Tasavvuf ilmining yetuk namoyondalaridan Bahouddin Naqshband shunday degan edi: “Inson barkamol boʻlishi uchun, avvalo, imoni va e’tiqodi mustahkam boʻlishi kerak”
Tasavvuf ilmining yetuk namoyondalaridan Bahouddin Naqshband shunday degan edi: “Inson barkamol boʻlishi uchun, avvalo, imoni va e’tiqodi mustahkam boʻlishi kerak”. diniy va dunyoviy ilmlarni oʻrganib, unga xolis amal qilib, tengdoshlariga, yor-u doʻstlariga, insonlarga ibrat boʻla olgan kishigina komil inson maqomiga erishishi mumkin. Komil inson tushunchasi ma’naviy barkamol inson tushunchasi bilan hamohangdir. Ma’naviy barkamollikka erishmay komil inson darajasiga yetish mumkin emas. Demak, ma’naviy barkamollikka intilish – bu komil inson darajasiga erishish uchun intilishdir. Komillikka inson butun umri davomida erishib boradi. Uchta tushuncha: sogʻlom avlod, ma’naviy barkamol, komil inson – darajama-daraja chuqur ma’no kasb etadi.
Alloma bobolarimiz qayd etganlaridek, “Inson oʻzini hirs, ta’ma, nafs, gʻaflat, nodonlik yovuzlik kabi illatlardan poklamasa, u hech qachon komil inson boʻla olmaydi”.3 Ulugʻ mutafakkir Nosir Xisrav: “inson asliy-ilohiy jihat borligʻi va u oʻz haqiqatini bilib olishga qodir. Buning uchun inson hayotini behuda oʻtmasligi, asliga yetish uchun sa’yi-harakat qilishi, ilm egallashi va moddiy ehtiyoj girdobiga tushmasligi kerak”4 degan edi. “Ilm” soʻzi lugʻatda bir narsani voqe’likdagidek idrok etishni bildiradi. Shar’iy istilohda esa ma’naviy ishlarda narsalarni teskarisi yoʻq darajada aniq bilish sifatiga “Ilm” deyiladi. Islom dinichalik ilmni ulugʻlagan din, tuzum yoki falsafa yoʻq. Har bir shaxsga ilm talab etishni farz (majburiy) qilish ham faqat Islomda bor, holos.1
Ilmni va olimlarni Alloh taolo Qur’oni karimda madh etib, Mujodala surasida shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan iymon keltirganlarini, xususan, ilmga berilganlarni darajalarga koʻtarur” (11-oyat). Ushbu oyati karimada bandalarning oliy darajalarga erishishlari uchun iymon va ilm shart qilib qoʻyilmoqda. Inson zotining Alloh taolo huzurida darajasi koʻtarilishi omili sifatida oldin iymon, keyin ilm zikr qilinmoqda. Bundan inson zotiga iymon bilan birga ilm ham zarurligi ayon boʻladi. Qushning uchishi uchun ikki qanot lozim boʻlganidek, insonning darajasi koʻtarilishi uchun ham ikki qanot-iymon va ilm kerak.2 Sharq falsafasi va islom ta’limotida rahm-shafqat, muruvvat, odamiylik kabi fazilatlar doimo ulugʻlanib, madh etilib kelingan. Odamiylik—bu kishining boshqa odamlarga, urugʻ-aymogʻiga mehr-shafqat koʻrsatishi, yaxshilik qilishini, insonparvarlik munosabatlarida boʻlishini taqozo etadigan fazilatdir.