Shu o`rinda bir masalani alohida uqirib o`tish lozim. Ta`lim maqsadi ta`limning mohiyatini belgilar va mohiyatan ijtimoiy buyurtma (davlat zakazi) mavqeyida ekan, u pedagoglar, didaktlar, muayyan o`quv predmetlarni o`qitish usuliyoti mutaxassislari, metodistlar diqqat markazida bo`lishi kerak. Afsuski, hamma vaqt ham shunday emas. Didaktik adabiyotlarda ta`lim mazmuniga jild-jild tadqiqotlar bag`ishlangan holda ta`lim maqsadi masalasi hamisha chetda qolib keladi. Ta`lim maqsadi pedagogik adabiyotlarda eng kam o`rganilgan masalalardandir desak, xato yoki mubolag`a qilmagan bo`lamiz.1 Buning obyektiv sabablari ham bor. Birinchidan, yuqorida aytib o`tganimizdek, ta`lim maqsadi ta`lim mazmuni, usuli va, nihoyat, uning butun jarayoni va natajasini belgilovchi omil bo`lganligi uchun ta`limning istagan muammosi tadqiq-u tavsifida, muhokama-yu munozarasida ta`lim maqsadi masalasi muhokama etiladi. Shuning uchun uni maxsus o`rganishga zarurat yo`qdek tuyuladi. Ikkinchidan, ta`limning maqsadi – ijtimoiy buyurtma, ijtimoiy talab va juda ko`p hollarda siyosat, davlat hamda jamiyat taraqqiyoti, shuningdek, talabi bilan uzviy bog`liq masala, pedagog hamda didaktlar hal qiladigan sof ilmiy yoki ilmiy-metodik muammo emas. Ta`lim maqsadi–davlat ahamiyatiga ega bo`lgan siyosiy-ijtimoiy masala: u davlat tomonidan ijtimoiy taraqqiyot talablari asosida ta`lim oldiga qo`yiladi. Ta`lim peshvolari, ta`lim muassasalari mana shu talabni samarali qondirish yo`l, usul va vositalarini ishlab chiqishlari, uni takomillashtirishlari lozim. U ma`lum taraqqiyot nuqtasiga ko`tarilgach, ta`lim maqsadi yangilanishi va oldingi maqsaddan yuqoriroqlarini o`z oldiga qo`yishi mumkin.
Ta`lim maqsadi davlat ahamiyatiga molik masala bo`lganligi sababli u hukumat tomonidan belgilanadi. Buning yorqin misolini mustaqil O`zbekistonimizning taraqqiyot yo`lida ham ko`rishimiz mumkin. Mustaqillik memorondumidan keyin (31-avgust 1991-yil), O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta`kidlaganidek, "mamlakatimizning istiqlol yo`lidagi birinchi qadamlaridanoq, buyuk ma`naviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish, milliy ta`lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, uninг milliy zaminini mustahkamlash, zamon talablari bilan uyg`unlashtirish asosida jahon andozalari va ko`nikmalari darajasiga chiqarish"1 birinchi darajali masala sifatida o`rta qo`yildi. Bu sohada qilingan eng katta ishlardan biri sifatida Prezidentimiz I.Karimov: "Maktab sohasida "Ta`lim haqida"gi qonun qabul qildik" deb sanab o`tdilar. Haqiqatan ham, mustaqillik memorandumidan keyin tezda O`zbekiston Respublikasining "Ta`lim to`g`risida"gi qonuni qabul qilindi. Bu qonun ta`lim tizimimizda erkinlik, ittifoq tizimidan chiqish, ta`limni milliylashtirishga qaratilgan edi. Oradan ko`p o`tmay, mustaqil O`zbekistonimiz jahon hamjamiyatidan, mustaqil davlatlar tizimidan barqaror o`rin oldi va taraqqiyotning O`zbek modelini jahonga namuna qildi. Mana shu O`zbek modelining muhim tarkibiy qismlaridan biri O`zbekiston Respublikasining "Ta`lim to`g`risida"gi qonuni va uni hayotga tatbiq qilish uchun ishlab chiqilgan hamda amalga joriy etilgan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” (KTMD)dir. "Ta`lim to`g`risida"gi qonun va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi"i bugungi kunda O`zbekistonimizda ta`lim maqsadini belgilab beruvchi asosiy hujjatlardandir.
Ta`lim maqsadi davlat tomonidan belgilanishi sababli bu masala, ta`kidlab o`tganimizdek, pedagogik adabiyotlarda ko`p va maxsus muhokama etilmaydi, lekin u ta`lim jarayoni va samarasini belgilaydi. Shuning uchun ta`lim jarayoni masalasi ustida to`xtalamiz.
Ayrim didakt-olimlar (S.P.Baranov, V.A.Slastenin, O.R.Roziqov va b.) ta`lim jarayonini "ikki subyekt faoliyatining bir-biriga kirishuvidan shakllanadigan hosila" deb qaraydilar. Ikkinchi guruh olimlar esa (I.Y.Lerner, M.N.Skatkin, N.V.Savin va b.) o`qitish jarayonini ta`lim maqsadi orqali "ikki subyekt –ta`lim beruvchi va ta`lim oluvchi faoliyatini ta`lim maqsadni amalga oshirish uchun munosabatga kirituvchi faoliyat", deb ta`riflaydilar. Nazarimizda, ta`lim jarayoniga o`rgatuvchi va o`rganuvchini ta`lim maqsadini amalga oshirish uchun munosabatga kirituvchi faoliyat sifatida qaraSh ta`lim haqidagi umumiy mantiqqa hamohangdir. Ta`lim jarayonida o`qituvchi va o`quvchi faoliyati sintezida ta`limning maqsadi aniq va ravshan tushunilmaganligi sezilsa, shaxsni kamol toptirishga astoydil intilish bo`lmaydi. Balki ta`lim jarayonida bilib bilmay yondashish, o`zibo`larchilik avj oladi, ta`lim ajratilgan vaqtni to`ldirish uchungina olib boriladigan jarayonga aylanib qoladi. Ta`limning aniq begilangan maqsadi esa ta`lim jarayonida jamiyat talablarini qondira oladigan shaxsni tayyorlashni "loyihalash"ga imkon beradi.
Ta`limning umumiy maqsad va vazifalari, avvalo, ta`limga qo`yiladigan ijtimoiy ehtiyojlardan kelib chiqadi va o`z navbatida har bir o`quv predmetini o`qitishning xususiy maqsad va vazifalari belgilaydi. Ta`limning umumiy maqsadi tarbiya maqsadi bilan chambarchas bog`liq bo`lib, bu bog`liqlik jamiyat talablariga muvofiq unda tarkib topayotgan kishilar o`rtasidagi munosabatlarning tavsifi bilan aniqlanadi. Ta`limning umumiy maqsadini belgilashda tarbiya maqsadining, ayniqsa, ijtimoiy-ma`naviy tarbiya va estetik tarbiya bilan bog`liqlik jihatlari hisobga olinishi, shu asosda ta`lim-tarbiya maqsadi tarbiyalanuvchini har tomonlama shakllantirishga yo`naltirilmog`i lozim. –Ta`limning umumiy maqsadi tarbiya maqsadlari bilan uyg`unlashib, mushtaraklik hosil qilgandagina tarbiyalanuvchi ongini jamiyatning maqsad va vazifalariga muvofiq ravishda tarkib toptirish, rivojlantirish tizimi – ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda ishtirok etishiga qaratilgan samarali ta`sirlar majmuyi vujudga keladi. Shuning uchun ham ta`limning umumiy maqsadi ta`lim oluvchida faqat fikrlash qobiliyatinigina rivojlantirishni emas, tarbiyalanuvchi shaxsini har tomonlama yetuklikka yetkazishga xizmat qilish imkoniyatlarini belgilab berishdek ulkan vazifani bajaradi, tarbiyaning ko`p maqsad va vazifalariga ta`lim orqali erishiladi. Prezidentimiz o`zlarining tarixiy ma`ruzalarida buni alohida ta`kidlaydilar: "bizga bitiruvchilar emas, maktab ta`limi va tarbiyasini ko`rgan shaxslar kerak".1 Ta`limning umumiy maqsadini amalga oshirish uchun ilm maskanlarida har bir tarbiyalanuvchini ma`naviy rivojlantiruvchi yetarli shart-sharoit bilan ta`minlash lozim. Shu bilan birga ta`lim maqsadi ta`lim mazmuni, ta`lim materiali, vositalari va nihoyat samarasini belgilaydi. Buni 2-chizmada quyidagicha ifodalash mumkin: