Немис тили дарсларида маданиятлараро мулоқотга ўргатиш машқларидан фойдаланиш



Yüklə 125,47 Kb.
səhifə3/15
tarix12.04.2023
ölçüsü125,47 Kb.
#96906
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Nemis tili darslarida madaniyatlar

Tadqiqot obyekti – o’rta maktabning yuqori sinflarida, litsey, kollejlarda nemis tilini mamlakatshunoslikka oid matnlar yordamida o’rganish va o’zlashtirishga qaratilgan tarzda nemis tilini o’qitish jarayonidir.
Tadqiqot predmeti - o’rta maktabning yuqori sinflarida, litsey, kollejlarda nemis tili darslarida madaniyatlararo muloqotni o’rgatishga qaratilgan mashqlar ustida ishlash metodikasidir.
Ishning maqsadi – nemis tili darslarida nutq malakalarini mamlakatshunoslikka doir matnlar yordamida rivojlantirish va madaniyatlararo muloqotni o`rgatishning lingvodidaktik asoslari hamda eksperimental sinovdan o`tkazilgan uslubiy texnologiyasini yaratishdan iborat.

I Bob
NEMIS TILI DARSLARIDA MADANIYATLARARO
MULOQOTNI O`RGATISHNING LINGVODIDAKTIK ASOSLARI
I.1. “ Madaniyatlararo muloqot” atamasining lingvodidaktik talqini
Xorij mamlakatlari bilan mustahkam aloqa o`rnatish, birinchi navbatda, o`sha yurtlar aholisining tili va madaniyatini bilishni taqozo etadi. Chet til(lar)ni jumladan, nemis tilini puxta egallagan raqobatbardosh mutaxassislargina murakkab va manfaatli yumushlarni uddalay oladilar.
Bugungi kunga kelib, nemis tili o`qitish metodikasidagi yangi o`zgarishlar natijasida xorijiy tilni, tili o`rganilayotgan mamlakat madaniyati to`g’risidagi ma`lumotlarni o`rgatish/o`rganish orqali egallashga e`tibor kuchaydi. O’tgan asrning 50-80 yillariga kelib chet til o’qitish metodikasida turli yangi atamalar paydo bo’ldi. Jumladan “chet til o’qitish” atamasi bilan birga “chet tilni muloqot vositasi sifatida o’rgatish” yoki “chet tilda gapirishni o’rgatish”, “chet til darslarida madaniyatlararo muloqotga o’rgatish” atamalari qo’llana boshlandi [Devidson D., Mitrafanova O.D., 1990]. Bu to`g’risida ko`plab ilmiy maqolalar, nomzodlik (L.Ilieva-2006, A.Isaqov-2008, SH.Ubaydullaev-2009 va b.) va doktorlik (D.Xoshimova-2008, G.Mahkamova-2011) ishlari ham olib borildi. Ularning ko`pida bu atamaga turli qarashlar mavjudligi to`g’risida fikr yuritiladi. Jumladan, Germaniyada uni sprachbezogene Landeskunde ya`ni tilga yo`naltirilgan mamlakatshunoslik, Fransiyada esa language at civilisation - til va sivilizatsiya, Amerikada cultural literacy va crosscultural communication atamalari bilan qo`llay boshladilar [42; 121; 156; 158]. Shu bilan birga, nemis tilida gaplashuvchi mamlakatlar chet til o`qitish metodikasida keng qo`llanadigan Landeskunde atamasi bilan sinonim tarzda Kulturkunde, Voelkerkunde, Realienkunde atamalari qo`llanib kelinganligi ham yoritib o`tiladi.
Endi chet til o`qtish metodikasida keng qo`llanayotgan “Chet til”, «Mamlakatshunoslik», «Lingvomamlakatshunoslik», “Lingvokulturologiya”, “Madaniyatlararo muloqot” kabi atamalar to`g’risida batafsil fikr yuritsak.
