Malakaviy amaliyot bakalavriat o`quv rejasiga ko`ra pedagogik instituti turli yo`nalishlaridagi mutaxassisliklari uchun 8 semestrda 14 hafta davomida tashkil etiladi. Amaliyot davomida amaliyotchilar dars o`tish uchun har bir sinfga bir kishidan biriktiriladi va bir sinfga rahbarlik qiladi.
Amaliyotchi-talaba maktabda har kuni 6 soatdan kam bo`lmasligi va reja asosida ishlashi lozim.
Amaliyotchi birinchi kundan boshlab shaxsiy reja tuzadi va kundalik yuritadi. Shaxsiy reja butun amaliyot davomiga yoki haftalik qilib uslubchi, fan o`qituvchisi va sinf rahbarlari yordamida tuziladi. O`tiladiga fan bo`yicha fan o`qituvchisi yordamida kalendar reja tuzadi, bu reja birinchi haftaning oxirida tayyor bo`lishi va o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari tomonidan tasdiqlanishi kerak. Shu bilan birga sinf rahbarlik qilish uchun sinf rahbari yordamida tarbiyaviy ish rejasi tayyorlaydi va ma`naviy-ma`rifiy ishlari bo`yicha direktor o`rinbosariga tasdiqlatadi.
Malakaviy amaliyotning birinchi haftasi passiv amaliyot bo`lib, unda amaliyotchilar maktab tarixi, ichki tartib-qoidalari, o`quv-tarbiya jarayoni, amaliyot davomida bajariladigan ishlar bilan tanishadilar va tajribali o`qituvchilarning darslarini tahlil qilib, dars o`tish va tarbiyaviy ishlarni olib borish yo`l-yo`riqlarini o`rganadi hamda rejalarni tuzib oladilar. Ikkinchi haftada aktiv amaliyot boshlanib, rejalashtirilgan vazifalarni uslubchilar, fan o`qituvchisi va sinf rahbari yordamida ta`lim-tarbiya ishlariga kirishadilar.
Malakaviy amaliyot davomida amaliyotchi-talaba o`z rejasi asosida:
darsga va tarbiyaviy soatga hozirlik ko`radi reja-konspekt yozadi va tegishli direktor o`rinbosarlariga tasdiqlatadi;
amaliyotchi-talabalarning darslarini kuzatadi, opponentlik qiladi, sinfdan tashqari ishlarini tahlil qiladi va ular muhokamasida qatnashadi;
sinf rahbarlik qiladigan sinfni, bir faol va bir passiv o`zlashtiradigan o`quvchilarni pedagogik-psixologik kuzatish ishlarini olib boradi; shu asosda amaliyot so`ngida ularga tavsifnoma yozadi;
sinfdan va maktabdan tashqari ishlarni tashkil qiladi, past o`zlashtiruvchi o`quvchilar bilan qo`shimcha mashg`ulotlar va to`garak ishlari tashkil qiladi, devoriy gazeta chiqaradi, ko`rgazmali qurollar tayyorlaydi, kabinetni jihozlashga yordam beradi;
turli tashkilotlar va o`quvchilarning ota-onalari bilan hamkorlik qiladi, kino, teatr va muzeylarga sayoxatlar uyushtiradi;
maktab bo`yicha o`tkaziladigan turli tadbirlarda faol ishtirok etadi, ya`ni pedagogik, metodik kengashlar, ota-onalar yig`ilishlari, bayram tadbirlari va obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etadi.