2.2. Pedagogning kasbiy mahoratini oshirish yo’llari Pedagogik qobiliyatlar o‘z funksiyasiga ko‘ra umumiy va maxsus turlarga bo‘linadi. Umumiy qobiliyatlar mavjud bo‘lganda o‘qituvchi o‘z pedagogik kasbiy faoliyatini mukammal egallab, mohirona olib borish bilan birga, boshqa turli xil faoliyatlar bilan ham muvaffaqiyatli shug‘ullanadi. Umumiy qobiliyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya jarayonida har qanday qiyinchilik va ziddiyatlarni qiynalmasdan bartaraf etadilar.
O‘qituvchining pedagogik qobiliyatini tahlil qilgan N.V. Kuzmina shunday yozadi: “Ta’lim – tarbiyada ro‘y beradigan ko‘pgina kamchiliklar o‘qituvchi o‘z pedagogik qobiliyatining amaliy yo‘nalishlarini yaxshi bilmasligi, iste’dodning o‘qituvchida yo‘qligi natijasida ro‘y beradi”.
Maxsus qobiliyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar faqat o‘zlari egallagan kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha muayyan faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanadilar. Biror faoliyatning muvaffaqiyatli, mustaqil va mukammal bajarilishini ta’minlaydigan noyob qobiliyatlar birikmasi talant deyiladi.
Barcha mutaxassisliklarda bo‘lgani kabi o‘qituvchilik kasbida ham pedagogik qobiliyat – uning shaxsiy iste’dod xususiyatlarini belgilab, kasbiy faoliyat turini muvaffaqiyatli amalga oshirishda subyektiv shart - sharoitlar yaratadi. Har qanday qobiliyat – shaxsga tegishli bo‘lgan murakkab tushunchadir, u faoliyatning talablariga mos xususiyatlar tizimini o‘z ichiga qamrab oladi.
Har qanday faoliyat ham murakkab bo‘lib, u kishiga turli-tuman talablar qo‘yadi. Agar shaxs xususiyatlari tizimi shu talablarga javob bera olsa, kishi faoliyatni muvaffaqiyat bilan amalga oshirishda o‘z qobiliyatini ko‘rsata oladi, agar xususiyatlaridan qaysi biri rivojlanmagan bo‘lsa, shaxs mehnatining muayyan turiga nisbatan kam qobiliyatli, deb xarakterlanadi. Mana shuning uchun ham qobiliyat deganda birorta xususiyatning o‘zini emas, balki inson shaxsining faoliyat talablariga javob bera oladigan va shu faoliyatda yuqori ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlay oladigan xususiyatlar ansambli yoki sintezini tushunish lozim.
O‘qituvchi qobiliyatini o‘rganishda xususiyatlar «ansambli» iborasini biz shuning uchun ham ishlatamizki, bunda xususiyatlarning oddiygina birgalikda mavjud bo‘lishini emas, balki ularning uzviy bog‘langan bo‘lishini, muayyan tizimda o‘zaro ta’sir qilishini ko‘zda tutayapmiz. Bu tizimda xususiyatlardan biri oldingi o‘ringa chiqib, yetakchi xususiyatga ega bo‘lsa, ayni vaqtda boshqalar uchun yordamchi xususiyatlar rolini o‘ynaydi.
Kishining qobiliyati juda katta ijtimoiy va shaxsiy ahamiyatga ega. Qobiliyat yuqori mehnat unumdorligini ta’minlashga, binobarin, ijtimoy boylikning son va sifat jihatidan tez o‘sishiga, jamiyat taraqqiyotiga yordam beradi. Shuning uchun ham bo‘lajak o‘qituvchilarning zakovati, qobiliyatini ochish hamda ulardan o‘z o‘rnida foydalanishini o‘rganib olishi zarur ekanligi haqidagi masala qat’iy talab qilinadi. O‘qituvchining pedagogik mahoratni takomillashtirishida qobiliyat bilim olish va malaka hosil qilishni ta’minlaydi. Qobiliyatli kishining yuqori unumli mehnati uni moddiy hayot darajasi bilan ta’minlaydi.
Ta’kidlash joizki, qobiliyatli o‘qituvchiga pedagogik faoliyat va mehnat engilroq bo‘ladi va u kamroq charchaydi, chunki sevimli mehnati unga huzur-halovat bag‘ishlaydi. Qobiliyat bilim, ko‘nikma va malakalar mahsuli, shu bilan birga, faoliyat usullarini egallash tezligi, teranligi va mustahkamligida namoyon bo‘ladi.
O‘qituvchining o‘quvchilar bilan muloqoti yuksak darajada muvaffaqiyatli bo‘lishi uning pedagogik qobiliyatga qanchalik ega ekanligiga bog‘liq. O‘qituvchilarning faoliyati yosh avlodni ma’naviy barkamol shaxs darajasida tarbiyalashda va kasbiy bilimlarni chuqur egallagan kadrlarni tayyorlashda namoyon bo‘ladi. Buning muvaffaqiyati o‘qituv- chilarning pedagogik qobiliyatiga bog‘liq. Qobiliyat kasbiy faoliyat jarayonida sayqallanib boradi. Buning uchun o‘qituvchida layoqat, zehn va qiziqish bo‘lishi kerak.
O‘qituvchi pedagogik mahoratning asosiy xususiyatlaridan biri uning rivojlanishida uzluksizlikning mavjudligidir. Demak, refleksiv jarayonda o‘qituvchining kasbiy mahorati, kasbiy sifatlari mavjudmi yoki yo‘qmi deb qayd etish kerak emas, balki ularning rivojlanishini, boyib borishini, kuchayishini rag‘batlantirish inobatga olinishi lozim. Ta’lim jarayoni aynan shunga xizmat qilishi kerak, qachonki bilimlar, ko‘nikma va malakalar ongli ravishda o‘z–o‘zini takomillashtirishga ichki undov bilan qabul qilinsagina u ishlanadi.
O‘qituvchining «o‘z–o‘zini kasbiy jihatdan har tomonlama mukammal takomillashtirishi», hamisha amalga oshadigan faoliyat emas. Shunga qaramay, o‘qituvchining o‘zi haqidagi deyarli har qanday fikr-mulohazasi, kasbiy refleksiyaning deyarli har bir jarayoni, kasbiy faoliyatni qiziqarli qilish uchun muhim ahamiyatga ega: chin ko‘ngildan va mehr bilan bajariladigan og‘ir mehnat ham kasbiy faoliyatni osonlashtiradi, bu esa refleksiyaning asosiy mazmun va mohiyati asoslaridan biridir.
Pedagog olimlar G.A.Golitsin va G.P.Shedrovitskiyning ishlarida refleksiyaga o‘qituvchi pedagogik faoliyati rivojlanishining asosiy omili va tabiiy mexanizmi sifatida katta ahamiyat berilgan. G.P.Shedrovitskiy refleksiyani insonning «ijobiy faoliyatlari majmuasi» nuqtai nazaridan o‘rganishni taklif qiladi. U qandaydir pedagogik faoliyatni amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, bu g‘oya asosida ushbu faoliyat doirasidan tashqariga «refleksiv chiqish» tizimi quriladi, deb hisoblaydi. Bunda inson amalga oshirilmagan faoliyatdan, yangi faoliyat pozitsiyasiga o‘tadi va «fikran ma’nolar qurish» vositalariga ega bo‘ladi, ulardan kelib chiqib, birlamchi faoliyatni tushunadi va tavsiflaydi, bunda ikkinchi yangi faoliyatda birinchisidan muhim «material» sifatida foydalanadi.
Olimlarning bu kabi xulosalari kasbiy refleksiya o‘qituvchining o‘z– o‘zini rivojlantirishda (bu uning o‘z ijodiy mehnati natijasidan qoniqmasligi aslo mumkin emasligi bilan belgilanadi) shijoati, kasbiy faoliyatiga oid yangiliklarni muntazam izlanishida, ijodkorligida namoyon bo‘lishi bilan asoslanadi, demak refleksiya o‘qituvchining o‘z–o‘zini kasbiy takomillashtirishiga ham asos bo‘ladi, deb aytish mumkin.
Kasbiy pedagogik faoliyatda refleksiv jarayonlarni o‘rganib ta’kidlash mumkinki, refleksiya nafaqat pedagogik faoliyatni rejalashtirish bilan bog‘liq hodisa, balki refleksiya mohiyatini kasbiy faoliyatni optimallashtirish maqsadida ham qo‘llanadi. Ba’zi olimlarning fikricha, refleksiya – asrlar davomida o‘qituvchining kasbiy faoliyatida to‘planib kelingan tajribalarida, uning xulq–atvori, muloqot madaniyati, tafakkurida yig‘ilgan eski andozalarni, kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyatini beradi (G.F.Pojmelkina, E.Yu.Koloshina, E.V.Frolova).
O‘qituvchining kasbiy refleksiyasiga pedagogik fikrlashning zarur tarkibiy qismi sifatida qarash mumkin, u o‘qituvchiga o‘z kasbiy faoliyatiga tahliliy yondashishni, o‘zining pedagogik faoliyatdagi o‘rnini aniqlash va rejalashtirilayotgan ishlarda ijobiy natijalarga erishish uchun pedagogik faoliyatni maqsadli o‘zgartirishning optimal yo‘llari va konstruktiv vositalarini topish imkoniyatini beradi. Refleksiyaning kasbiy qiyinchiliklarni engishdagi rolini o‘rgangan V.A.Metayevaning ishlari hozirgi kunning eng dolzarb tadqiqotlaridan biri sanaladi. Olima refleksiyaning rivojlanganlik darajasi «o‘qituvchining kasbiy faoliyatidagi qiyinchiliklarni samarali hal qilishning asosi bo‘lmish» pedagogik mahorat natijasida muvaffaqiyatlarga erishishiga bog‘liq, degan xulosaga keladi. Biroq, bizning fikrimizcha, o‘qituvchi pedagogik faoliyatida muvaffaqiyatlarga erishishi unda refleksiyaning mukammal rivojlanganlik darajasini belgilamaydi, aksincha ta’lim-tarbiyada o‘qituvchining muvaffaqiyatga erishishi, o‘z faoliyati natijalaridan qoniqishi, o‘qituvchining shakllangan kasbiy pedagogik refleksiyasiga bog‘liq.
Pedagogik refleksiya o‘qituvchiga o‘z–o‘zini kasbiy jihatdan takomillashtirish manbalarini o‘z bilimi va imkoniyatlaridan izlab topishda ko‘maklashadi hamda uning rivojlanishini ta’minlaydi. O‘qituvchi o‘z faoliyatini muntazam tahlil qilmasligi aslo mumkin emasligi isbotlangan, bu o‘qituvchidan kasbiy faoliyati davomida atrofidagi insonlar (o‘quvchi, ota-ona, hamkasblari) bilan muntazam kommunikativ munosabatni tashkil etish pozitsiyasida tura olishini talab qiladi, o‘qituvchida bu faoliyat subyekti sifatida o‘ziga refleksiv munosabatni shakllantiradi, bu esa ijtimoiy munosabatlar interiorizatsiyasi (tashqi omillarning ichki omillarga o‘tishi) natijalarini o‘zida aks ettiradi. Demak, refleksiya, garchi ong funksiyasi sanalsada, kishilarning o‘zaro munosabatlari yig‘indisi ta’sirida shakllanadi va inson psixikasiga sezdirmasdan o‘tadi, u o‘z navbatida, inson faoliyatini ongli ravishda o‘zgartirish mazmunini belgilaydi. Ma’lumki, har qanday kasbiy faoliyat obyektni o‘zgartirish jarayoni bo‘lib, ayni paytda, subyektning o‘zini ham o‘zgartirish jarayonidir, faoliyatning sifat va samaradorligini oshirish esa shaxsning faoliyat subyekti sifatida takomillashuviga olib keladi yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin.
O‘qituvchi pedagogik faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘p yillik tajribalar asosida qilingan nazariy xulosalar pedagogik mahoratning rivojlanish jarayonini beshta elementdan iborat tizim asosida o‘rganish imkoniyatini beradi. Bu o‘qituvchining kasbiy refleksiyasi rivojlangani sari kechadigan va uning asosida uzluksiz pedagogik kasbiy mahoratini va o‘z – o‘zini takomillashtirish imkoniyatini ta’minlaydigan jarayonlarni chuqurroq tushunishni ta’minlaydi.
Har qanday o‘qituvchi o‘z–o‘zini tarbiyalash va o‘z–o‘zini rivojlantirishga hatto juda kuchli intilishi bo‘lsa ham, o‘zining shaxsiy rivojlanish dasturini maxsus malakalarsiz belgilay olmaydi, bu pedagogik faoliyatdagi muvaffaqiyatga erishish, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashga tayyorgarligi, uning o‘z–o‘zini tahlil qila olishi, o‘z–o‘zini tashhislash qobiliyatining qanchalik shakllanganligi bilan bog‘liq.
XULOSA Hozirgi zamon o‘qituvchisi o‘z mutaxassisligiga oid bilimlar bilan birga, pedagogik va psixologik bilimlarni hamda turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarni egallagan, ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxsdir. Ushbu nuqtai nazardan hozirgi kunda quyidagi burch va mas’uliyatlar o‘qituvchilardan talab qilinadi:
1. O‘qituvchi, eng avvalo, mas’uliyatni his etuvchi tarbiyachi, tajribali notiq, madaniyat va ma’rifat targ‘ibotchisidir.
2. O‘qituvchi tabiatan o‘quvchilarni seva olishi, o‘z mehrini, his-tuyg‘ularini har lahzada o‘quvchilar ichki dunyosi bilan bog‘lay olishi, ularning ham mehriga, hurmatiga sazovor bo‘lishi kerak.
3. O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi va ularga xolisona baho berib, bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma’lumotlarni doimiy bera olishi lozim.
4. Zamonaviy o‘qituvchining ilm-fan, texnika va axborot-kommunikatsion texnologiyalari yangiliklaridan va yutuqlaridan xabardor bo‘lib borishi talab etiladi.
5. O‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur va puxta bilimga ega bo‘lishi, barcha fanlar integratsiyasini o‘zlashtirib borishi, bunda o‘z ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishi.
6. O‘qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilishi, o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim-tarbiya faoliyatini tashkil etishi kerak.
7. O‘qituvchi kasbiy pedagogik faoliyatida ta’lim va tarbiyaning eng samarali zamonaviy shakl, metod va vositalaridan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.
8. O‘qituvchi ijodkor, ta’lim-tarbiyaviy faoliyat tashabbuskori va yosh avlod kelajagi uchun javobgar shaxsdir. 9. O‘qituvchi kasbiy faoliyati jarayonida yuksak darajadagi pedagogik mahorat, kommunikativ layoqati, pedagogik texnika (nutq, yuz, qo‘l-oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, takt) qoidalarini chuqur o‘zlashtirib borishi shart.
10. O‘qituvchi nutq madaniyatiga ega bo‘lishi zarur, uning nutqi quyidagi xususiyatlarni o‘zida aks ettirishi kerak: turli sheva so‘zlardan holi bo‘lib, faqat adabiy tilda ifoda etilishi; o‘qituvchining nutqi sodda, ravon va tushunarli bo‘lishi; hikmatli so‘zlar, ibora va maqollar, matallar hamda ko‘chirma gaplardan o‘rinli foydalana olishi lozim. Jargon (muayyan kasb yoki soha mutaxassisliklariga xos so‘zlar), varvarizm (muayyan millat tilida bayon etilayotgan nutqda o‘zga millatlarga xos so‘zlarni noo‘rin qo‘llanilishi), vulgarizm (haqorat qilish, so‘kishda qo‘llaniladigan so‘zlar) hamda konselyarizm (o‘rni bo‘lmagan vaziyatlarda rasmiy so‘zlardan foydalanish) kabi norasmiy so‘zlardan holi bo‘lishi.
11. O‘qituvchining kiyinish madaniyati o‘ziga xos bo‘lishi, ya’ni sodda, ozoda, bejirim kiyinishi, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining diqqatini tez jalb etuvchi turli xil bezaklar (oltin, kumush taqinchoqlar)dan foydalanmasligi, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto, soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishi talab etiladi.
12. O‘qituvchi ta’lim muassasasida sinf jamoasining asosiy tashkilotchisi va ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning eng faol ishtirokchisidir.
13. O‘qituvchi pedagogik muloqot jarayonining faol ishtirokchisi ekanligini unutmasligi shart. Shuning uchun kasbiy faoliyatida pedagogik mahoratning bir qator sifatlarini uzluksiz tarkib toptirib borishi zarur.
14. O‘qituvchi, eng avvalo, mulohazali, bosiq, har qanday pedagogik vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan hamda mustaqil ravishda mavjud ziddiyatlarni bartaraf etishning uddasidan chiqa olishi kerak.
O‘qituvchilar unutmasliklari kerakki, o‘quvchi, ota-onalar hamda hamkasblari bilan muloqot jarayonida fikrini aniq va lo‘nda bayon etilishiga ahamiyat qaratishlari maqsadga muvofiqdir.