Birinchidan, turkiy tillar turli alifbolardan foydalanishadi. Masalan, turkiy tillar orasida o‘zbek tiliga eng yaqin bo‘lgan uyg‘ur tili uchun arab va kirill yozuvlari ishlatilsa, ozarbayjon, turk, turkman, qoraqalpoq tillari uchun lotin, qirg‘iz, qozoq, shuningdek, Rossiya tarkibidagi aksar turkiy xalqlar tillari (oltoy, boshqird va boshqalar) uchun kirill alifbosi asosidagi yozuv ishlatiladi. Demak, turkiy tillar yozuvlari mushtarakligi haqida ayni paytda, turli sabablarga ko‘ra, gapirishga asos yo‘q.
Ikkinchidan, alifbodagi «sh» va «ch» harflarining o‘xshashligi o‘zbeklar uchun boshqa turkiy tillarni o‘rganishni osonlashtirib qo‘ymaydi. Baribir o‘zbekzabon o‘quvchi qaysi turkiy tilni o‘rganmoqchi bo‘lsa, o‘sha tilning grammatikasi va so‘z boyligi bilan birga alifbosi va imlo qoidalarini ham o‘rganishi kerak bo‘ladi. Masalan, «j» tovushi o‘zbek tilida «j» bilan ifodalansa (misol: «jonim mening») , turk tilida «c» bilan beriladi («canim benim»). Shunday ekan, uzr, lekin men «sh» va «ch» borasida berilgan asos tagida mantiq ko‘rmadim.
Shunchaki ma’lumot uchun. Genealogik jihatdan bir-biriga yaqin (hind-yevropa tillari oilasi g‘arbiy german tillari guruhiga kiruvchi) ingliz va nemis tilarida «sh» va «ch» tovushlari har xil harf birikmalari («sh», «ch» va «sch», «tsch» bilan ifodalanadi).
Amaldagi alifboning qiyinligi — tadqiqotlar bormi?
Alifboga o‘zgartirish kiritish zarurati haqida munosabat bildirar ekan, departament yozmoqda: «Alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o‘qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining ommalashishiga salbiy ta’sir qilmoqda».
Savol tug‘iladi. Keltirilgan fikr nimaga asoslangan? Amaldagi alifboning oson yoki qiyinligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildimi? Turli vositalar orqali (masalan, qog‘ozda, kompyuter yoki smartfon ekranida, elektron kitob o‘qish qurilmasi — bukriderda) amaldagi lotin alifbosi va taklif qilinayotgan alifbodagi matnlarni o‘qish tezligi, idrok qilish darajasi orasidagi farqlar o‘rganildimi? Turli yoshga mansub shaxslar, kirillda yoki amaldagi lotinda savodi chiqqan shaxslar, ona tili o‘zbek tili bo‘lgan va boshqa millatga mansub shaxslar kategoriyalariga qarab har ikki alifbodagi matnni o‘qish tezligi va idrok qilish qobiliyati qanday farq qildi?
Xuddi shunday tadqiqotlar amaldagi va taklif qilinayotgan alifbolarda yozish bo‘yicha ham o‘tkazildimi? Qog‘ozda yozish, smartfonda yoki kompyuterda matn terish bo‘yicha qanday ko‘rsatkichlar olindi?
Agar bunday tadqiqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, departamentdan ularning natijalarini taqdim qilishni so‘rardim. Agar o‘tkazilmagan bo‘lsa, uzr — siz o‘qish va yozish qiyin deyayotgan alifboni men yoki boshqa birov oson deyishi mumkin.
Departament munosabatida amaldagi alifbo qiyinligi bilan bog‘liq yana bir qiziq argument keltirilgan: «milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko‘pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda». Darhaqiqat, nega ta’lim tizimida (maktabda, oliy ta’limda) lotin alifbosida o‘qigan yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda? Sabab milliy alifbodagi murakkabliklarmi?
