siddaxartxa saroyni tark etib, zohidona hayot kechira boshladi va ismini Gautama deb o‘zgartirdi. Ikki muallim rahbarligida falsafani va yog texnikasini anglab, beshta shogirdi bilan o‘z tanasini azoblaydigan bo‘ldi. Etti yil davomida u azob-uqubatda ter to‘kib, kohin braxmanlarning muqaddas kitoblarini o‘qidi. Ammo maqsadga erishlomay va bu singari riyozat chekishning behudaligini tushunib, guruch bilan oziqlana boshladi. Siddxartxaning kuchizlanib borayotganidan xafa bo‘lgan shogirdlari uni tark etdilar. SHundan keyin SHakyamuni (SHakya shohligidan kelgan zohid) anjir daraxti ostiga o‘rnashib oldi va unda “ong tiniqlashuvi” yuz bermaguncha joyidan qimirlamaslikka qaror qildi. U O‘lim va YOvuzlik ilohi Maraning siquvlariga bardosh berdi. Tong payti Mara ustidan g‘alaba qilib, Buddaga aylandi va “to‘rt oliyjanob haqiqat”ni anglab etdi va to‘rt oliy haqiqatning sohibi bo‘ldi. Banoras shahrida u ilgari tark etib ketgan beshta shogirdiga ana shu haqiqatni va’z qila boshladi.

Birinchi oliy haqiqat shundan iboratki, hamma narsa Azobdir: tug‘ilish – azob, o‘lim – azob, xastalik – azob, jamiki beqaror narsalar - azob. Ikkinchi haqiqat shuki, azobning sababi shahvatdir. Uchinchisi – shahvatdan xalos bo‘lish azoblardan xalos bo‘lishga olib boradi. To‘rtinchisi – azoblardan xalos bo‘lishga olib boradigan sakkiz yo‘l yoki O‘rta Yo‘lni ko‘rsatadi. Bular – Fikr, Tafakkur, Kalom, Faoliyat, Hayot tarzi, Tirishqoqlik, Diqqat-E’tibor, Mushohada. To‘rtala haqiqat Buddaning chinakam maktubini aks ettiradi.

Budda Banoras shahrida birinchi marta va’z aytgandan keyin, yangi imonga yuz burgan jamoat braxmanlar, shohlar va zohidlar hisobiga to‘ldi. Ongi ochilganning fikricha, ularning ko‘pchiligi ortiqcha edi, shuning uchun ibodatxonaga ayollar kirishiga ham ijozat berdi. SHu munosabat bilan u Qonun inqirozi haqida bashorat qildi. Bu darma deyiladi.

Budda sakson yoshida vafot etgan. U o‘limi oldidan odamlarga shunday degan ekan: “Ey odamlar! Hamma yaratilgan narsalar buzilishga mahkum qilingan. Kuchingiz boricha qutqarishga intiling”. Uning vafotidan keyin buddaviylar jamoatiga Maxakashyapa degan odam bosh bo‘ldi. Budda yaratgan falsafa shundan iboratki, dunyo dinlaridagi singari tasdiqlashga emas, balki inkor qilishga asoslangan. Buddaning yo‘li – “Men”ning hech narsaga aylanishi yo‘lidir, atrof olam hodisalarining hech narsaga aylanishidir. Budda qilgan va’zlarida shunday degan ekan: “Olam abadiy va olam abadiy emas, olamning nihoyasi bor va olamning nihoyasi yo‘q, ruh va tana birdir, ruh va tana bir emasdir, arxat (valiy) o‘limdan keyin yashaydi va arxat o‘limdan keyin yashamaydi, u mavjud va mavjud emas...” Rohiblardan biri buni tushuntirib berishni Buddadan so‘raganda, u shunday javob olgan: “Bu quyidagi hodisaga o‘xshaydi: zaharlangan o‘qdan yarador bo‘lgan odamga do‘stlari va qarindosh-urug‘lari tabibni olib kelishga shoshilganda, yarador odam shunday deyayotganday: “Meni kim yaraladi – jangchimi, braxmanmi, dehqonmi yoki qarolmi, uning ismi kim, qaysi urug‘dan...baland bo‘ylimi yoki o‘rta bo‘ylimi yo pakanami...uning sochlari qorami yoki sariqmi va h. – shularni bilmagunimcha, tanamdagi o‘qni chiqarib tashlashiga ijozat bermayman”.

O‘sha rohib Buddaning ta’limoti haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun yuqorida eslangan gaplarni tasdiqlash va inkor qilishni ko‘z oldiga keltirganda, Budda “har qanday nazariyalardan xoliman”, deb e’lon qilaroq, hamma tasdiq va inkorni rad qildi. Budda oddiy mantiq qonunlariga ko‘ra fikr yuritayotgan (agar A yolg‘on bo‘lsa, demak, A-emas haqiqiydir) rohibning parishon bo‘lganini ko‘rib undan so‘radi: “Sen shu savolimga javob bera olasanmi: so‘ngan olov sharqqa ketdimi, g‘arbga ketdimi, janubga ketdimi, shimolga ketdimi?” Budda arxat (valiy)ni so‘ngan olovga qiyoslashiga suhbatdosh rohib yo‘l qo‘yib, o‘z johilligini tan oldi: arxantning mavjudligiga aloqador har bir tasdiqning noto‘g‘riligini isbotlash mumkin edi.

Budda jamiki olam jonzotlariga, xususan, insoniyatda o‘nta va’dasini e’lon qilgan. Budda bu va’dalarini yomon qilmishlarga barham berishga qarshi ruhiy kuch sifatida yaratgan. Bu va’dalar quyidagilardir: 1. Jonli mavjudotlarga hech qanday zarar etkazmaslikka va’da beraman. 2. Agar o‘z xohishi bilan bermasa, hech kimdan hech narsa olmayman. 3. Er–xotin o‘rtasidagi vafodorlikka rahna solmayman. 4. YOlg‘on gapirishdan o‘zimni tiyaman. 5. O‘z ustimdan nazoratni yo‘qotmaslik uchun mast qiluvchi ichimliklardan va giyohvandlikdan saqlanaman. 6. Mechkaylikdan voz kechaman va garchi mumkin bo‘lsa ham ko‘p taom emayman. 7. Raqsga tushishdan, musiqa tinglashdan, qo‘shiq aytishdan, sahnada o‘zimni ko‘rsatishdan voz kechaman. 8. Gulchambarlardan foydalanishdan, atir va turli taqinchoqlarni ishlatishdan voz kechaman. 9. Baland o‘rindiqlarda o‘tirishdan, qalin to‘shakda yotishdan voz kechaman. 10. Oltin va kumushdan foydalanmayman.
Buddaviiylik hamma davrda, sharoit taqozosiga ko‘ra vazifa bajargan. Bu buddaviylikning ma’lum bir hududdagi maqsad va vazifalari, shu joyning ijtimoiy hayotiga muayyan ta’siri bilan belgilanadi. Ayrim mamlakatlarda milliy-ozodlik harakatiga buddaviylik katta ta’sir ko‘rsatdi. Ammo qanday sharoitda va qaerda bo‘lmasin, buddaviylik o‘z mohiyatini – insoniyatga najot berish maqsadini saqlab qoldi. Zotan, Budda shunday degan edi: “Okeanning suvi bitta ta’mga – sho‘r ta’mga ega bo‘lganiday, mening ta’limotim ham bir yo‘singa – qutqarishga mo‘ljallangan. Odam bajarishi kerak bo‘lgan eng muhim vazifa – atrof–muhitni itoatdan qutqarishga erishishdir, qo‘rquvning yo‘qolishi odamzodni ozod qiladi. U ozod bo‘lgandagina o‘z ozodligini biladi, qayta tirilishdan qutulganini tushunadi, muqaddaslikka to‘la erishilgan bo‘ladi, burch bajarilgan bo‘ladi, odam bu dunyoga qaytib kelmaydi”.