Chet til o`qitish metodikasi nazariyasi va amaliyotida qo`llanadigan atamalarning nomlanishida har xil jumboqlar mavjudki, ularni tartibga solish to`g’risida ko`plab ilmiy maqolalar chop etilgan. Masalan, J. Jalolovning “Lingvodidaktikaning zamonaviy konseptual yangilanish bosqichi xususida”gi maqolasi, S. Saydaliyevning “Madaniyatlararo muloqot” atamasiga bag’ishlangan maqolasi shular jumlasidandir. Ma`lumki, xorijiy til o`quv predmeti o`zbek tilida rasman ikki xil aytilib/yozilib keladi: “chet til va chet tili(?)”. Ulardan birinchisi O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tasdiqlagan nazariy kurs (Jalolov J.J. Chet til o`qitish metodikasi: Chet tillar oliy o`quv yurtlari (fakultetlari) talabalari uchun darslik. - Toshkent: O`qituvchi, 1996. - 368 b.)da qabul qilingan.
“Chet til” deganda, kimning tili emas, balki qanday til haqida gap boradi: chet el, chet o`lka, chet mamlakat, chet joy, chet jism kabi so`z birikmalarida bo`lganidek, chet so`zi o`zga, boshqa, begona, yot, xorijiy, ajnabiy ma`nolarini ifodalab keladi (Qarang: O`zbek tilining izohli lug’ati. - Moskva: Rus tili, 1981. -T. II. - B. 364; Begmatov E. A. Hozirgi o`zbek adabiy tilining leksik qatlamlari. - Toshkent: Fan, 1985. - B. 104 va b.). Akademik manba-izohli lug’atda qonuniy ravishda rasmiylashtirilgan va hukumat tashkiloti (vazirlik) tavsiya etgan darsliklarda o`z tasdig’ini topgan, o`zbek tili fanining yirik arboblari (akademik Alibek Rustamiy, professor Nizomiddin Mahmudov va b.)ning sinchkov nazaridan o`tgan chet til atamasi to`g’ri ishlatilishi shart, deb o`ylaymiz.
Yana bir qator misollarga murojaat qilishga to`g’ri keladi: ko`nikma, malaka, idrok, o`quv materiali, talaffuz, o`qish/o`qilish/o`qitish, yozuv/yozish/yozma, o`zlashtirish va egallash, nutqiy vaziyat va simulyatsiya, ixtisos va kasb, o`qish turlari, lug’at/vokabulyar/leksika, lisoniy mikrobirliklar, tinglash/eshitish, gap/jumla, interferentsiya va transpozitsiya (fatsilitatsiya), qiyinchilik va xato kabi lingvodidaktik atamalarni ko`pchilik metodistlarimiz, afsuski, chalkashtirishmoqda. Ularning har biri til o`qitish ilmida o`ziga xos tushunchalarni ifodalaydi. Har qanday ilmiy sohani egallashga uning muayyan terminologik apparatini, boshqacha aytganda, tushunchalar majmuini puxta o`zlashtirish orqali erishiladi. Aks holda yetuk mutaxassis bo`lish amrimaholdir.
Ilmiy adabiyotlarda «Mamlakatshunoslik» tushunchasi qo`llanganda - tili o`rganilayotgan mamlakatning tarixi, geografik o`rni, iqtisodi va boshqa sohalar to`g’risida ma`lumotlar bilan tanishtirish deb e`tirof etiladi. Mamlakatshunoslik ekstralingvistik axborotlarni tahlil qilishga qaratilgan bo`lib, til faktlarini o`zida to`liq qamrab oladi.
«Lingvomamlakatshunoslik» esa – chet til yordamida o`quvchilarga tili o`rganilayotgan mamlakat(lar)ning milliy tili va madaniyatini o`rgatish va ularni tabiiy muloqotga tayyorlash orqali axborot almashish malakalarini rivojlantirish sifatida qo`llanadi. Uning mamlakatshunoslikdan farqi shundaki, lingvomamlakatshunoslik bir tomondan tili o`rganilayotgan mamlakatning nafaqat tarixi, davlat tuzilishi, shu bilan birga milliy-madaniyati haqidagi axborotlarni bersa, ikkinchi tomondan matnlarni o`qish jarayonida tildagi milliy o`ziga xos so`z (realiya)lar, ya`ni muqobilsiz til birliklari, frazeologiya, aforistikani tarjima qila olish, nutq madaniyatidan nutqiy muloqotda foydalanishga o`rgatadi [40; 42].
