Natijalarni tahlil qilish, xulosa chiqarish, tavsiyalar tayyorlash bosqichi: O‘tkazilgan monitoring bo‘yicha to‘plangan natijalar monitoringdan ko‘zda tutilgan maqsadlarga muvofiq ravishda hamda o‘rganilgan masalaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan xolda foizlarda, miqdoriy ko‘rsatkichlarda yoki bajarilganlik darajasini ko‘rsatuvchi so‘zlar vositasida ifodalanadi. Bu natijalarni tahlil qilishda asosiy mezonlar tegishli me’yoriy hujjatlar bilan o‘rnatilgan talablar (masalan, DTS talablari)ga asoslaniladi.
Bunda olingan natijalarni shu o‘rnatilgan talablar asosidagi mezonlarga qiyoslash, umumlashtirish, o‘rtacha va yakuniy ko‘rsatkichlarni aniqlash orqali tahlil qilinadi. Buning uchun turli usullardagi hisoblashlar, matematik statistika hamda mantiqiy usullar (analiz, sintez, deduksiya, induksiya) va boshqalardan foydalaniladi.
Amalga oshirilgan tahlillar asosida olingan yakuniy natijalar monitoring mavzusi bo‘yicha masalalarning o‘sha vaqtdagi xolatini aks ettiradi. Ular asosida shu masalalarning bajarilganligi darajasi to‘g‘risida tegishli xulosalar chiqariladi.
Shu xulosalar asosida ma’lum bo‘lgan sifat va samaradorlik darajasini hisobga olgan xolda ularni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar beriladi. Zarur xollarda, masalaning ko‘lamiga muvofiq ravishda, bunday tavsiyalar asosida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar (chora-tadbirlar)ning aniq rejalari, ijrochilar va muddatlari ko‘rsatilgan xolda ishlab chiqiladi.
Monitoringni amalga oshirishda uning xolisligini ta’minlasheng jiddiy masalalardan hisoblanadi. Chunki har qanday monitoringdan kutiladigan asosiy natijalarning xolisonaligi kafolatlandagina ular ishni chinakamiga yaxshilashga xizmat qiladi.
Monitoring xolisligi monitoring jarayonining hamma bosqichlarida o‘rganilayotgan ko‘rsatkichlarning haqiqiy xolatga to‘liq muvofiqligini ta’minlashdan iborat.
Monitoring xolisligini ta’minlash uchun quyidagi asosiy shartlarning bajarilishini ta’minlash zarur: 1. Har bir monitoringga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rish (maqsadni, bajaruvchilarni, vaqtni, amalga oshirish usullarini, yakuniy hisobot va tavsiyalar shaklini aniq belgilash).
2. Tegishli me’yoriy hujjatlarni to‘liq o‘rganish.
3. Baholash mezonlarini aniq bilish va ularga so‘zsiz rioya qilish.
4. Tegishli me’yoriy hujjatlar talablariga qat’iy rioya qilish.
5. Natijalarni hisoblash, tahlil qilish, umumlashtirish, xulosalar chiqarish jarayonlariga tegishli talablarning to‘liq bajarilishini ta’minlash.
6. Monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarning xolisligini ta’minlash