Faqat jasad qaytib kelmaydi, bordi-yu, qaytib keladigan bo‘lsa, itoatdan qutula olmaydi. Buddaviylikning asosiy maqsadi faqat odamzodning ozod bo‘lishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan iborat bo‘lib qolmay, balki butun mavjudotni qutqarishga mo‘ljallangan. Irodaga egab bo‘lish va irodani birdan-bir maqsadga bo‘ysundirish buddaviylikning idealidir. (Buddaviylikni davom ettirish kerak)


“Oltun yorug‘”
Oltun yorug‘”ning yuzaga kelishi va falsafasi. Insoniyatni solihlikka etaklashda dunyoning turli joylarida mushtarak yo‘llar mavjud bo‘lib, bu yo‘llar bir manzilga olib boradi. Manzil – inson, inson ko‘ngli. Hindistonda – buddaviylik, Eronda – moniylik, YAqin SHarq mamlakatlarida – islom. Aqidalaru e’tiqodlar turlicha bo‘lsa–da, maqsad bir. Ana shu mushtarak yo‘llar bir manzilda – komillik manzilida tutashadilar. Bugun biz ko‘p gapirayotgan ma’naviyatning pirovard natijasi ham jamiyatga komil insonni tarbiyalab etishtirishdan iborat bo‘lgan edi va shunday bo‘lib qoladi.

Komillikka erishgan jonzotlar orasida eng oliysi insondir. Komillik pandu nasihatlarga quloq tutishnigina emas, amaldagi xatti– harakatni, mushohadani talab etadi. Komillikning da’vatkor qudrati adabiyotdadir. Qadimdan shunday bo‘lib kelgan va bugungacha davom etib kelmoqda. Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyoda istiqomat qilgan turkiyzibon xalqlarning islomiyatgacha bo‘lgan adabiyoti bu jihatdan namunadir. Gap V-1X asrlarda zaminimizda yaratilgan moniylik va buddaviylik oqimidagi adabiyot to‘g‘risida ketyapti. Bu davr turkiy tilli adabiyotida aniq maqsadga – komil insonlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan alohida da’vatu aqidalarni ko‘ramiz. Gap jamiyatning bunga muhtojligida emas, balki sog‘lom jamiyat barpo qilish, ruhan sobit va uyg‘oq nasl yaratishga intilishda bu davrning alohida o‘ziga xosligidadir.

Islomgacha yaratilgan yozma obidalar orasida moniylik oqimidagi she’rlar, “Xuastuanift” (yoki “Moniylarning tavbanomasi”), buddaviylik oqimiga mansub “Maytri smit”, “Oltun yorug‘” (ya’ni oltin singari nur) hamda ko‘plab buddaviylik va moniylik matnlari parchalari hamma davrda ham Markaziy Osiyo turkiy xalqlarining ijodiy mahsuli bo‘lib keldi. Mazkur adabiy yodgorliklar orasida “Oltun yorug‘” suduri diqqatga sazovor bo‘lib, bir necha asrlar davomida Turonzaminda ma’naviy muhitning barqarorlashuvida katta xizmat qildi. Asar buddaviylikka mansub bo‘lib, xalqning shuuriy izlanishlari, e’tiqod butunligi orqali paydo bo‘ldi. Asar turkiy tilli xalqlar orasida e’tiborga molik asar bo‘lgani uchun ham X– XV111 asrlar davomida o‘n marta ko‘chirilgan va sharqdagi ko‘p tillarga tarjima qilingan. “Oltin yorug‘”ning Radlov–Malov nusxasi 10 kitobdan (tägzïnç) iborat. Asarni 1910 yili rus olimi S.E. Malov Xitoyning Gansu viloyatiga qarashli Vinshgu qishlog‘idagi buddaviylar ibodatxonasidan topgan. Asar qo‘lyozmasi 355 varaq (710 sahifa)dan iborat bo‘lib, 1687 yili ko‘chirilgan. Hozirda bu nusxa Sankt–Peterburgning Osiyo muzeyida saqlanadi. Bu asarni birinchi marta V.V.Radlov va S.E. Malov eski uyg‘ur–turk alifbosida chop ettirganlar6. O‘nta kitob jami 31 bo‘limni o‘z ichiga oladi.

“Oltun yorug‘” asari o‘z davrida buddaviylikka e’tiqod qiluvchi qavmlar orasida keng tarqalgan. Bu asar ular e’tiqod qiladigan buddaviylik qonunlaridan iboratdir. “Oltun yorug‘” mazmunan va mohiyatan buddaviylikning maxayana mazhabiga oiddir.

Maxayana ta’limoti O‘rta Osiyoda keng tarqalgan. Ayniqsa, Kushon davlatida shoh Kanishka hukmronligi (uning hukmronligi milodiy 78 yildan boshlangan) davrida maxayana keng tarqalib, rasmiy diniy oqim darajasiga ko‘tarildi. Kanishka buddaviylik tarixida “ikkinchi Ashok” (miloddan oldingi 274\268 – 236\234 yillarda hukmronlik qilgan shoh, u Baqtriyaga, So‘g‘dga missionerlar yuborgan) nomi bilan shuhrat qozondi. Kanishka davrida “Oltun yorug‘”dan boshqa, maxayana mazhabining asosiy qoidalarini targ‘ib qiladigan ko‘plab asarlar yaratildi.

“Oltun yorug‘” asarining qadimgi turkiydagi to‘liq nomi “Altun onglug, yaruq, yaltiriqligh, qopta kötülmsh nom ïlïkï atligh nom bïtïg – Oltin rangli, yorug‘, yaltiroq, hamma (narsa)dan ustun turadigan no‘m podshohi nomli no‘m bitigi” deb nomlanib, hozirgacha “Oltun yorug‘” deb nomlanib keladi. Asarning sanskritcha nomi “Suvarnaprabxasa”dir.

“Oltin yorug‘”ning asl matni taxminan milodiy I asrda yaratilgan bo‘lib, sudur (sutra)lardan tashkil topgan. Sudur sanskritcha so‘z bo‘lib, “hikmatli so‘z, qisqa yo‘llanma” ma’nosini bildiradi.16 Bu terminning boshqa ma’nolari ham bor.17 Har bir bo‘limda buddaviylikning muhim jihatlari to‘g‘risida Tangrilar tangrisi burxon bilan Xo‘rmuzd hamda boshqa tangrilar o‘rtasida savol–javob kechadi. Buddaga berilgan savol bilan mavzu boshlanadi. Budda savolga javob berayotganda, orada hikoyalar ham kiritiladi.

Bu asar boshdan–oxir maxayana mazhabini targ‘ib qilishga qaratildi. Savol tug‘iladi: nima uchun aynan maxayana mazhabi asosida yaratildi va Kanishka ham aynan shu ta’limotni yoyish uchun xizmat qildi? Zotan, maxayana ta’limotida ichki poklanish, ruhiy, ma’naviy sog‘lomlik bosh o‘rin tutadi. Qolaversa, Markaziy Osiyodagi azaliy ma’naviy muhit ham maxayana mazhabi bilan uyg‘unlashadi. “Oltin yorug‘”ning asl nusxasi yaratilish davri, birinchidan, aynan Kushon imperiyasining kuchayib, Hindistonning katta qismini egallab olgan davrga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan Kushon imperiyasi Markaziy Osiyodagi turkiy qavmlar davlati bo‘lgani bois bu imperiya hukmronligiga qadar buddaviylik O‘rta Osiyoda, xususan, Janubiy O‘zbekiston hududida endi yoyilib borayotgan edi.

Maxayana “katta g‘ildirak” yoki “najotning katta yo‘li” degan ma’noni bildirib, buddaviylikda asosiy yo‘nalishlardan biridir. Maxayana mustaqil yo‘nalish sifatida milodgacha 1 asrda ilk buddaviylik maktabi maxasangxiki asosida tashkil topgan. Maxayananing to‘liq shakllanishi milodning boshlariga – sutralar alohida guruh sifatida paydo bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Maxayana yo‘nalishini buddaviylik bilan shug‘ullangan Nagarjuna, Ashvagxosha, SHantarakshita, CHandrakirti kabi buyuk faylasuflar rivojlantirdilar.