Lingvomamlakatshunoslikning obyekti til va nutq birliklaridan tashkil topadi. Ma`lumki, E. M. Vereshagin, V. G. Kostomarov, G. D. Tomaxin, Y. N. Karaulov, V. V. Vorobyov, A. Vejbitskaya, S. G. Ter-Minasova olib borgan tadqiqotlarda til va madaniyat muammolari masalasi tadqiq qilinadi.
Lingvomadaniyatshunoslik muommolariga doir ilmiy ishlar tahlili natijasida u, madaniyat, millat, milliy madaniyat, til, milliy til, mentalitet tushunchalari bilan mazmunan bog’liqliligini guvohi bo`lamiz.
Lingvokulturologiya – lingvistika va madaniyatshunoslik o`rtasida vujudga kelgan yangi mustaqil fan. U xalqlar madaniyatining vujudga kelish tarixi va uning tilda aks etish jihatlarini o`rganadi. Lingvokulturologiyaning rivojlanish davrini ikkiga bo`lish mumkin: birinchi davr: fanning vujudga kelish davri. Bu asosan V. Gumboldt, Y. Grimm, A. A. Potebnya, E. Sepir ishlarida o`z aksini topgan. Ikkinchi davr: lingvokulturologiyaning mustaqil fan deb tan olinishidir. (“Lingvokulturologiya” atamasi birinchi bor V. V. Vorobyov, V. N. Teliya va V. A. Maslova ishlarida qayd etilgan).
O`tgan asrning 70 yillariga kelib amerikalik olim E. Xoll “Madaniyatlararo muloqot”, “Ko`pmadaniyatlilik” tushunchalarini birinchi bo`lib fanga olib kirdi desak mubolag’a qilmaymiz. Uning “Muloqot – bu madaniyatdir, madaniyat – esa muloqotdir” degan shiori muloqot va madaniyat o`rtasidagi o`zaro aloqani belgilab berdi. “Madaniyatlararo muloqot” atamasi hozirgi kunga kelib ommaviylashib ketdi, shu bois bu atamaning pedagogik, psixologik, didaktik adabiyotlarda ko`p uchraydigan, qo`llaniladigan atamaga aylanib bormoqda. «Madaniyatlararo muloqot» tushunchasi zamiridagi ma`no biroz o`zgarishi, bir-biridan qo`llanish jihatidan farq qilishi mumkin. Ta`limshunoslik (Lingvodidaktika) sohasida ham «madaniyatlararo muloqot» tushunchasi o`z xususiyati va o`rniga egadir.
Madaniyatlalaro muloqot (nem. Interkulturelle Kommunikation, ing. Culturell communikation, rus. Mejkul’turnaya kommunikatsiya) tushunchasini ilmiy jihatdan to`g’ri tasavvur etish uchun «Madaniyatlararo muloqot nazariyasi va amaliyoti» [179:105;184:33] deb atalib kelinayotgan yangi sohaning lingvistika, filologiya, madaniyatshunoslik, pedagogika, psixologiya, sotsio-, psixo-, etnolingvistika fanlari bilan aloqasini o`rganish va ular qatorida tutilgan mavqeyini aniqlash muhim sanaladi. Madaniyatlararo muloqot atamasini yoritish uchun kommunikativ metodgacha bo`lgan davrni tahlil qilamiz.
Metodika deganda, vaqtni tejash malakasi, o`quvchi kuchlarini oqilona sarflash, o`quv materialidagi asosiy va bosh narsani topish malakasi, jamoa mehnatini tashkil etish san`ati, o`quvchilardagi xilma-xil individualliklarga tayanadigan ta`sir tizimini tushunmoq kerak (Ribnikova M.A. Ocherki po metodike literaturnogo chteniya. –M.: Nauka, 1985, –S. 58.).

Yüklə 125,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin