2.1. Maktab amaliyotida o’qituvchi mahoratini oshirishga qo’yiladigan talablar XXI asrga kelib o‘qituvchining vazifasi yanada takomillashib bormoqda. Endilikda global o‘zgarishlar, fan-texnika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kun sayin rivojlanib borishi o‘qituvchidan yuksak mahoratni, o‘tkir irodani, psixologik quvvatni, chuqur bilim va mulohazali bo‘lishni talab qiladi.
Hozirgi zamon o‘qituvchisi o‘z mutaxassisligiga oid bilimlar bilan birga, pedagogik va psixologik bilimlarni hamda turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarni egallagan, ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxsdir. Ushbu nuqtai nazardan hozirgi kunda quyidagi burch va mas’uliyatlar o‘qituvchilardan talab qilinadi:
1. O‘qituvchi, eng avvalo, mas’uliyatni his etuvchi tarbiyachi, tajribali notiq, madaniyat va ma’rifat targ‘ibotchisidir.
2. O‘qituvchi tabiatan o‘quvchilarni seva olishi, o‘z mehrini, his-tuyg‘ularini har lahzada o‘quvchilar ichki dunyosi bilan bog‘lay olishi, ularning ham mehriga, hurmatiga sazovor bo‘lishi kerak.
3. O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi va ularga xolisona baho berib, bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma’lumotlarni doimiy bera olishi lozim.
4. Zamonaviy o‘qituvchining ilm-fan, texnika va axborot-kommunikatsion texnologiyalari yangiliklaridan va yutuqlaridan xabardor bo‘lib borishi talab etiladi.
5. O‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur va puxta bilimga ega bo‘lishi, barcha fanlar integratsiyasini o‘zlashtirib borishi, bunda o‘z ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishi.
6. O‘qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilishi, o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim-tarbiya faoliyatini tashkil etishi kerak.
7. O‘qituvchi kasbiy pedagogik faoliyatida ta’lim va tarbiyaning eng samarali zamonaviy shakl, metod va vositalaridan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.
8. O‘qituvchi ijodkor, ta’lim-tarbiyaviy faoliyat tashabbuskori va yosh avlod kelajagi uchun javobgar shaxsdir.
9. O‘qituvchi kasbiy faoliyati jarayonida yuksak darajadagi pedagogik mahorat, kommunikativ layoqati, pedagogik texnika (nutq, yuz, qo‘l-oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, takt) qoidalarini chuqur o‘zlashtirib borishi shart.
10. O‘qituvchi nutq madaniyatiga ega bo‘lishi zarur, uning nutqi quyidagi xususiyatlarni o‘zida aks ettirishi kerak: turli sheva so‘zlardan holi bo‘lib, faqat adabiy tilda ifoda etilishi; o‘qituvchining nutqi sodda, ravon va tushunarli bo‘lishi; hikmatli so‘zlar, ibora va maqollar, matallar hamda ko‘chirma gaplardan o‘rinli foydalana olishi lozim. Jargon (muayyan kasb yoki soha mutaxassisliklariga xos so‘zlar), varvarizm (muayyan millat tilida bayon etilayotgan nutqda o‘zga millatlarga xos so‘zlarni noo‘rin qo‘llanilishi), vulgarizm (haqorat qilish, so‘kishda qo‘llaniladigan so‘zlar) hamda konselyarizm (o‘rni bo‘lmagan vaziyatlarda rasmiy so‘zlardan foydalanish) kabi norasmiy so‘zlardan holi bo‘lishi.
11. O‘qituvchining kiyinish madaniyati o‘ziga xos bo‘lishi, ya’ni sodda, ozoda, bejirim kiyinishi, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining diqqatini tez jalb etuvchi turli xil bezaklar (oltin, kumush taqinchoqlar)dan foydalanmasligi, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto, soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishi talab etiladi.
12. O‘qituvchi ta’lim muassasasida sinf jamoasining asosiy tashkilotchisi va ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning eng faol ishtirokchisidir.
13. O‘qituvchi pedagogik muloqot jarayonining faol ishtirokchisi ekanligini unutmasligi shart. Shuning uchun kasbiy faoliyatida pedagogik mahoratning bir qator sifatlarini uzluksiz tarkib toptirib borishi zarur.
14. O‘qituvchi, eng avvalo, mulohazali, bosiq, har qanday pedagogik vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan hamda mustaqil ravishda mavjud ziddiyatlarni bartaraf etishning uddasidan chiqa olishi kerak.
O‘qituvchilar unutmasliklari kerakki, o‘quvchi, ota-onalar hamda hamkasblari bilan muloqot jarayonida fikrini aniq va lo‘nda bayon etilishiga ahamiyat qaratishlari maqsadga muvofiqdir. Ular bilan munosabat jarayonida so‘zni salbiy holatlar haqidagi dalillarni keltirishdan boshlamasligi, aksincha, o‘quvchilarning (yoki hamkasbi, ota-onalar) muvaffaqiyatlarini e’tirof etishlari, ularni yanada boyitishga ishonch bildirishi bilan muloqotni tashkil qilishi lozim. Muloqot jarayonida o‘qituvchining so‘zlaridan suhbatdoshiga nisbatan xayrixohlik, samimiylik, do‘stona munosabat, yaxshi kayfiyat sezilib tursin.
O‘qituvchining mazkur talablarga muvofiq keluvchi qiyofasi uning o‘quvchilar, hamkasblari hamda ota-onalar o‘rtasida obro‘-e’tibor qozonishini ta’minlaydi. Hozirgi sharoitda jamiyatning o‘qituvchilik kasbiga nisbatan qo‘yayotgan talablari kun sayin ortib bormoqda va bu talablarni amalda to‘g‘ri tashkil qilish vazifasi o‘qituvchiga bog‘liq. Zamonaviy maktab o‘qituvchisi qator vazifalarni bajaradi. O‘qituvchi avvalo sinfdagi tarbiyaviy jarayonning tashkilotchisidir. O‘qituvchi tarbiyachi sifatida quyidagi talablarni bilishi lozim:
- shaxsni ma’naviy va ma’rifiy jihatdan tarbiyalashda milliy uyg‘onish mafkurasining hamda umuminsoniy boyliklarning mohiyatini bilishi, bolalarni mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashi, o‘z Vataniga, tabiatga va oilasiga bo‘lgan muhabbati;
- kasbiy bilimlarni puxta bilish bilan birga, turli bilimlardan xabardor bo‘lishi;
- yosh pedagogik psixologiya, pedagogika va psixologiya, yoshlar fiziologiyasi, tarbiyaviy ish metodikasi, maktab gigiyenasidan o‘z kasbiga oid bilimlarni mukammal bilishi;
- o‘z kasbi bo‘yicha jahon fanida erishilayotgan so‘nggi yutuqlar, tarbiya texnologiyasi, kompyuter va axborot texnologiyalari, yangiliklaridan doimiy xabardor bo‘lib borishi;
- ta’lim-tarbiya metodikasidan ko‘nikma va malakalarini oshirib borishi;
- o‘z kasbiga ijodiy yondashishi;
- pedagogik texnika (mantiq, nutq ta’limining ifodali vositalari) va pedagogik taktga ega bo‘lishi;
- o‘z bilimi va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirib borishi.
Muvaffaqiyatli ishlash uchun har bir o‘qituvchi pedagogik mahoratga ega bo‘lishi zarur. Pedagogik mahoratning asosiy qonuniyati oz mehnat sarf qilib, ulkan natijalarga erishish. Ijodkorlik uning hamisha hamrohi bo‘ladi. Pedagogik faoliyatga qiziqqan, qobiliyatli, iste’dodli kishidagina pedagogik mahorat hislatlari shakllanib boradi. Pedagogik faoliyat o‘z mohiyatiga ko‘ra ijodiy xapakterga ega. O‘qituvchi o‘quvchi shaxsini shakllantiradi, kutilmagan vaziyatlarda mustaqil qarorlar qabul qiladi, pedagogik muammolarni echadi, o‘quv jarayonini mustaqil boshqaradi. Bularning hammasi ijodkorlikning tub mohiyati, ishning maqsadi va xarakteri bilan bog‘liq.
O‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy faoliyatda, ma’lum maqsadga erishmoq uchun o‘qituvchilar bolalarni hamkorlik jarayoniga tortishi zarur. O‘qituvchi o‘quvchilarni o‘zi bilan hamkorlik qilishga jalb eta olishda quyidagi vazifalarni bajaradi:
- hamkorlik vujudga kelishi uchun jamoada tashkil etilishi lozim bo‘lgan faoliyat o‘quvchilar uchun qiziqarli bo‘lishi, o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga va qiziqishlariga to‘g‘ri kelishi lozim;
- o‘quvchilarni biror ishga jalb qilar ekan, o‘qituvchi ularga pedagogik va psixologik jihatdan to‘g‘ri vazifa qo‘yishi, yo‘l yo‘riq ko‘rsatishi shart;
- o‘quvchilar topshiriqni amalga oshirishga kirishganlarida o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida ham ishtirokchi, ham maslahatchi vazifasini bajaradi.
Ijodiy faoliyat olib boruvchi o‘qituvchi faqatgina bolalarni muvaffaqiyatli o‘qitish va tarbiyalash, ilg‘or o‘qituvchilar ish tajribalarini o‘rganish bilangina cheklanib qolmasdan, tadqiqotchilik ko‘nikma va malakalariga ham ega bo‘lishi zarur. Hozirgi zamon o‘qituvchisi fan va texnika taraqqiyotining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanishi, o‘z kasbiy faoliyatida yangi pedagogik texnologiyalarni unumli qo‘llay olishi taqozo etiladi.