Maxayananing boshqa buddaviylik yo‘nalishlaridan farqi nimada? Nima uchun uni “katta g‘ildirak” deb ataydilar? Gap shundaki, maxayana tarafdorlarining qarashicha, fikrning oydinlashuvi faqat rohiblargagina emas, balki jamiki mavjudotlar uchun joizdir. Maxayananing asosiy farqli xususiyati shundan iborat. Maxayanada, hamma najot topishi mumkin, bu yo‘lda insonga buddalar va bo‘disatvlar yordam beradilar, deb qaraladi. Xinayana yo‘nalishiga mansub arxant timsoli o‘rniga, bo‘disatv timsoli shakllantirilgan. Bo‘disatv oliy ruhiy etuklikka erishib, nirvonga ketmaydi, balki hamma najot topishga erishishi uchun yordam berish maqsadida sansarada qoladi. Aytish mumkinki, xinayana izdoshlariga: “Faqat yakka holatda, uzoq vaqt shaxsan o‘zini o‘zi komil qilish rohiblik orqali najot topa oladi”, deb ta’lim bersa, maxayana quyidagicha o‘git beradi: “Hamma uchun yo‘l ochiq. Boringlar, sizlarga budda va bo‘disatvlar yordam beradilar. Agar bu yo‘lga kirishga zaif bo‘lsangiz, oddiy odam bo‘lib qolinglar, ammo Buddaning qoidalari va amrlariga rioya qilinglar, nirvonga etishish uchun katta qadam shudir”.

Buning ma’nosi shuki, maxayana yo‘liga kirgan insonlar bu yo‘nalishning barcha aqidalarini bajaradilar. Qolaversa, buddalar va bo‘disatvlar xuddi boshqa odamlarning karma (inson butunlay qayta tug‘ilish jarayonida yuz beradigan jamiki yaxshi va yomon ishlar yig‘indisi)sini o‘z zimmasiga olayotganday bo‘ladi. Ular o‘z jasoratlari bilan oliyjanob karmani yaratadilar va azob–uqubatlar orqali imonlilarga o‘tkazadilar. SHuning uchun maxayanadagi azob–uqubat oliy donishmandlikka tenglashtiriladi.

Buddaviylik diniy tizimini axloq fani bilan bir doirada qarash mumkin. YOki najot topish haqidagi aqida ham bir necha diniy tizimda maqsad va mohiyat jihatdan bir bo‘lsa ham, ish-amallari, timsollari bilan farq qiladi. Ammo najot topish, shuningdek, “qayta tug‘ilish” ham ta’limot bo‘lish bilan birga, diniy tizim hamdir. Masalan, “Oltun yorug‘”dagi har bir sudur insoniyatga najot berish va illatlardan xalos qilishga qaratilgan.

