MAKTABGACHA TA\'LIM TASHKILOTLARIDA TARBIYA TURLARI VA ULARNING SHAXSIY KAMOLOTGA TA\'SIRI
Aqliy tarbiya va ta’limning nazariy asoslari. Bola har doim buyumlar hamda xodisalar orasida bo’ladi. Bola doimo biror narsa bilan tanishadi, nimanidir bilib oladi, ushlab ko’radi, hidlaydi, tortib ko’radi, nimagadir quloq soladi. Shu tariqa asta-sekin dunyoni bilib boradi. Tevarak- atrofdagi buyumlar, tabiat bolaning sezgi organlari-analizatorlariga ta’sir etadi va sezgi hosil qiladi.
Sezgi bolalarga buyumlarning ayrim xossalarini: sovuq-issiq, g’adir- budur, silliq-yaltiroq, xushbo’y va xk. ni bilim olishga yordam beradi. Sezgi atrofdagi muhitni bilishning dastlabki bosqichi sanaladi. Bola sezgi tufayligina tevarak-atrofdagi narsalar to’g’risida bilim, tajriba to’plab boradi. Idrok esa ancha murakkab jarayon bo’lib, sezgilar asosida hosilbo’ladi. Bola olmani qo’lida ushlab ko’rib, qarab chiqib va yeb ko’rib, uni yaxlit bir buyum, ayni bir vaqtda dumaloq, qizargan, xushbo’y, mazali va xk. tarzda idrok qiladi. Bola olmani yaxlit bir buyum tarzida tasavvur qilishi uchun birdaniga bir nechta analizator: ko’rish, sezish va xid bilish analizatorlaridan foydalanadi. Analizatorlar bir vaqtning o’zida birdaniga ishlashi buyumning xossasi va belgilarini anikroq hamda to’laroq bilish imkonini beradi. Shuning uchun katta yoshdagi kishilar bolani ilk yoshlik chog’idan boshlaboq aqliy jihatdan to’g’ri tarbiyalash maqsadida buyumlarni ko’prok analizatorlar yordamida idrok qilishga imkon tug’dirishlari, analizatorlarning rivojlanishiga, ya’ni bolaning sensor madaniyatiga alohida e’tibor berishlari kerak.
Bolada nutq paydo bo’lishidan ancha oldin (bola bir yoshga to’la boshlaganda birinchi bor gapira boshlaydi) u tevarak-atrofdagi odamlar va buyumlar dunyosini katta yoshdagi kishilar yordamida bilib oladi. Bola 3 yoshga to’lganda uning so’z zaxirasi 1200-1500 taga yetadi. Bola katta yoshdagi kishilar unga nima haqida gapirayotganlarini yaxshi tushunadi. Bu katta yoshdagi kishilar nutqidan har tomonlama tarbiyalashning kuchli vositasi tarzida foydalanish imkoniyatini beradi. Bolalarning aqliy jihatdan o’sishida katta axamiyatga ega. Bola tug’ilganda hech narsani bilmaydi va hech narsa qilolmaydi. U rivojlanishning birmuncha yuqoriroq darajasiga ko’tarilib biror bir foydali ish uchun ko’pgina bilim va malakalarini eslab qolishi kerak. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning xotirasi ko’pincha beixtiyor tarzda bo’ladi. Shuningdek, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning aqliy rivojlanishida xayol muhim rol o’ynaydi. Xayol bolaning hayoti jarayonida, uning faoliyatida ta’lim va tarbiya ta’sirida tarkib topadi. Bolaning xayoli u syujetli o’yinlar o’ynay boshlaganida, kattalar qiziqarli ertaklar aytib berganida, o’sha ertaklarga qiziqish orqali dastlabki alomatlari paydo bo’ladi. Ammo boladagi xayol ko’prok aniq vaziyatga bog’liq bo’ladi (masalan, qo’g’irchoq ko’rinib qolsa, uni uxlatadi, mashina bo’lsa, biror narsani tashiydi va xk.). Katta bog’cha yoshiga kelganda, bolaning tajribasi ortib, faoliyati murakkablashadi va buning natijasida bola xayolida sezilarli o’zgarish yuz beradi. Maktabgacha tarbiya pedagogikasi yosh avlodni aqliy tarbiyalash vazifalarini jamiyatimizning ijtimoiy talablariga va insonning aqliy rivojlanish moxiyati va tabiatiga asoslanib ishlab chiqadi.