Shaxsiy tajribamdan bir voqea. Davlat tashkilotlaridan birida ishlaganimda Vazirlar mahkamasi va Prezident administratsiyasiga yuborilishi kerak bo‘lgan hujjatlarni lotin alifbosida tayyorlaganimda ularni kirill alifbosiga o‘girib berishni so‘rashgan va bunday hujjatlar keyinchalik kirillchada tayyorlanishi lozimligini uqtirishgan edi. Xulosa o‘zingizdan.
Lotin yozuvida o‘qigan yoshlar savodsiz… mi?
Departament keltirayotgan argumentlardan yana biri: «Lotin yozuvida o‘qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi („o‘“ ning o‘rniga „6“, „ch“ ning o‘rniga „4“, „sh“ ning o‘rniga „w“) dan foydalanish avj olgan».
Yozma nutqda soddaroq belgilardan foydalanish — bu savodsizlik belgisi emas, balki butun dunyoda, ko‘p tillarda kuzatiladigan «sms tili» yoki «tarmoq jargoni» deb ataladigan hodisa. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda, sms orqali muloqotda vaqtni tejash, yozma muloqot tezligini oshirish maqsadida turli usullar ishlatiladi. Shunday usullardan biri so‘zlarni qisqartirish bo‘lsa (ingliz va rus tillaridan misollar: «in my humble opinion» (fikri ojizimcha) — «IMHO», «chasto zadavayemыye voprosы» (ko‘p beriladigan savollar) — «CHAVO»), yana biri ayrim harflar (harf birikmalari) o‘rniga boshqa belgilarni ishlatishdir (misol uchun: «tomorrow (ertaga) — «2mro», «chto delayesh» (nima qilyapsan) — «4to 2yelayesh»).
Bunday holatlar alohida tendensiya, lingvistik hodisa sifatida tadqiq qilinmoqda, o‘rganilmoqda. Nazarimda, alifboning o‘zgarishi bu hodisani to‘xtata olmaydi.
O‘zbek tili internet тили emas…mi?
Departamentning munosabatida amaldagi alifbo o‘zbek tilining internet tiliga aylanishiga xalal berayotgani ham ta’kidlangan: «Alifbodagi murakkab harflar tufayli o‘zbek tilini „raqamlashtirish“, internet tiliga aylantirish imkoni bo‘lmayapti». Ma’rifat gazetasida e’lon qilingan bir maqolada ham joriy alifbodagi to‘rtta harf tufayli kompyuter tizimlari, sun’iy intellekt, internet tizimlari o‘zbek tilini tanimasligi aytilgan.
Ushbu fikrni tekshirish uchun bir tajriba o‘tkazib ko‘rdim. Amaldagi lotin alifbosida terilgan matnni Google tarjimon dasturiga tashlab ko‘rdim. Google tarjimon matnning o‘zbek tilida ekanligini tanidi va men tanlagan boshqa tillarga (rus va ingliz tillariga) deyarli benuqson tarjima qilib berdi. «Murakkab harflar» Yandeks tarjimon dasturiga ham matnning o‘zbek tilida ekanligini aniqlab olishga xalaqit qilmadi. Ilova qilingan rasmlarda bu holat aks etgan.
Departament keltirgan yana bir argument — «transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o‘girish va o‘qish imkoni paydo bo‘lishi»ga kelsak, kirill yozuvida terilgan matnni amaldagi alifboga transliteratsiya qilib beradigan dasturlar ham mavjud. Faqat bir narsani unutmaslik kerak — lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi, xoh amaldagisi bo‘lsin, xoh taklif qilinayotgani — kirill yozuvining ayni transliteratsiyasi emas, balki o‘z qoidalariga ega alohida tizimdir. Shuning uchun bir yozuvdan ikkinchi yozuvga transliteratsiya hech qachon bexato bo‘lmaydi.