“Oltun yorug‘”da bayon etilishicha, Buddaning insoniyatga ko‘rsatadigan cheksiz inoyati va marhamati ta’rifi er yuzida mavjud bo‘lgan ta’rifu tavsiflarning hammasini qamrab oladi. Insoniyatni solihlikka etaklashda insonga imkonsiz narsa Budda uchun imkonli: “Oltin rangli badaningizdagi har bir ezguliklar alomati g‘oyat ajoyibdir. (Bu alomatlar) ko‘k zumrad (toshi) xazinasiday o‘ng tomonga aylanib turadilar. (Ularning) yoqimli chiroyini, nurini (biron narsaga) qiyoslash qiyindir, deydilar. Azalda tug‘ilganingizda(n beri) tanangiz nuri o‘nta tarafdagi er–suvni (ya’ni er yuzini) (yoritadi), o‘chiradi uyqungizni, uch (zamonda) mavjudlikdagi azoblardan jonzotlarni etkazdingiz xotirjam, sog‘–omon abadiylikka! Do‘zax, iblis, hayvonot (olamida yurgan), shuningdek, (uch yomon) yo‘lda tug‘ilganlar - iblis maxluqlari, tangrilar (va) insoniyat dunyosida daydib yurishlariga chek qo‘ydingiz. Ularni ko‘p turli azoblardan xalos qilib, tinchlikka, xotirjamlikka etkazyapsiz...” (V 2b\ 1-16) Qolaversa, Buddaning o‘nta va’dasi38 va buddaviylikning tub mohiyati – insoniyatni komilikka etaklash uchun ularni illatlardan xalos qilib, amaliy natijaga olib keladi. Asardagi insonlarni nuqsonlardan tamomila xoli, pok, ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalash yo‘l-yo‘riqlari Buddaning sifatlariga mos o‘gitlarining amaliy natijasidir. Ma’naviy pok insonlar, yoki umuman jonzotlar (“Oltun yorug‘”da tınlıghlar) moddiy jihatdan ham o‘ziga xos tarzda shakllanadilar. Agar o‘sha jonzotlar Budda xonga (ya’ni burxonga), bo‘disatv (buddaga aylanmoqchi bo‘lgan jonzotlar yoki insonlar)larga ta’zim qilib, ularga hamdu sano aytsalar, natijaga erishadilar. Har uch zamondagi – o‘tgan, hozirgi va kelajak zamondagi burxonlarga hamdu sano aytgan va ta’zim bajo aylagan aslzodalar o‘g‘illari va aslzodalar qizlari (ular jamiyatdagi alohida toifa emas, balki buddaviylikka e’tiqod qiluvchi, Buddaning aqidalaridan aslo og‘ishmaydigan insonlar)ning hayotda erishadiganlari nihoyatda ulkan, ular “emak-ichmakli, to‘nu kiyimli, mol-dunyoli, bilimli, fazilatli, qutli, saodatli (bo‘ladi), xastalikka, kulfatga, qarshilikka uchramaydilar, umrlari uzun bo‘ladi, qancha-qancha orzulari bo‘lsa, unday orzu yo‘qki, ko‘ngil xohishi bo‘yicha qonmaydigan, amalga oshmaydigan (bo‘lsin)” (V 8b\22-9a\4). Buddaviylik falsafasi tizimida shart va natija munosabatlari muhim nazariy tushunchalardan biridir. Bu munosabatlar jonzotlarning komillikka erishuvi uchun birinchi shartdir. Jonzotlarning bo‘disatvga aylanishi, mushohada, najot topish, darma va h. bosqichlarni bosib o‘tishi ham shart va natija munosabatlaridan paydo bo‘ladi. Bu singari munosabatlarda ruhiy jarayon etakchilik qiladi. Masalan, “Oltun yorug‘”dagi muhim, asarning boshidan oxirigacha davom etadigan termin - no‘m va uning turlari, no‘mning buddaviylar hayoti va e’tiqodidagi mavqei, ruhiy ta’siriga e’tibor qarataylik.

No‘mning inson hayoti tarzini o‘zgartiruvchi boshqa jihatlari ham borki, bu ruhiy jarayon bilan bog‘liq. Jumladan, insonlar sehr-jodu no‘mining duolarini o‘qiganlarida, ularning hayotida quyidagicha o‘zgarishlar yuz beradi: sehr-jodu no‘mi insonlarni yirtqich hayvonlar balosidan, o‘t-suv balosidan, shaytonu arvohlar balosidan, inson va inson bo‘lmagan jonzotlar balosidan, xavf-xatardan xalos qiladi. Sehr-jodu no‘mi uch zamonga oid burxonlarning aqli, tafakkuridir. Sehr-jodu no‘mlarini ko‘p so‘zlash bilan burxonlarga izzat-hurmat ko‘rsatiladi. Ayni paytda aslzodalar – buddaviylikka e’tiqod qiluvchilar no‘m udumlarini ijro etgach, aslzodaning “baxti, kuch-qudrati ko‘payadi, oshib ketadi, nima orzusi bo‘lsa, amalga oshadi” (V 9b). Insonlar o‘zlariga tasalli topishlari uchun keltirilgan sanskritcha duolar muhim ruhiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

