So`z birikmalarining tasnifi So`z birikmalari quyidagi xususiyatlari asosida tasnif qilinadi:
1. So`z birikmalari qismlarining grammatik tabiatiga ko`ra.
2. So`z birikmalarining tuzilishiga ko`ra.
So`z birikmalari qismlarining grammatik tabiatiga ko`ra tasnif qilinganda, hokim a’zoning qaysi so`z turkumidan ekanligi, tobe a’zoning sintaktik vazifasi asosga olinadi.
So`z birikmalari hokim qismning qaysi so`z turkumidan ekanligiga ko`ra quyidagi turlarga ajratiladi: 1) otli birikma; 2) fe’lli birikma; 3) sifatli birikma; 4) ravishli birikma; 5) modal so`zli birikma.
1. Otli birikma. Bunday birikmaning hokim so`zi vazifasida ot, otlashgan so`zlar keladi va u quyidagi ko`rinishlarga ega bo`ladi:
Hokim a’zo vazifasida ot keladi: g`ayratli odam, samimiy inson, ezgu niyatli kishi. Hokim a’zo sifatida olmosh keladi: bolaning o`zi, Karimaning o`zi. Hokim so`z sifatida otlashgan sifat keladi: kishilardan eng mardi,qizlarning sarasi. Hokim a’zo vazifasida otlashgan son keladi: talabalarning beshtasi, o`quvchilardan biri. Hokim a’zo vazifasida otlashgan olmosh keladi: tilaklarning barchasi, kutib oluvchilarning hammasi. Hokim a’zo vazifasida otlashgan sifatdosh keladi: onamlarning aytganlari, bolalarning o`qiyotgani va b.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan ravish keladi: jumhuriyatimizning buguni, ishlarning ko`pi. Hokim a’zo sifatida otlashgan undov so`z keladi: ularning dod-voyi, bolalarning qiy-chuvi. Hokim a’zo vazifasida otlashgan taqlid so`z keladi: otlarning dupur-dupuri, to`plarning gumbur-gumburi. Ko`rinadiki, otli so`z birikmasi qismlari bitishuv, muvofiqlashuv va boshqaruv yo`li bilan grammatik aloqaga kirishadi. Otli birikma so`z shakli bilan so`zning (leksemaning) yoki ikki so`z shakllarning bog`lanishidan hosil bo`ladi.