Departament o‘z munosabatida alifbodagi shakliy o‘zgarishlar sababli «katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlosini o‘zlashtirishi tezlashadi», «o‘zbek tili tabiatiga mos yozuv bo‘ladi», deya ta’kidlagan, lekin taklif qilinayotgan alifbo aynan qaysi jihatlari bilan o‘zbek tili tabiatiga mos bo‘lishini yoki katta avlodga amaldagi alifboni o‘zlashtirishga qaysi omillar xalaqit berayotganini izohlamagan.
Yakun sifatida oldingi maqolamda keltirilgan fikrni yana bir marta qaytarishga ruxsat bersangiz. Agar alifboga o‘zgartirish kiritish zarur bo‘lsa, men bu o‘zgarishlarning puxta o‘ylab, ilmiy asoslangan holda kiritilishi tarafdoriman. Aks holda alifbo va imlo masalasiga yana va yana qaytishga majbur bo‘laveramiz. Hozircha esa, afsuski, alifboni o‘zgartirish uchun keltirilayotgan argumentlar meni filolog sifatida ham, foydalanuvchi sifatida ham ishontira olgani yo‘q.
XULOSA
O’zbekistonda 20-asrda amalga oshirilgan yozuv va imlo islohotlari tufayli xalqimiz 3 bora yozuv almashtirishga majbur bo’ldi. Sho’rolar davrida arab yozuvidan lotin yozuviga, so’ngra kiril yozuviga o’tish sof siyosiy sabablarga ko’ra amalga oshirildi hamda madaniyat va umuman mahalliy sivilizatsiyaning eng qiymatli yutuqlari bitilgan yozuvlar xalqning istak va xohishlariga zid ravishda goh “sotsializm qurilishini tezlashtirish”, goh “kommunizm qurilishi talablariga ko’ra” almashtirilaverdi. Eng yomoni har gal yozuv almashganida eski yozuv(lar) qonundan tashqari deb e’lon qilindi va bu yozuvdan foydalanish jiddiy cheklanib qo’yildi.
Mustaqillik yillarida joriy etilgan yangi o’zbek alifbosi mamlakat va xalqning globalizatsiya jarayonlari avj olgan davrdagi ehtiyojlarini qondirish maqsadida qabul qilindi. Qonunning preambulasida haqli ta’kidlanganidek, mazkur qonun, “keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarni inobatga olgan holda respublikaning har taraflama kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratish” uchun qabul qilindi va u bu maqsadga xizmat qilmoqda. Muhimi, qonunning ikkinchi bandida qayd etilganidek, “Lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosini joriy etish bilan birga O’zbekiston xalqining milliy iftixori bo’lmish bebaho ma’naviy meros bitilgan arab alifbosini va kirillitsani o’rganish ulardan foydalanish uchun zarur sharoitlar saqlab qolinadi”, ya’ni, yangi o’zbek yozuviga o’tish bilan an’anaviy yoki eski yozuvlar qonundan tashqari deb e’lon qilinmagan, balki, aksincha, bu yozuvlarni o’qish-o’rganish va foydalanishni garantiyalash ko’zda tutilgan. Bu qoida ushbu qonunnig jiddiy yutug’idir.
Xullas, yozuv va imlo islohotlari qandaydir mafkura yoki siyosiy kuchlarning maqsadlariga emas, xalq va jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi lozim, o’shandagina bunday islohotlarni ma’qullash va ijobiy baholash mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar
Y.Abdullayev “Sovg’a” kitobi
Mardonqul Boltayev “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosi va imlosi” Toshkent 2003 y.
B.Mengliyev “Hozirgi o’zbek adabiy tili” Qarshi 2004 y.
R.Jo’raqulov “Istiqlol alifbosi”
Sh.Rahmatullayev. O’zbek tilining yangi alifbosi
Internet ma’lumotlari www.ziyonet.uz
www.pedagog.uz
Dostları ilə paylaş: |