1-suxandon:
Assalomu alaykum, fan bog‘ining bog‘bonlari, mehribon ustozlar hamda ilmga chanqoq o‘quvchi-yoshlar!
Yurtimizga o‘zining zarrin sepini yoyib, husn-u tarovatini ko‘z-ko‘z qilib, fasllar kelinchagi – Bahoroy kirib keldi.
2-suxandon:
Ha, bahor-uyg‘onish, yasharish fasli. Bu faslda ko‘ngillarimiz shodlikka, zavq-u shavqqa oshufta bo‘ladi. Bahor-bayramlar, shodyonalar fasli.
1-suxandon:
Yaqindagina 8-mart-Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlagan edik. Endi esa qadimiy va hamisha navqiron, ulug‘ ayyomimiz Navro‘zi olam eshik qoqmoqda. Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!
2-suxandon:
Har yil bahorda Navro‘z tantana qiladi. Bahordagi an’analar, urf-odatlar xalqimizni hech qachon tark etmaydi, aksincha, Navro‘z sayli yil sayin takomillashib, sayqallashib, boyib boraveradi. Darvoqe, Navro‘z ko‘p ming yillik tarixga ega.
1-suxandon:
Qani bo‘lmasa, Navro‘z tarixi bilan tanishaylik.
(Sahnaga bayramona libosdagi yettita o‘quvchi chiqishadi).
Bunyod:
Sharq xalqlarining azaliy va abadiy bayrami bo‘lgan Navro‘z to‘rt ming yillik tarixga ega. Navro‘zning kelib chiqishi va shakllanishiga oid qimmatbaho manbalar zardo’shtiylik dinining muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto”, mashhur qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy, Umar Hayyom, Abulqosim Firdavsiy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Yusuf Xos Xojib, Navoiy kabi mutafakkirlarimizning qimmatli ma’lumotlarida Navro‘z muhabbat, do‘stlik, poklik, va insonparvarlik ramzi sifatida ulug‘lanadi.
Hulkar:
Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarida keltirilishicha. Jamshid (qadimgi Eron shohlaridan biri) temir eritib, qurol yasashni, ip yigirib, kiyim tikishni, uy, hammomlar qurishni ixtiro qildi. So‘ng kishilarni o‘z qobiliyati, hunariga qarab guruhlarga ajratadi.
Nihoyat, bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi, bu farvardinning birinchi kuni edi. Hamma juda baxtiyor, shu kuni yangi yil boshi bo‘lib, an’anaga aylanib qoladi. (“Farvariddin” pahlaviycha so‘z bo‘lib, u hamal burjiga oiddir, ya’ni 21-martdan 22-aprelgacha bo‘lgan davrdir)
Dostları ilə paylaş: |