Demak, asrlar davomida ishlatilgan arab alifbosida «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga amal qilingan, deya olmaymiz. Kirill yozuvida ham bu tamoyilga qat’iy rioya qilingan, deyish qiyin. «Ya», «yu», «yo» (misol uchun, «yalpiz», «yurt», «yomon») harflarining aslida ikki tovushni bildirishi, «ye» harfining o‘rniga qarab bir yoki ikki tovushni bildirishi (masalan, «yengil» so‘zida ikki tovush, «men» so‘zida bir tovush), bitta «j» harfining ikkita tovushni ifodalashi (solishtirib ko‘ring: «jiyda» — «jirafa»), «ng» harflarining o‘rni kelganda ikki tovushni («menga») yoki bir tovushni («dengiz») bildirishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Demak, departament ta’kidlaganidek, «xalqimiz tarixda foydalangan arab, kirill alifbolari „bir tovushga — bir harf“ tamoyiliga asoslangan», deyish unchalik ham haqiqatga mos emas. Faqat isloh qilingan arab alifbosida (1921−1929) va «yanalif»da (1929−1940 yillarda ishlatilgan lotin alifbosida) bu tamoyil u yoki bu darajada kuzatilgan, deyishimiz mumkin. Biroq bu alifbolarning amal qilish muddatini arab, kirill yoki amaldagi lotin alifbolari qo‘llanilgan davr bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Yana bir holat. Kirill yozuvidagi «j» va «ng» bilan bog‘liq holatlar taklif qilinayotgan yozuvga aynan ko‘chganligi sababli, taklif qilinayotgan alifboning o‘zida ham «bir tovushga — bir harf» tamoyiliga har doim amal qilinmaganini ko‘rishimiz mumkin.
«O‘» va «G‘» harflari: texnik yechim mavjud emas…mi?
Departament amaldagi «O‘» va «G‘» harflariga to‘xtalar ekan, bu harflarni yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6ta tugma (avval O yoki G, keyin: alt 0145) bosilishini ta’kidlagan. Aslida, ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu harflar uchun UNICODE tavsiya qilgan harfni «o‘zgartiruvchi teskari vergul» (U+02BB, «modifier letter turned comma») ishlatilsa, kompyuter tizimlari bunday harflar ishtirokidagi so‘zlarni to‘g‘ri qabul qiladi.
Darhaqiqat, bu harflarni kompyuterda terish qiyinligi ham, ko‘pchilik bu harflarni terishda har xil belgilarni ishlatib, xatoga yo‘l qo‘yishi ham bor gap. Lekin muammoning yechimi faqat alifboni o‘zgartirishmi? Bu harflarni qiyinchiliksiz va bexato terish imkonini beradigan klaviatura raskladkasi yaratilishi mumkin emasmi?
Departament «zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida o‘zbek tilining barcha harflari bo‘ladi», deya ta’kidlagan. Amaldagi lotin alifbosidagi bu harflarni bitta tugma bilan terish imkonini beradigan klaviatura Android tizimidagi qurilmalarda allaqachon mavjud. Bunday klaviaturaning texnik imkoniyatlari, ijobiy va salbiy jihatlari o‘rganildimi? Shunga o‘xshagan klaviaturani boshqa tizimlar uchun yaratish imkoniyatlari tadqiq qilindimi? Departament shu bo‘yicha ham asoslangan fikrlarni taqdim qilsa, mutaxassislar bilan ochiq muhokama qilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi, nazarimda.
«Sh» va «ch»:turkiy tillar alifbosiga yaqinlik?
Departament bildirgan munosabatda «sh» va «ch» harflarini o‘zgartirish zaruratini bu tovushlarning ikkita harf bilan ifodalanishi «hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo‘q"ligi bilan izohlagan. Asl maqsadimiz turkiy tillar alifbosiga yaqin alifboni qabul qilish emas, lotin alifbosiga o‘tishni tugallash ekanligini unutmaylik.