“Oltin yorug‘”da “quruq” yoki “bo‘shliq” no‘m ham borki, tayanadigan hech narsasi yo‘q. No‘mning bu turi asarda “moddiyat”ga tayangani uchun “egasiz, bo‘m-bo‘sh mahallaga o‘xshaydi”. Bunday holatda hissiy a’zolar (yoki “o‘g‘ri”) – ko‘rish, eshitish, hid bilish, til, tana va tafakkur o‘z vazifasidan uzoqlashib, o‘ziga aloqasi yo‘q ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganda, yolg‘ondakam bilim paydo bo‘ladi. Maxayana mazhabining falsafiy asoslariga ko‘ra, moddiy olamning to‘rt ilk elementi yoki “to‘rt maxabutli ilonlar” – yuqoriga intiladigan o‘t va shamol, pastga intiladigan er va suvning harakatlari aralashib ketganda, ko‘p xastaliklar paydo bo‘ladi. Ko‘ngil bilimiga tayanish, ya’ni faqat o‘zligiga ishonish xastaliklarning boshidir. “Oltun yorug‘”da buddaviylik tizimiga mansub zamon, xususan, uch zamon muhim kategoriyalardan biridir. Uch zamon abadiylik demakdir. Buddaning qiyofasi ham, burxonlar ham uch zamonda talqin etiladi. SHuningdek, uch zamonga tegishli darma (sanskr. dharma) ham uch zamonga mansub bo‘lib, “Oltun yorug‘”da ma’no va vazifa jihatdan o‘ziga xos maqomga ega. Darma muhim termin sifatida “Oltun yorug‘”ning o‘nta bo‘limi boshlanmasida “Buddaga ta’zim, Darmaga ta’zim. Sangaga ta’zim” tarzida qo‘llanadi. Bu o‘rinda darmaning maqomi belgilab berilgan – uning maqomi Buddaning maqomi bilan baravar. Mazkur termin, birinchi navbatda, buddaviylik ta’limoti ma’nosini va bu yo‘lga kirganlarning ma’naviy hayotiga oid hamma tomonlarni qamrab oladi. Darmaning maqomi Buddaning maqomi bilan teng bo‘lgani uchun darma nazariyasining paydo bo‘lishi buddaviylik aqidasining ruhiy jihatiga asos bo‘ldi.

Buddaviylik tarixida maxayana mazhabining muhim o‘rin egallashiga sabablardan biri ham darmaning inson hayotining hamma jihatlariga kirib borib, hayot mazmuni komillikka erishuvdan, bo‘disatvlarga aylanishdan iborat, deb uqtirishdan iborat bo‘ldi. Jonzotlar bo‘disatvlarga aylanishlari uchun darmani o‘zida mujassamlantirgan o‘nta ma’no va sifatlarga ega bo‘lishlari talab etiladi. Bu ma’no va sifatlar – mavjudlik elementi, yo‘l, nirvonga etishuv, his qilinmaydigan element, fazilatli hayot, ta’limot, doimiy barqarorlik sifatlari, diniy va’da, dunyoviy qonunlardir. Bir so‘z bilan aytganda, darma – e’tiqod qiluvchilarning butun ongli faoliyatidir deb aytish ham mumkin. Buddaviylar “men darmada panoh topganman”, deb aytar ekanlar. Bu vaziyatda darma nirvondir. Darma ayni paytda, bilish asosi bo‘lib, shaxs qobiliyatining qabul qilishiga mos mazmunda qo‘llanadi. Buddaviylar keng ommaga aytar ekanlar: “Qirolning oliyjanob xonimlari va yosh shahzodalar! Bir-biringizga darmaga muvofiq munosabatda bo‘linglar!”

Hamma zamonlarda ham zodagonlarda axloq va tarbiya oliy darajada bo‘lganini va darma ana shu axloq hamda tarbiyaning tajassumi ekani ayonlashadi.

Darma hayot va uning mazmuni ham demakdir. Buddaviylarning yana “dunyoviy odamlar dunyoviy darmaga bog‘lanib qolganlar” degan gaplari aynan shu ma’noda istifoda etilgan. Budda darmaga ta’rif berib: “Darma sudur va boshqalardir”, deb aytganda, ta’limotni nazarda tutgan edi.




Yüklə 1,01 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   63




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin