4. Natija munosabati anglashiladi: Shuncha xo`jalik yangi uylarga ko`chib kirdi, Oyko`l butunlay o`zgarib ketdi. (P.Qodirov). 5. Izoh munosabati anglashiladi: ... bir narsa mening esimda turibdi: Oyko`l g`allani ko`p olgan yillari chorvasi ham hozirgidan besh barobar ko`p edi. (P.Qodirov). Bu gapdan Ismat bobo bir cho`chib tushdi: u Kattaevning eng yaqin kishilaridan edi. (P.Qodirov). 6. Shart munosabati anglashiladi: Ozroq kutib turgin, tez kelaman. (S.Ahmad).
Bog`lovchisiz qo`shma gaplarda tinish belgilarining ishlatilishi
Bog`lovchisiz qo`shma gaplarda tinish belgilari quyidagicha ishlatiladi:
1. Bog`lovchisiz qo`shma gap qismlaridan bir paytda yoki ketma-ket ro`y beradigan voqea-hodisalar anglashilsa, ular bir-biridan vergul bilan ajratiladi. Masalan: Siz marg`ilonlik og`aynilarni qipchoqlarga qarshi oyoqlantirmoqchi bo`lasiz, buni ham yaxshi bilamiz... (A.Qodiriy). 2. Bog`lovchisiz qo`shma gap qismlari mazmun jihatdan mustaqilroq bo`lsa yoki ular turkibida vergul ishlatilgan bo`lsa, qo`shma gap tarkibidagi qismlar bir-biridan nuqtali vergul bilan ajratilib yoziladi. Masalan: Ishing bo`lmasa kitob o`qi, husnixat ol; sen kulolning qizi emassan... (A.Qodiriy). Yosh chog`ida ... qattiqchilikda o`sdi; uning ba’zi yarashmagan harakatlari balki o`sha qattiqchilikning ruhga singib qolgan yomon ta’siridir. (A.Qodiriy). 3. Bog`lovchisiz qo`shma gap tarkibidagi ikkinchi gap birinchi gapning biror bo`lagini izohlasa, uning mazmunini to`ldirsa, qismlar orasiga ikki nuqta qo`yiladi. Masalan: Arslonbob yong`oqlariga kelganda shuni aytmoqchiman: bular nihoyatda noyob, zotli yong`oqlar. (J.Abdullaxonov). Xolbek bir narsani endi sezmoqda edi: Avaz bilan Hulkar unga negadir kerak edi. (P.Qodirov). 4. Bog`lovchisiz qo`shma gap qismlari bir-biridan tire orqali ajratiladi. Quyidagi holatlarda qo`shma gap qismlari orasiga tire qo`yiladi:
1) qo`shma tarkibidagi gaplar mazmunan zid bo`lsa: Kiygan to`ning eskiydi – kiydirganing eskimas. (Maqol). 2) birinchi gap ikkinchi gap kesimidan anglashilgan ish-harakatning bajarilish natijasi yoki shartini bildirsa: Qaring bor – baring bor. (Maqol). 3) birinchi gap mazmuni ikkinchi gap mazmuniga o`xshatilsa: Qor yog`di – don yog`di. (Maqol). Vaqting ketdi – baxting ketdi. (Maqol). 4) qismlardan tez almashinuvchi voqea-hodisalar anglashilsa: - Hoy, oyimcha, sen yaxshi bo`lding – biz yomon bo`lib qoldikmi hali?... (P.Qodirov). Shu payt oy bulutlar orasidan suzib chiqdi – kamtigi bulutning chetiga urilib, sho`x bir silkinib qo`yganday ko`rindi. (P.Qodirov).
46-MA’RUZA ERGASHGAN (ERGASH GAPLI) QO`SHMA GAPNING TA’RIFI. BOSH VA ERGASH GAPLAR HAQIDA MA’LUMOT. ERGASHGAN (ERGASH GAPLI) QO`SHMA GAP QISMLARINI BOG`LOVCHI VOSITALAR. BOSH GAPDAGI MA’LUM BIR BO`LAKNI IZOHLAYDIGAN ERGASH GAPLAR. Reja: