Dunyo tillari. Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug`ullanuvchi muassasasi bo`lmish YUNESKOning ma’lumotiga ko`ra, yer yuzida 5600 ta til mavjud ekan.16 Bu tillarda gaplashuvchilar soni bir-biridan juda katta farq qiladi. Masalan, 200 tilning har birida 1 milliondan ortiq, 70 tilning har birida 5 milliondan dan ziyod, faqat 13 tilning har birida 50 milliondandan ortiq kishi gaplashadi. Qolgan tillarining har birida esa 1 milliondan kam kishi o`zaro muloqotga kirishadi. Shunday tillar borki, ular 100-200 kishidan iborat bo`lgan qabilaning tili hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik 13 ta til quyidagilardir: xitoy tili (1 mlrd. odam gaplashadi), ingliz (400 mln.), hind tili va unga yaqin urdu tili (300 mln.), ispan tili (280 mln.), rus tili (220 mln.), indoneziya tili (160 mln.), arab tili (160 mln.), portugal tili (140 mln.), yapon tili (120 mln.), nemis tili (100 mln.), fransuz tili (95 mln.). Bu tillarda dunyo aholisining uchdan ikki qismi muloqot qiladi. Bu tillardan 6 tasi, ya’ni ingliz, fransuz, rus, ispan, arab va xitoy tillari BMTning rasmiy ishchi tillari hisoblanadi.17 Yana shunisi borki, bitta til bir necha mamlakat aholisiga xizmat qiladi. Masalan, ingliz tili Angliya va AQSH aholisi uchun (Hindistonda ikkinchi til hisoblanadi), portugal tili Portugaliya va Braziliya aholisi uchun, ispan tili Ispaniya va Lotin Amerikasidagi 20ga yaqin mamlakat aholisi uchun, nemis tili Germaniya va Avstriya mamlakatlari aholisi uchun, fransuz tili Fransiya, Belgiya va Shveysariya mamlakatlari aholisi uchun muloqot vositasi bo`lib hisoblanadi. Ba’zi mamlakatlarda esa ikki tillilik joriy qilingan. Masalan, Kanada mamlakatida ingliz va fransuz tillari, Belgiya va Shveysariyada nemis va fransuz, Hindistonda hind va ingliz tillari rasman davlat tili sifatida qonunlashtirilgan.
Dunyo tillari tasnifi.Tasnif haqida taniqli tilshunos olim O.Azizov shunday yozadi: ”Tabiiy yoki ijtimoiy hodisalarning eng asosiy , eng muhim belgilarini nazarda tutgan holda dunyodagi narsalaning guruhlarga ajratilishi tasnif deyiladi.”18 O`z xalqidan boshqa xalq tilini va og`zaki ijodi namunalarini o`rganish inson tabiatiga xos bo`lgan xususiyat - bilishga qiziqish tufayli amalga oshirilgan. Bu jihatdan buyuk vatandoshimiz Mahmud Koshg`ariyning xizmatlari haqida to`xtalmasdan iloj yo`q. ”U (Mahmud Koshg`ariy) haqli ravishda turkologiya fanining asoschisidir”, - deb yozadi tilshunos olim Abduhamid Nurmonov.19 Mahmud Koshg`ariy uzoq vaqt davomida turkiy qabilalar yashaydigan ulkan hududni kezib chiqdi va bu qabilalarning tilini, og`zaki ijod namunalarini sinchiklab o`rgandi hamda o`zining ”Devonu lug`atit turk” asarini yaratdi. ”Devon” aslida turkiycha-arabcha lug`at hisoblanadi, ya’ni olim o`z asarida turkiycha so`zlarni arab tiliga tarjima qiladi hamda ularni izohlash uchun qo`shiq, maqol, matal va afsonalardan misollar keltiradi. Shu bilan birga, bu asarda turkiy tillar fonetikasi, leksikasi, grammatikasi qiyosiy jihatdan tahlil qilingan.
Bu sohada buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning ”Muhokamat ul-lug`atayn” asari ham qiyosiy tilshunoslik bo`yicha yaratilgan mukammal asar namunasi sifatida qayd qilinishi mumkin.
Har ikkala mutafakkirning yaratgan asarlari juda katta nazariy va amaliy ahamiyatga egadir.
Yevropada esa tillarni bir biriga qiyoslab o`rganish ko`proq amaliy tabiat kasb qilgan. Buni quyidagicha izohlash mumkin.
Tarixdan ma’lumki, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Angliya, Fransiya, Gollandiya kabi dengiz mamlakatlari XV-XVI asrlardan boshlab mustamlakachilik siyosatini boshlab yuborganlar va ko`pgina mamlakatlarni bosib olib, ularning moddiy va ma’naviy boyliklarini o`zlashtirishga kirishgan. Bu siyosatni o`tkazish uchun ularga mahalliy aholining tilini, madaniyatini, urf-odatlarini bilish zarur edi, natijada ularning tillarini o`z tillari bilan qiyoslab o`rganishga kirishganlar.
Bu sohada Gvilelm Postellus degan olimning 1538-yilda yaratilgan ”Tillarning qarindoshligi haqida” (”De affinitae linguarum”) asarini, Iosif-Yustus Skaligerning 1599-yilda yozilib, 1610-yilda Fransiyada nashr qilingan ”Yevropa tillari haqida mulohazalar” (”Diatriba de europeorum linguis”) nomli asarini, shuningdek, E.Gishar, Iov Ludolf, Gotfrid-Vilgelm Leybnis, Yuriy Krijanich, Filipp-Iogann Stralenberg, Frans Bopp, Rasmus Rask, Vilgelm Gumboldt, Avgust Shleyxer, F.F.Fortunatov, Ferdinand de-Sossyur, A.Meye kabi ko`plab tilshunoslarning ishlarini misol qilib keltirish mumkin.
Dunyo tillarini tasniflashning diqqatga sazovar bo`lgan ikkita turi mavjud. Quyida shularni ko`rib chiqamiz.